7 oktabr kuni O‘zbekiston hukumati va Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK, IFC) 15 tagacha maktabni qurish va ta’minoti bilan shug‘ullanish uchun xususiy sektor kapitali va tajribasini jalb qilish bo‘yicha shartnoma imzolashdi. Korporatsiyaning bayonotida aytilishicha, bu sifatli infratuzilmaga oshib borayotgan talabni qondirish va ta’lim sifatini yaxshilashga yordam beradi.

«O‘zbekiston aholisining o‘sib borishi bilan yangi maktablarga talab keskin kuchaymoqda. Mavjud maktablarning ko‘pi bir nechta smenalarda ishlamoqda, ulardagi sinflar to‘lib ketgan, ba’zi bolalar maktabiga borish uchun uzoq masofani bosib o‘tishiga to‘g‘ri kelmoqda. Bundan tashqari, maktablarning aksariyati ta’mirlanishga va yangi uskunalarga muhtoj», — deyiladi bayonotda.

XMK O‘zbekiston hukumatiga davlat-xususiy sheriklikning (DXSH) pilot loyihasi doirasida tenderni tayyorlash va o‘tkazishda ko‘mak beradi. Tender natijasida O‘zbekistonning turli viloyatlarida yangi zamonaviy energiya jihatidan tejamkor 15 tagacha maktablarni moliyalashtirish, loyihalashtirish, qurish va xizmat ko‘rsatish uchun malakali xususiy operator tanlanadi.

Loyiha 10 mingdan ortiq yangi o‘quvchilar joyini yaratishi kutilmoqda, bu esa maktablarning loyiha quvvatini oshiradi va mavjud maktablarga bo‘lgan yuklamani kamaytiradi. Agar loyiha muvaffaqiyatli amalga oshsa, bunday model yanada ko‘proq maktablar va bolalar bog‘chalari uchun qo‘llaniladi, deya ma’lum qildi O‘zbekiston moliya vazirining o‘rinbosari Odilbek Isoqov.

«Maktablardagi infratuzilma va o‘qish muhiti o‘qituvchilar va o‘quvchilarning motivatsiyasiga, shuningdek ta’lim sifatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi», — dedi XMKning mintaqaviy menejeri va XMKning DXSH loyihalari bo‘yicha maslahat organi rahbari Munir Ferozi.

Hozirda Jahon banki guruhiga kiruvchi XMK Avstriya, Germaniya va Shveysariya hukumatlari hamda Infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha Global fond bilan hamkorlikda O‘zbekiston hukumatiga energetika va sog‘liqni saqlash sohalaridagi mamlakatdagi birinchi DXSH loyihalari bo‘yicha konsultatsiyalar berib kelmoqda.