Avgust oyining o‘rtalaridan beri Afg‘onistonni boshqarayotgan «Tolibon» Tojikistonga tahdid soldi. Tojikiston rasmiylari bundan oldin toliblar hukmronligini tan olmasliklarini e’lon qilishgan va Panjsherda bo‘layotgan voqealarni qoralashgan. «Gazeta.uz» tomonlarning ziddiyatlari haqida so‘z yuritadi.

«Tolibon» tuzgan Afg‘onistonning yangi hukumati haligacha xalqaro miqyosda e’tirof etilmadi, biroq ko‘p davlatlar ushbu mamlakatda hukumat o‘zgarishiga tan berishdi.

Biroq, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 25 avgust kuni Pokiston tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy bilan uchrashuvda Afg‘onistondagi davlat tizimini iroda ifodasi va mamlakatning barcha fuqarolarining pozitsiyasini hisobga olgan holda belgilash kerakligini aytdi.

«Tojikiston bu mamlakatda zulm va ta’qiblar yo‘li bilan tuzilgan boshqa hukumatni tan olmaydi, butun afg‘on xalqining, ayniqsa, uning barcha milliy ozchiliklarining pozitsiyasini hisobga olmagan holda», — deya prezident so‘zlaridan iqtibos keltiradi uning matbuot xizmati.

Uning qo‘shimcha qilishicha, tojiklar kelajakdagi Afg‘oniston hukumatida munosib o‘rin egallashi kerak.

Avvalroq «Tolibon» harakati Afg‘oniston muvaqqat hukumati tarkibini e’lon qilgan edi. Unda o‘zbek va tojik millatlaridan bitta vakil bor. Tayinlangan vazirlarning ko‘pchiligi pashtunlar, lekin hazoralar yo‘q. Yangi Afg‘oniston hukumatining etnik tarkibi Anadolu AA tomonidan баtaфсилtaҳлил qilgan.

Hukumat tuzilgandan so‘ng, Tojikistonning Kobuldagi elchixonasi Emomali Rahmon tomonidan e’lon qilingan pozitsiya o‘z kuchida qolganini ma’lum qilgan.

Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muxriddin 22 sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi doirasida Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha Tojikistonning pozitsiyasini tushuntirib, Afg‘oniston xalqiga shoshilinch gumanitar yordam ko‘rsatish, ayollar va qizlarning ta’lim olish huquqlarini ta’minlash, shuningdek, barcha etnik guruhlar vakillari, ayniqsa mamlakat aholisining 46 foizini tashkil etadigan tojiklar ishtirokida inklyuziv hukumat tuzish zarurligini ta’kidlagan edi.

Bundan tashqari, Tojikiston TIV rahbari «toliblar nafaqat jinoyat bilan shug‘ullanadigan, balki tinch aholini qiynoq va azoblarga duchor qiladigan» Panjsher viloyati aholisining ahvoliga alohida e’tibor qaratdi. Shu munosabat bilan u xalqaro tashkilotlar va nufuzli davlatlarni «Panjsher va Afg‘onistonning boshqa hududlari aholisiga gumanitar yordam ko‘rsatish uchun yo‘llar ochishga yordam berib, bu azob va qonunbuzarlikni tezroq to‘xtatishga» chaqirdi.

Foto: BMT

BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida Tojikiston prezidenti «BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan terroristik guruhlar ro‘yxatiga kiritilgan» «Tolibon» harakati hokimiyatga kelishi mintaqadagi shundoq ham murakkab bo‘lgan geosiyosiy jarayonni yanada murakkablashtirganini" ta’kidladi.

Emomali Rahmon «Tolibon» inklyuziv hukumat tuzish haqidagi va’dasini bajara olmaganidan afsus bildirdi.

Faqat afg‘on jamiyatining barcha qatlamlari, shu jumladan afg‘on tojiklari ishtirokidagi muloqot ushbu mamlakatda mustahkam tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishiga olib kelishi mumkin, deydi u.

«Shu nuqtai nazardan, aholining 46% dan ko‘prog‘ini tashkil etadigan Afg‘oniston tojiklari, ushbu mamlakatning boshqa etnik guruhlari qatorida, davlat boshqaruvida munosib o‘rin egallash huquqiga ega», — deb ta’kidladi Tojikiston rahbari.

U, shuningdek, Afg‘oniston xalqining barcha qonunbuzarliklari, qotilliklari, talonchiliklari va zulmlarini qoralab, Panjsher viloyatidagi og‘ir gumanitar vaziyat haqida gapirib, u yerda haqiqiy gumanitar falokat yuzaga kelgani haqida ta’kidladi.

Emomali Rahmonning so‘zlariga ko‘ra, Tojikiston Afg‘oniston ichki ishlariga aralashmoqchi emas. U «bu mamlakatda hokimiyat tuzilmasini referendum orqali va mamlakatning barcha fuqarolari pozitsiyasini hisobga olgan holda aniqlashni» taklif qildi.

Asia-Plus xabariga ko‘ra, sentabr oyining o‘rtalarida Dushanbeda Panjsher qarshilik harakatlarini qo‘llab-quvvatlash mitingi bo‘lib o‘tdi. Tojikiston poytaxtida yashovchi afg‘onlar «Yashasin qarshilik fronti!» va «Tolibonga o‘lim» shiorlari ostida yig‘ilishgan edi.

OAVda shuningdek, ushbu fonda Tojikiston janubidagi minglab yoshlar mamlakat rahbariyatidan dala qo‘mondoni Ahmad Shoh Massud o‘g‘li Ahmad Masud qo‘mondonligi ostidagi qarshilik kuchlariga yordam berish uchun Panjsherga borishga ruxsat berishni so‘ragani haqida xabar berilgan. Emomali Rahmon Ahmad Masudni «Ismoili Somoniy» I darajali ordeni bilan taqdirladi, xuddi Afg‘onistonning sobiq prezidenti Burhoniddin Rabboniyni taqdirlagani kabi.

«Tolibon» munosabati va chegaradagi vaziyatning keskinlashuvi

«Tolibon» tojik rasmiylarining bayonotlariga javoban, Tojikiston rahbariyatini qo‘shni davlatning ichki ishlariga aralashmaslikka chaqirdi.

«Biz Tojikistonning ichki ishlarimizga aralashmasligini istaymiz. Biz u bilan yaxshi munosabatda bo‘lishni xohlaymiz, lekin bir mamlakatning qo‘shni mamlakat ichki ishlariga aralashuvi hech kimning manfaatlariga xizmat qila olmaydi. […] Har qanday harakatga qarshi choralar ko‘riladi, — dedi toliblar tomonidan Afg‘oniston muvaqqat hukumati raisining o‘rinbosari etib tayinlangan Abdul Salam Hanafiy, Qatarning Al Jazeera telekanaliga bergan intervyusida (TASS iqtibosi).

Foto: Zabihullah Mujahid / Twitter

«Tolibon» hukumatidagi madaniyat va axborot vaziri o‘rinbosari Zabihulloh Mujohid 25 sentabr kuni Twitter`dagi sahifasida Tojikiston bilan chegaradosh Taxor viloyatiga «Afg‘oniston islom amirligi Mansuri armiyasining o‘nlab maxsus harbiylarini (harbiy qism nomi) sodir etilishi mumkin bo‘lgan tahdidlarni qaytarish uchun» qayta joylashtirilgani haqida yozgan.

Bu fonda Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Afg‘oniston bilan chegarada Darvoz viloyatida harbiy xizmatchilar, chegarachilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining paradini qabul qildi, deb xabar berdi uning matbuot xizmati.

Foto: president.tj

Harbiy parad 2000 nafar askar va ofitser hamda 50 ta harbiy texnika ishtirokida o‘tkazilgan. Darvoz viloyati Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati tarkibiga kiradi va Afg‘oniston bilan chegaradosh hisoblanadi.