Kecha, 2 oktabr kuni soat 15:30 da Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida joylashgan «Jarqo‘rg‘on Sarbon-Broker MCHJ»ga qarashli siqilgan gaz to‘ldirish shaxobchasida «Lacetti-2» rusumli avtomobiliga gaz to‘ldirish jarayonida gaz ballonining yorilishi yuzaga keldi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q, yong‘in sodir bo‘lmagan, yong‘in qutqauv ekipajlari chaqirilmagan, deyiladi xabarda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gaz ballonining yorilishiga avtomobilga o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilgan (ECEK 110 SH 72 kg skotchli) gaz ballonining yuqori bosim ostida texnik deformatsiyasi sabab bo‘lgan deb taxmin qilinmoqda.

Voqea joyiga FVB, IIB, Prokuratura va boshqa tegishli idoralarning mutaxasisslari chiqishgan.

Eslatib o‘tamiz, 29 sentabr kuni Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida Lacetti avtomobiliga o‘rnatilgan gaz balloni yorilgani, iyul oyining oxirida Surxondaryoda «UAZ» avtomobilidagi gaz balloni yorilgani haqida xabar berilgan edi.