Afg‘onistonning energetika kompaniyasi (Da Afghanistan Breshna Sherkat, DABS) sobiq hukumat amaldorlarining mol-mulkini sotuvga qo‘yadi. Bu haqida DABS ma’lumotlariga tayanib TOLOnews xabar qildi.

Xabarga ko‘ra, 6 oktabr kuni DABS elektr energiyasi haqini (ayrim hollarda, yillar davomida) to‘lamagan bir qator sobiq hukumat amaldorlari va mahalliy taniqli shaxslarning mol-mulkini sotishga tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qilgan.

DABS operatsion direktori vazifasini bajaruvchi Safiulloh Ahmadzayning so‘zlariga ko‘ra, mazkur protsedura muvaqqat hukumat tomonidan tasdiqlanganidan so‘ng, kompaniya qarzdor amaldorlar va Afg‘onistondan chiqib ketgan mahalliy energobrokerlarining mulklarini sotishni boshlashi qayd etilgan.

DABS bergan ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniyaga to‘lanishi lozim bo‘lgan elektr energiyasi uchun qarzlarning umumiy miqdori 500 million afg‘oni (5,5 mln dollardan ziyod) atrofida.

«Biz protsedura ustida ishlayapmiz. Qarzdorlardan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilib olish chora-tadbirlari belgilanishi lozim. Mazkur chora-tadbirlarga asoslanib, ularning mulkini sotishimiz mumkin, yoki boshqa muqobil yo‘lini topamiz», — deya ta’kidlagan Ahmadzay.

DABS sobiq direktori Omonulloh G‘olibning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror «muammoga qisqa muddatli yechim» bo‘ladi. «Uzoq muddat uchun, u DABS muammosini to‘la hal qila olmaydi».

TOLOnews ma’lum qilishicha, mamlakat aholisi DABS qarorini mamnuniyat bilan qabul qilib, kompaniya import qilinadigan elektr energiyasi uzilishining oldini olish uchun bor imkoniyatini ishga solishi kerakligini aytmoqda.

«Ularning mulklari sotilishi kerak. Ular mamlakatni tark etishdi va qaytishmaydi. Nochor odamlar elektr haqini to‘lagan, endi ular uchun elektr energiyasi uzilmasligi kerak», — deydi kobullik Rohulloh.

DABS, shuningdek, sobiq hukumat qulaganidan keyin kompaniya daromadi 70 foizga qisqarganini qayd etgan.

4 oktabrda DABS Afg‘oniston qo‘shni davlatlardan elektr energiyasi importi uchun 62 mln dollar miqdorida qarzdorligini ma’lum qilgan edi. Kompaniya vakillari BMTning Afg‘onistondagi yordam dasturidan qarzni to‘lash uchun 90 mln dollar mablag‘ so‘rab murojaat qilishgan.

Kompaniya sobiq direktori Omonulloh G‘olib «to‘lovlar amalga oshirilmasa, qo‘shni davlatlar eksport qilinadigan elektr energiyasini uzib qo‘yishi xavfi mavjud» ekanligini ta’kidlagan edi.