14 oktabr kuni bir qancha Telegram kanallarda Chevrolet Lacetti ortilgan avtokonteynerlar un ombori tomon harakatlanayotgani aks etgan videolar tarqaldi. Lavha muallifi avtomobillar nima sababdan omborga olib ketilayotgani haqida so‘ragan.

UzAuto Motors kompaniyasi mazkur holatni tasdiqlab, izoh berdi.

«Gap shundaki, kompaniya kuniga 250−300 dona Chevrolet Lacetti avtomobilini ishlab chiqaradi. Biz ushbu avtomobillarni yarimo‘tkazgich detalining yo‘qligi sababli o‘z egalariga topshirolmaymiz. Avtomobil tayyor, ammo birgina detalning yo‘qligi qaysidir tizimning ishlamasligiga sabab bo‘ladi. Masalan — xavfsizlik yostiqchalari», — deyiladi xabarda.

UzAuto Motors ushbu detalni olishi bilanoq uni avtomobillarga o‘rnatadi va xaridorga topshiradi, deya ishontirmoqda kompaniya.

«Bu tayyor, ammo sotib bo‘lmaydigan avtomobillar zavoddagi tayyor mahsulot uchun ajratilgan joyni to‘ldirib bo‘lishdi. Mana shu sabab bilan UzAuto Motors „O‘zdonmahsulot“ bilan avtomobillarni korxona hududida vaqtincha saqlash to‘g‘risida shartnoma tuzdi», — deya holatga izoh berilgan.

Avvalroq, joriy yilning boshidan 8 oy mobaynida UzAuto Motors 130,4 mingta avtomobil ishlab chiqargani, avgust oyida esa 5534 ta, jumladan 350 ta Cobalt, 177 ta Nexia, 2 ta Lacetti va bitta Spark ishlab chiqargani ma’lum bo‘lgandi.

Kompaniya buni avtomobil ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan yarimo‘tkazgichlarning tanqisligi bilan bog‘lamoqda. Bu global muammo bo‘lib, koronavirus pandemiyasi sabab butun dunyoda yetkazib berish kechikmoqda. Dunyo bo‘ylab barcha avtokonsernlarga deyarli bir yil davomida mikrochiplar yetishmayapti.