4 oktabr kuni Afg‘onistonning energetika kompaniyasi (Da Afghanistan Breshna Sherkat, DABS) rasmiylari Afg‘oniston qo‘shni davlatlardan elektr energiyasi uchun 62 mln dollar miqdorida qarzdorligini ma’lum qildi, deya xabar qilmoqda TOLOnews nashri.

Xabarda qayd etilishicha, DABS rasmiylari BMTning Afg‘onistondagi yordam dasturidan (UNAMA) qarzni to‘lash maqsadida 90 mln dollar mablag‘ so‘rab murojaat qilganliklarini aytishgan. Shuningdek, UNAMA mablag‘ ajratmagan taqdirda, elektr energiyasi uchun to‘lovlarni amalga oshirmagan fuqarolarga, ularning aksariyatida to‘lash imkoni mavjud emasligiga qaramasdan, bosim o‘tkazilishi mumkinligi qo‘shimcha qilingan.

«DABS operatsion direktori vazifasini bajaruvchi Safiulloh Ahmadzayning aytishicha, kompaniya oxirgi ikki oy davomida elektr energiyasi haqini eksport qiluvchi mamlakatlarga to‘lab bergan. Ayni paytda, TOLOnews olgan hujjat DABS`ning to‘rtta qo‘shni davlat — O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Erondan 51 million dollardan ziyod qarzdor ekanligini ko‘rsatadi», — deyiladi xabarda.

Ahmadzay, shuningdek, DABS elektr energiyasini eksport qiluvchi mamlakatlardan xat orqali elektr energiyasi ta’minotini uzib qo‘ymaslikni so‘raganligi va qarzni to‘lashni va’da qilganligini aytib o‘tgan.

«Agar to‘lovlar amalga oshirilmasa, qo‘shni davlatlar eksport qilinadigan elektr energiyasi hajmini kamaytirib, asta-sekin uzib qo‘yishi xavfi mavjud. DABS muammoni zudlik bilan hal qilishi lozim», — deydi kompaniya sobiq direktori Omonulloh G‘olib.

Bir qator aholi vakillari mamlakatdagi og‘ir iqtisodiy vaziyatdan xavotirda ekanliklarini ma’lum qilib, tegishli idoralar mavjud muammolarni zudlik bilan hal qilishlari kerakligini aytishgan.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘oniston qo‘shni davlatlarga elektroenergiya importi uchun har oy 22−25 mln dollar atrofida haq to‘laydi.

Elektroenergiya bo‘yicha O‘zbekiston-Afg‘oniston munosabatlari

2020 yilning noyabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyev «Afg‘oniston Islom Respublikasi bilan iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarorni imzoladi.

Qarorga muvofiq, 500 kVt quvvatga ega bo‘lgan «Surxon — Puli-Xumri» elektr uzatish liniyasi (EUL) qurilishi bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirish ishlarini jadallashtirish rejalashtirilgan. Uzunligi 260 km bo‘lgan yangi EUL O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berish hajmini 70% ga oshirib, yiliga 6 mlrd kVt/soat ga yetkazish imkonini beradi. Loyiha qurilishi to‘g‘risidagi bitim Osiyo taraqqiyot banki tomonidan 110 mln dollar miqdoridagi moliyalashtirish mablag‘lari ajratilishi tasdiqlanganidan keyin imzolangan. EULning O‘zbekiston hududidagi qismi qurilishi 2021 yil mart oyigacha yakunlanishi, Afg‘oniston hududidagi qurilish ishlari avgust oyidan boshlanishi rejalashtirilgan edi.

Mazkur bitim hozirgi kunda ham amalda.