4 oktabr kuni yuzaga kelgan uzilishlar oqibatida Facebook kompaniyasi qariyb 100 mln dollar yo‘qotdi, deya yozmoqda Fortune nashri.

Dushanba kuni Toshkent vaqti bilan taxminan kechki 20:30 da Facebook, Instagram, WhatsApp va Messenger platformalarida butun dunyo bo‘ylab uzilish yuzaga keldi. Uzilishlar Toshkent vaqti bilan tonggi soat 4:00 ga qadar — taxminan yetti yarim soat davom etgan.

Fortune hisob-kitoblariga ko‘ra, yetti yarim soatlik uzilishlar natijasida Facebook taxminan 99,75 mln dollar daromaddan mahrum bo‘lgan.

Nashrning yozishicha, hisob-kitoblar kompaniyaning ikkinchi chorakdagi hisobotiga asoslangan. Ikkinchi chorak natijalariga ko‘ra, kompaniyaning 91 kunlik davrdagi daromadi 29,08 mlrd dollardan ziyodni tashkil etgan. Bu kuniga o‘rtacha 319,6 mln dollar yoki soatiga 13,3 mln dollar degani.

«Korrespondent» nashrining yozishicha, reklamalarni baholash bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi Standard Media Index kompaniyasi Facebook`ning uzilishlar vaqtidagi yo‘qotishlarini 3,3 million dollarga baholadi. Biroq, Standard Media Index faqatgina kompaniyalar o‘z mahsulotlarini Facebook ilovalarida reklama qilish uchun sarf qiladigan mablag‘lar hisob-kitoblariga tayangan.

«Ayni paytda Forrester bozor tadqiqotlari kompaniyasi vitse-prezidenti Mayk Pruning so‘zlariga ko‘ra, Facebook va Instagramda o‘z reklamalarini joylashtiruvchi 10 mlnga yaqin kompaniya va brendlar asosli ravishda ko‘rilgan zararni qoplashni talab qilishlari mumkin — ehtimol bepul reklama ko‘rinishida», — deb yozmoqda «Korrespondent».

The New York Times nashriga ko‘ra, uzilishlar vaqtida, Facebook platformalaridan foydalanadigan ayrim kompaniyalarning savdosi o‘tgan haftaga nisbatan 30−70 foizga qisqargan.

Forbes nashri platformadagi nosozlik sabab kompaniya aksiyalari narxi 4,8 foizga pasaygani va oqibatda Mark Sukerberg 5,9 mlrd dollar yo‘qotganini ma’lum qildi.

Forbes`ga ko‘ra, Facebook`da bunday nosozlik oxirgi marta 2019 yilda yuzaga kelgan edi (14 soatlik uzilish). 2008 yilda esa platforma bir sutka davomida o‘chib qolgan edi.

Oldinroq, ushbu uzilishlar sababli 70 mlnga yaqin foydalanuvchi Telegram`ga ko‘chib o‘tgani haqida xabar berilgan edi. Pavel Durov yangi foydalanuvchilarni «uyaltirib qo‘ymasligini» ta’kidlagan edi.