Prezident 4 oktabr kuni «Xirurgiya xizmatini transformatsiya qilish, hududlarda jarrohlik amaliyotlari sifatini oshirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda e’lon qilindi.

Hujjatga muvofiq, bolalarda tug‘ma yurak nuqsonlarini endovaskulyar yo‘l bilan davolashni keng joriy etish, ularni qisqa vaqt ichida to‘liq sog‘lomlashtirib, nogironlikdan chiqarish uchun zarur sharoitlar yaratiladi.

2021 yilda yurak nuqsonlarini davolash uchun mo‘ljallangan 500 ta tibbiy buyum (okklyuder) xarid qilinadi. Buning uchun SSVga rivojlantirish dasturlari uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida 10 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. 2022 yildan boshlab esa ehtiyojdan kelib chiqib har yili o‘rtacha 2500 ta okklyuder (tahminan 50 mlrd so‘mga) xarid qilinadi. Ushbu xarajatlar Davlat budjeti parametrlarida aks etadi.

Bundan tashqari, qaror bilan Xirurgiya xizmatini transformatsiya qilishning asosiy yo‘nalishlari ham belgilab berildi.

Unga ko‘ra, akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi — viloyat — tuman (shahar) tibbiyot muassasalari o‘rtasida uzviy bog‘liqlik ta’minlanadi.

Hududlar va tuman (shahar) darajasida kam invaziv va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari keng joriy etiladi. Xirurgiya markazida transplantatsiya amaliyotlariga xorijiy mutaxassislar jalb etiladi.

Xirurg, anesteziolog, reanimatolog, nefrolog va boshqa mutaxassislarning salohiyatini oshirish, ularni nufuzli xorijiy tibbiyot muassasalari va markazlarida malaka oshirishi va stajirovka o‘tashini tashkil etish, zamonaviy simulyatsion markazda mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Xirurgiya yo‘nalishida ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, xodimlarning ilmiy salohiyatini oshirish ham ko‘zda tutilmoqda.

Aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida Xirurgiya markazi, uning filiallari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari xirurgiya, anesteziologiya-reanimatsiya bo‘limlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlanadi.

2021 yilda Xirurgiya markazi filiallarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun — 42,5 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.

2022−2023 yillarda tumanlararo qo‘shma shikastlanish va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlariga biriktirilmagan 26 ta tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining xirurgiya, anesteziologiya-reanimatsiya bo‘limlarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun — 71,4 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

Buning uchun mablag‘lar respublika budjetidan, shuningdek, joylarda kam invaziv va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini joriy etish natijasida tejaladigan mablag‘lar hamda xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kredit va grant mablag‘lari hisobiga ajratiladi.