“Gazprom eksport” kompaniyasining shartnomalarni tuzish va narxlash bo‘limi boshlig‘i Sergey Komlevning qayd etishicha, Yevropada gazga narxlari yuqori bo‘lgani uchun unga bo‘lgan talab pasayishni boshlagan, deya xabar bermoqda RBK.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yetti oy mobaynida elektr energetikasida gazga bo‘lgan talabning o‘sishi to‘xtagan va oxirgi haftada, aksincha, ko‘mirga bo‘lgan talab oshib borgan. Yevropaning elektr energiyasini ishlab chiqaruvchilari gaz sarfini kamaytira boshlaganligi aytilgan.

7 oktabr kuni ertalab, Gollandiyaning TTF indeksi bo‘yicha, noyabr oyi uchun gaz fyucherslari narxi bir kun avval kuzatilgan narxdan keskin — 22 foizga pasayib, ming kubometr uchun 1000 dollardan kamroqni tashkil qildi. Financial Times (FT) nashri gaz narxlari pasayishini Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 6 oktabrdagi energetika masalalari yuzasidan qilgan chiqishi bilan bog‘lamoqda.

6 oktabr kuni, kunning birinchi yarmida birjada gaz narxi ming kubometr uchun 1900 dollardan oshib, savdodagi tarixiy rekordini yangilagan edi. Biroq, kun davomida fyucherslar qiymatining keskin pasayishi kuzatildi va natijada ertalabki o‘sish to‘liq ortga qaytdi.

TTF birjasida gaz fyucherslari narxlari dinamikasi (bir megavat uchun yevroda). Manba: finance.yahoo.com

Gazeta.ru`ning yozishicha, Putin 6 oktabr kuni energetikani rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilishda yil oxirigacha Rossiyaning Yevropaga energiya, shu jumladan, gaz yetkazib berish hajmi rekord darajaga yetishi mumkinligini ta’kidlagan edi.

Shuningdek, u “bozorda mavjud vaziyat yuzasidan keskin va puxta o‘ylanmagan hatti-harakatlar jiddiy nomutanosiblikka olib kelishi” mumkinligini qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevrokomissiya uzoq muddatli shartnomalarni qisqartirib, gaz oldi-sotdisida birja savdosiga o‘tib xato qilgan.

FT`ning qayd etishicha, gaz narxlarining keskin pasayishini Vladimir Putinning Rossiya Federatsiyasi Yevropadagi vaziyatni barqarorlashtirishga yordam berishi mumkinligi haqidagi mulohazalari bilan izohlash mumkin. Shuningdek, gaz treyderlari gaz narxining ko‘tarilishini, Rossiya Yevropaga gaz yetkazib berishni cheklab qo‘yganligi bilan izohlamoqda, shuning uchun mintaqadagi yer osti rezervuarlari isitish mavsumiga katta tanqislik bilan kirib bormoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, aprel oyining oxirida Yevropadagi gaz rezervuarlari atigi 30 foizga, yoz oxirida esa — 68 foizga to‘ldirilgan edi. 4-oktabr holatiga ko‘ra, saqlash hajmi 75,87 foizga yetdi, biroq isitish mavsumining boshlanishini hisobga olganda bu hali ham yetarli emas. Odatda, rezervuarlar qish mavsumidan oldin 90% dan ortiq to‘ldirilgan holda bo‘lishi kerak.

O‘tgan qishning sovuq kelganligi natijasida mintaqada gaz iste’moli sarfi oshgan edi. Yozda esa haroratning kutilganidan yuqoriroq kuzatilganligi va shamol energiyasi ishlab chiqarishning qisqarishi gazga nomavsumiy talabni yuzaga keltirdi. Mintaqaga gaz importining 40 foizdan ziyodini yetkazib beruvchi “Gazprom"ning gaz yetkazib berishni ma’lum sabablarga ko‘ra to‘xtatishi va boshqa omillar natijasida Yevropa gaz rezervuarlarini to‘ldirishda muammolarga duch keldi.

“Putin “Gazprom"dan shartnoma majburiyatlarini bajarishda davom etish va gaz yetkazib berishni hajmini oshirmaslik, shu jumladan, Ukrainani chetlab o‘tishni so‘radi. Putin hozirgi sharoitda Yevropaga yordam berishni muhim deb hisoblaydi, lekin mamlakatning zarariga emas”, — deb yozmoqda Gazeta.ru.

Rossiya prezidenti bu masalada “hech kimni, shu jumladan, Ukrainani ham qiyin ahvolga solib qo‘yish kerak emas"ligini va “Gazprom"ga bo‘lgan ishonchni yo‘qotmaslik zarurligini ta’kidlagan.

Gazeta.ru`ning маълuм qilishicha, aslida, gazning bozordagi narxi Putin bayonotlaridan oldin pastlay boshlagan edi.

“Prezident uchrashuvni Moskva vaqti bilan taxminan 15:20 da ochdi, narxlar yangilanishi esa bir soat oldin boshlangan edi”, — deyiladi xabarda.

Rossiya rasmiylari, jumladan Putin ham, “Gazprom"ning Yevropadagi energetik inqirozning rivojlanishiga aloqasi yo‘qligiga e’tibor qaratgan. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, “faqat professional bo‘lmagan” shaxslargina Rossiyani shu nuqtai nazardan tilga olishlari mumkin.

Qayd etilishicha, Moskvaning mazkur masaladagi pozitsiyasini “Shimoliy oqim 2"ning tezroq ishga tushirilishidan boshqalardan ko‘ra ko‘proq manfaatdor bo‘lgan Berlin qo‘llab-quvvatlamoqda. Xususan, mamlakat kansleri Angela Merkel Rossiya Yevropaga gazni faqatgina mavjud kelishuvlar asosida yetkazib berishi mumkinligini ta’kidlagan.

“AQSh energetika vaziri Jennifer Granxolm FT`ga bergan izohida Vashington „Rossiyaning Yevropadagi gaz inqirozidagi rolini diqqat bilan kuzatmoqda“ va „Gazprom“ bozor narxlarini ataylab manipulyatsiya qila oladimi yoki yo‘qligini baholashga yordam berishga harakat qilmoqda”, — deb yozmoqda Gazeta.ru.

Shuningdek, Polshaning iqlim bo‘yicha vaziri Adam Giburje-Chetvertinskiy Yevrokomissiyani “Gazprom” tomonidan “bozor manipulyatsiyasining aniq belgilarini” tekshirishga chaqirdi.

Ukraina ham energetika borasidagi o‘z pozitsiyasini bildirgan. Prezident Vladimir Zelenskiy Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerni “Shimoliy oqim 2"ning ishga tushirilishi natijasida “Ukraina va Yevropaga tahdidlarning sezilarli darajada kuchayishi” mumkinligidan ogohlantirgan va Kiyevga mamlakat energetik xavfsizligini kafolatlaydigan “aniq xalqaro huquqiy mexanizm"ni taqdim etishni talab qilganligi aytilmoqda.

“Korrespondent"ning yozishicha, Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Leyen energiya inqirozining yechimi — yashil energiyaga o‘tishda ekanligini qayd etgan. Bu haqda u 7-oktabr Yevropaning barqaror investitsiyalar forumida ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa uzoq muddatli istiqbolda yashil energiyaga o‘tishni tezlashtirish orqali gaz narxining muvozanatlashishiga va “energetik mustaqillik"ka erishadi.

Avvalroq “Gazeta.uz” Yevropa gaz bozorida naxrlarning rekord darajada ko‘tarilishining sabablari va buning oqibatlari yoritilgan maqola e’lon qilgan edi.

Xususan, oktabr oyiga kelib Yevropada tabiiy gaz narxlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan olti baravardan ziyodga o‘sdi. Gaz narxlarining keskin o‘sishi elektr energiyasi bozoridagi vaziyatga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Yevropa Ittifoqida elektr energiyasining beshdan bir qismi tabiiy gaz hisobiga olinadi.

YeI tabiiy gaz iste’molida asosan importga tayanadi. YeIning tabiiy gaz bo‘yicha eng yirik eksportyori Rossiya hisoblanadi. 2019−2020 yillarda YeIga jami gaz importining 40 foizdan ortig‘i Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan.