Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti («Narxoz») sobiq prorektori Idiyev Nodir Fozilovichga nisbatan qidiruv e’lon qilindi. Bu bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi saytida xabar berilgan.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (ko‘p miqdordagi firibgarlik) va 209-modda «a» bandi (Mansab soxtakorligi, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Huquqiy jihatdan ko‘p miqdordagi firibgarlik deganda BHMning 500 yoki undan ko‘proq baravari (135 mln so‘m va ko‘proq) tushuniladi.

Nodir Idiyev oldinroq Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektor lavozimida ishlagan.

Ushbu masala yuzasidan «Gazeta.uz» universitet matbuot xizmati bilan bog‘landi. Ma’lum qilinishicha, universitetning sobiq prorektori Nodir Idiyev 2021 yil iyul oyida mehnat ta’tiliga chiqib ketgan va shu bilan qaytib kelmagan. Avgust oyida yesa unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Universitet matbuot xizmatiga ko‘ra, qidiruvdagi shaxsning jinoyatlari «universitet bilan umuman bog‘liq emas».