Vazirlar Mahkamasining 12 oktabrdagi qarori [637-son] bilan «Temir daftar» va «Ayollar daftari»ga kiritilgan oilalarning farzandlari hamda «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yangi turmush qurgan yoshlarning yakka tartibdagi xonadonida qo‘shimcha uy-joy qurish uchun garovsiz kredit ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, kreditlar yoshlarning alohida toifalariga garovsiz asosda beriladi.

Bunda «Saxovat va ko‘mak», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» jamg‘armalari kafilligi ham talab etiladi. Kafillik berilganligi uchun to‘lov (mukofot puli) undirilmaydi.

Kreditga da’vogarlar:

  • 18 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan;
  • yangi (ikkala tomon uchun birinchi marotaba) turmush qurgan;
  • ilgari arzon uy-joy qurish dasturlari doirasida imtiyozli ipoteka krediti olmagan bo‘lishi kerak.

Shunga ko‘ra, yoshlarning alohida toifalariga kreditlar:

  • bozor stavkasida mijoz xohishiga ko‘ra 6 oy imtiyozli davr bilan;
  • 20 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga;
  • boshlang‘ich badali yakka tartibdagi xonadonda qo‘shimcha qurilayotgan uy-joy qiymatining 15 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda;
  • bir qarz oluvchiga 33 million so‘mdan oshmaydigan miqdorda beriladi.

Tegishli hujjatlar to‘liq taqdim qilingandan so‘ng bank 3 ish kunida ariza beruvchiga kredit berish masalasini ko‘rib chiqadi. Ariza qanoatlantirilsa ular bilan kredit shartnomasi imzolanadi.