Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda fuqarolar va yo‘l-patrul xizmati inspektorlari o‘rtasida sodir bo‘lgan mojaro aks etgan videoyozuv tarqatildi. Shahar IIBB 30 sentabr kuni Chilonzor tumanida sodir bo‘lgan voqeaga izoh berdi.

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, 30 sentabr kuni taxminan soat 23:00 da Chilonzor tumani Bunyodkor shoh ko‘chasida Toshkent shahar IIBB YHXB YPX xodimlari xizmat davomida qidiruvda bo‘lgan (ko‘plab to‘lanmagan jarimalari tufayli qidiruvga berilgan) Nexia-2 avtomobilini ko‘rib qolib, unga jezl va hushtak yordamida to‘xtash haqida ishora berishadi. Ammo haydovchi (1997 yilda tug‘ilgan) Temur Ch. (shaxsi keyinroq aniqlandi) xodimning qonuniy talabiga bo‘ysinmasdan harakatni davom ettiradi.

Holat haqida ma’lumot ratsiya orqali boshqa xodimlarga yetkaziladi. Shu bilan birga mayor R. Ismoilov va katta serjant A. Ismailov Lacetti xizmat avtomobilida qoidabuzar ortidan yo‘lga chiqishadi. Haydovchi YPX inspektorining to‘xtash haqidagi ishorasiga bo‘ysunmasdan, harakatni davom ettirgani sababli, uni majburan to‘xtatishga qaror qilinadi.

Bunyodkor va Qatortol ko‘chalari kesishmasida IIO xodimlari tomonidan amalga oshirilgan manyovr natijasida haydovchi patrul mashinasining orqa qanotiga shikast yetkazgan holda to‘xtatildi. Biroq inspektor mashinadan tushayotganda haydovchi yana harakatni boshlab, mayor R. Ismoilovni urib yubordi. U hodisa joyidan yashirinishga urinar ekan, yo‘l harakati qoidalarini bir necha marta buzib, yana bir piyodani ham urib yuboradi.

«Tez orada Toshkent shahar IIBB xodimlari qoidabuzar haydovchini to‘xtatishdi va boshqa og‘irroq yo‘l transport hodisasining oldi olindi», — deyiladi xabarda.

To‘xtatilgan avtomobilning yo‘lovchilari bo‘lgan bir nechta ayollar chiqib YPX inspektorlari bilan janjal ko‘tarishgan.

Haydovchi 24 yoshli Temur Ch. va uning yo‘lovchilari — Qashqadaryo viloyatilik 21 yoshli Shahzoda Ch., 39 yoshli Rayhon M., 44 yoshli Barnogul M. va 45 yoshli Bog‘dagul M. Chilonzor tumani IIIO FMBga yetkazildilar.

Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi «g» bandi («Bezorilik») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.