O‘zbekiston derivativlar bozorini rivojlantirish orqali xorijiy valyutaga bog‘liqlikni kamaytirishni rejalashtirmoqda. Bu masala 12 oktabr kuni Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isakov va Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki (YeTTB) g‘aznachiligi boshqaruv direktori Aksel van Nederven o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilingan.

Tomonlar, shuningdek moliya bozori samaradorligini oshirish va yangi kapital bozor instrumentlarini joriy etish, qarz mablag‘larini milliy valyutada jalb qilish hamda xorijiy valyutadagi qarzlarni milliy valyutaga o‘girish orqali xorijiy valyutadagi to‘lovlar yukini kamaytirish yuzasidan fikr almashdilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonda ilk sinov svop operatsiyasini amalga oshirish maqsadida Xalqaro svop va derivativlar assotsiasiyasi tomonidan ishlab chiqilgan ISDA bosh kelishuvini imzolashdi.

Derivativlar nima?

Spot birja bozoridan farqli o‘laroq, derivativlarning o‘ziga xos tomoni «fiktiv kapital» deb nomlanuvchi operatsiyalardir, ya’ni ishlab chiqarish sohasiga investitsiya kiritishda yoki bank sohasining qarz berishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etmaydigan faoliyat turi.

Derivativ — bazaviy aktivdan kelib chiqadigan moliyaviy vosita hisoblanadi.

Sodda til bilan aytganda, bu bazaviy aktivga nisbatan mas’uliyatlarni o‘zaro bajarishga majburlaydigan tomonlar o‘rtasidagi kelishuvdir. Bunday aktiv sifatida, tovar yoki qimmatbaho metall, valyuta yoki obligatsiyalar, aksiyalar, fond indekslari — umuman olganda qimmatga ega har qanday aktiv ishlatilishi mumkin.

Derivativlarning ko‘plab turlari mavjud, lekin ularning aksariyati risklarni boshqarish vositalari va spekulyativ instrumentlar bilan bog‘liq. Eng keng tarqalgan to‘rtta turi:

  • Fyucherslar;
  • Forvard shartnomalari;
  • Opsionlar;
  • Svoplar.

Iqtisodiyotda svop — bu savdo operatsiyasi bo‘lib, unda ikkita konversion bitim tuziladi. Masalan, bu aktivlarni (qimmatli qog‘ozlarni, valyutani) sotib olish va ma’lum vaqtdan keyin ularni xuddi shu yoki o‘zgartirilgan shartlarda sotish bo‘lishi mumkin. Yoki, aksincha, avval sotish, keyin qayta sotib olish. Sodda tilda aytganda, svop — bu aktivlarni kelishilgan muddatga almashtirishning o‘ziga xos turi.

Dastlab, svoplar faqat banklararo tuzilgan, bunda valyuta savdosining har ikkala ishtirokchisi ham almashishning adolatli bo‘lishini talab qilgan. Sotib olish-sotish usulidagi oddiy konvertatsiya ko‘pincha noqulaylik tug‘dirgan — hamma ham ayni vaqtda va joyda valyutaga muhtoj emasdi, bundan tashqari, ko‘pincha bunday operatsiyalar uchun naqd pul yetarli bo‘lmagan. Shunday qilib valyuta svop — ikki bosqichda amalga oshiriladigan yevro, dollar, rubl va boshqalarni almashtirish amaliyoti paydo bo‘ldi.

Svoplarning asosiy xususiyatlari quyidagilardan iborat:

  • bitimlar muddati bir necha yilgacha;
  • ularning barchasi sotib oluvchi va sotuvchi tomonlar uchun mavjud risklar bilan bog‘liq;
  • svoplar qayta moliyalashtirish yoki ma’lum muddat davomida keraksiz bo‘lgan aktivdan qutulish imkonini beradi;
  • bitim bir vaqtning o‘zida ko‘plab kontragentlar bilan tuzilishi mumkin.

Xalqaro svop standartlari Britaniya bankirlari uyushmasi (BBA) va ISDA tomonidan chiqariladi.