COVID-19 pandemiyasi butun dunyo aholisi ijtimoiy turmushi, hayot tarzi va me’yorlarida tub burilish yasadi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, 28 sentabr holatiga dunyo miqyosida COVID-19 infeksiyasidan zararlanganlar soni 232 milliondan oshdi, o‘lim holatlari esa qariyb 4,7 milliondan ziyodni tashkil etdi.

O‘zbekistonda, 27 sentabr holatiga, rasman qayd etilgan COVID-19 ga chalinish holatlari 172 mingdan ortiqni, o‘lim holatlari 1230 tani tashkil etdi.

COVID-19 infeksiyasidan himoyalanish va tarqalishining oldini olishning yagona yo‘li — vaksinatsiya. Jons Xopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, 28 sentabr holatiga dunyo miqyosida koronavirusga qarshi 6 milliard 142 million dozadan ortiq vaksina qo‘llanildi. Shunga qaramay, dunyo bo‘ylab aholi orasida ixtiyoriy tarzda emlanishdan bosh tortish holatlari uchramoqda.

Garvard universiteti (AQSh) Kennedi maktabining Belfer fan va xalqaro aloqalar markazi emlanishdan ixtiyoriy bosh tortayotgan millionlab amerikaliklarga murojaat qilib, vaksina olish zarurligining 16 ta sabablarini keltirdi.

Mazkur sabablardan boxabar bo‘lish har qanday mamlakat aholisi uchun foydadan holi bo‘lmasligini hisobga olgan holda, «Gazeta.uz» quyida Belfer markazi sanab o‘tgan 16 ta sababni taqdim etadi.

Nega vaksina olish kerak?

1. COVID-19`ga qarshi emlanish — COVID-19 organizmda keltirib chiqargan virusga qarshi himoya qobig‘ini hosil qilishda immun tizimiga yordam berishning eng xavfsiz yo‘li.

2. To‘liq vaksinatsiyalanish orqali COVID-19 infeksiyasini yuqtirish xavfingiz 5 martaga kamayadi.

3. To‘liq emlanish orqali COVID-19`ning og‘ir ko‘rinishi bilan kasallanib, shifoxonada davolanishni talab qiluvchi vaziyatni boshdan kechirish xavfingiz 10 martaga kamayadi.

4. To‘liq vaksinatsiyalanish orqali sizda COVID-19`dan o‘lim xavfi 10 martaga kamayadi.

5. Agar siz allaqachon SARS-CoV-2`ni boshdan kechirgan bo‘lsangiz, to‘liq vaksinatsiyalanish virusni qayta yuqtirishga qarshi qo‘shimcha himoya vazifasini o‘taydi.

6. To‘liq emlangandan so‘ng virus yuqtirgan odamlarda kasallikning jiddiy kechishi ehtimoli kamroq va simptomlar emlanmagan va COVID-19`ga chalinganlarga qaraganda yengilroq kuzatiladi.

7. To‘liq emlangandan so‘ng virus yuqtirgan odam organizmi virusdan emlanmagan odamnikiga qaraganda tezroq xalos bo‘ladi, sababi organizmda virusga qarshi antitanachalarning butun boshli armiyasi kurashga shay turadi.

8. To‘liq emlangandan so‘ng COVID-19`ning «delta» varianti bilan kasallangan odamning infeksiya tashish davri, emlanmagan odam bilan solishtirilganda, qisqaroq davom etishi kuzatilmoqda.

9. To‘liq vaksinatsiyalanish orqali oilangiz, yaqinlaringiz, do‘stlaringiz va atrofdagilarga COVID-19`ni yuqtirish xavfingiz kamayadi.

10. To‘liq emlangandan so‘ng virus yuqtirganda uzoq davom etadigan COVID-19`ni boshdan kechirish xavfingiz deyarli ikki baravarga kamayadi.

11. Agar siz homilador bo‘lsangiz, homiladorlik davrida vaksina qabul qilish virus yuqtirish va gospitalizatsiya xavfini kamaytiradi. Homilador ayol emlanganidan keyin organizmda ishlab chiqarilgan antitanachalar yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni ham COVID-19`dan himoya qilishga yordam berishi mumkin.

Ma’lumot o‘rnida shuni eslatish lozimki, homilador va bola emizayotgan ayollarga vaksinalarning ta’siri qanday bo‘lishi haqida hozircha aniq ma’lumotlar mavjud emas.

12. Emlanganingizdan keyin barcha turdagi faoliyatlar xavfsizroq bo‘ladi.

13. COVID-19`ga qarshi qo‘shimcha kislorod yoki alohidalangan tartibdagi davolashni talab qilmagan holda kasalxonalar faoliyati ortiqcha zo‘riqishining oldini olasiz.

14. To‘liq emlanish orqali siz immuniteti zaif bo‘lganlar, shuningdek, COVID-19`ning og‘ir holatiga chalinish xavfi yuqori bo‘lganlar va hatto emlanishga hali ruxsat etilmagan bolalarni himoya qilishga yordam bergan bo‘lasiz.

15. Vaksinatsiya virus tarqalishini qisqartirish va koronavirusning yangi shtammlari avj olishining oldini olishni ta’minlaydigan ommaviy immunitet shakllanishiga yordam beradi.

16. To‘liq emlanish orqali siz barchamizga pandemiyani tezroq tugatishga yordam berasiz.