Prezidentlikka O‘zLiDeP partiyasidan nomzod va amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Buxoroda saylovchilar bilan uchrashuv vaqtida Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi bilan bog‘liq fojiani yodga oldi.

«Hozir ayta olaman, umrimda, kinoda ham men bunday voqeani ko‘rmaganman. Odamlar suvning ichida, bolalar daraxt ustida edi. Milliy gvardiyadan [harbiy xizmatchilar orasida] qurbonlar bo‘ldi, ammo odamlarning hayotini saqlab qoldik», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 1 may kuni Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilgan edi. Toshqin Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi aholi punktlari va ekinlarga katta zarar yetkazgan. Suv omborining o‘zi 2010−2017 yillarda 1,3 trln so‘m (MBning 2017 yil 1 yanvardagi valyuta kursiga ko‘ra — 404,4 mln dollar) budjet mablag‘lari evaziga qurilgan. Suv ombori ekspluatatsiya «O‘zbekiston temir yo‘llari» huzuridagi Savdoba suv ombori obyektlaridan foydalanish va rivojlantirish direksiyasi tomonidan amalga oshirilgan.

2017 yilning may oyida prezidentga loyiha taqdimoti vaqtida «O‘zbekiston temir yo‘llari»ning sobiq rahbari Ochilboy Ramatov (amalda bosh vazirning birinchi o‘rinbosari), qishloq va suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Shavkat Hamroyev (amalda suv xo‘jaligi vaziri) va «O‘zsuvenergo» raisi Abdug‘ani Sanginovlar (amalda «O‘zbekgidroenergo» raisi) ishtirok etgan.

O‘tgan yilning iyul oyida Bosh prokuraturasi texnogen ofatning kelib chiqishiga — loyiha hujjatlari, qurilish va foydalanishga topshirishda xatoliklar sabab bo‘lganini ma’lum qilgandi.

2021 yilning may oyida «Sardoba ishi» bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi. O‘shanda «O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj» UK bosh direktori o‘rinbosari 10 yil, yana 4 sudlanuvchi 5 yil, bir nafari 4 yilga qamaldi. 3 kishiga ozodlikni cheklash va jarima jazolari tayinlangan edi.

Fevral o‘rtalarida Sardoba suv ombori qayta tiklanishi xabar qilindi. To‘g‘onni tiklash ishlarini ikki bosqichda, xalqaro ekspertlar ishtirokida amalga oshirish rejalashtirilgani aytilgandi. Keyinroq, Sardoba suv ombori xavfsiz eksplutatsiya qilinishi maqsadida «O‘zbekiston temir yo‘llari»dan Suv xo‘jaligi vazirligi tizimiga o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi.