Juma kuni Toshkentda «O‘zbekistonda milliy preventiv mexanizmni xalqaro standartlar asosida rivojlantirish istiqbollari» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Ombudsman matbuot xizmati.

Tadbir davomida O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha vakili jurnalistlarning bir qator savollariga javob berar ekan, mahkumlardan ombudsmanga kelib tushayotgan murojaatlarga ham to‘xtalib o‘tgan.

Feruza Eshmatovaning ta’kidlashicha, «ombudsman o‘zining faoliyatini kelib tushayotgan murojaatlarga qarab baholaydi».

«Hozirgi kunda jazoni ijro etish muassasalarida men o‘zim qiynoq holatlarini deyarli uchratganim yo‘q. Ular bilan suhbatlashganimizda, shu paytgacha ularning hech qaysisidan, masalan, „meni bu qiynayapti“, „urdi“ yoki qanaqadir „ruhiy tazyiq, bosim, qiynoqlar o‘tkazayapti“ degan [murojaat] bo‘lmadi. Bugungi kunga qadar 120 ga yaqin monitoring tashrifi o‘tkazdik. Lekin bizga hali bunday murojaat kelib tushgani yo‘q», — dedi u.

Ombudsmanning so‘zlariga qaraganda, murojaatlarning asosiy qismini sud hukmidan noroziliklar tashkil etgan.

Inson huquqlari bo‘yicha vakilning matbuot kotibi Fotima Madrahimovaning «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, 2019 yilda — 46 ta, 2020 yilda — 71 ta, 2021 yilning 9 oyida — 120 ta monitoring tashriflari o‘tkazilgan.

«O‘tkazilgan monitoring tashriflari davomida mahkumlarni qamoqda saqlash sharoitlari, ya’ni yashash va ovqatlanish, mehnat qilish va tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati, mahkumlar uchun olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar hamda koronavirus pandemiyasi davrida sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotganligi, ta’lim-tarbiya berish va boshqa shu kabi holatlar o‘rganilgan», — dedi ombudsman matbuot kotibi.

Fevralning birinchi yarmida deputat Rasul Kusherbayev Ombudsmanning 2019 yilgi hisobotida 139 nafar mahbusdan qiynoqlar bilan bog‘liq shikoyat kelganini, lekin ular tasdiqlanmaganini qayd etgandi. Xalq vakili bunga «qamoqxonalardagi tibbiy xizmat IIVga bo‘ysunishi» sabab bo‘layotgani ta’kidlan edi. U qamoqxonalardagi tibbiy xizmatni Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufiga o‘tkazish bo‘yicha ombudsmanning o‘tgan yilgi taklifi ochiq qolganini eslatib o‘tgandi.