Vazirlar Mahkamasi 17 sentabr kuni «Shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish tartibotlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni qabul qildi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Hujjatga asosan, 2021 yil 1 oktabrdan boshlab shaharsozlik hujjatlari ekspertizasini amalga oshirishda:

  • shaharsozlik hujjatlari obyektlarning xavf-xatarlar toifalarining tasnifiga muvofiq «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimi orqali ko‘rib chiqiladi;
  • davlat budjeti va unga tenglashtirilgan manbalar, davlat va davlat tashkilotlari kafolatlari ostida olingan tashqi investitsiya mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladigan ishlarning loyiha hujjatlari «Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi» DUK yoki uning hududiy filiallari tomonidan ko‘rib chiqiladi;
  • boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlar loyiha hujjatlari obyektlar xavf-xatarlar toifalarining tasnifiga muvofiq akkreditatsiya qilingan ekspert tashkilotlari — yuridik shaxslar, «Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi» DUK yoki uning hududiy filiallari tomonidan ko‘rib chiqiladi;
  • loyiha hujjatlari bo‘yicha ijobiy ekspertiza xulosasi ekspert tashkiloti tomonidan axborot tizimining «Ekspertiza xulosalarining yagona reyestri»ga kiritilgan taqdirda haqiqiy deb tan olinadi;
  • ekspert tashkilotlari tomonidan shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazganlik uchun xizmatlar haqini tabaqalashtirilgan tartibda hisoblash tizimi joriy etiladi.

Shaharsozlik hujjatlari smetasida qo‘llanilgan resurslar narxlari bo‘yicha ekspertiza xulosasini tayyorlashda qurilish materiallarining joriy narxlari, mashina va mexanizmlar xizmati uchun o‘rtacha narxlar hamda o‘rtacha ish haqi to‘g‘risidagi davlat statistika ma’lumotlaridan foydalanish uslubiyoti ishlab chiqiladi hamda amaliyotga tatbiq etiladi.

obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy ta’mirlash bo‘yicha shaharsozlik va loyiha hujjatlarining loyihaviy yechimlarini shaharsozlik hujjatlariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizom hujjatlarni shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablariga, zilzilabardoshlik, muhandislik izlanishlar, energiya samaradorligi ko‘rsatkichlari, yong‘inga qarshi hamda ekologik normalar va qoidalarga, sanitariya qoidalari va normalariga, gigiyena normativlariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazish tartibini o‘z ichiga oladi.

Quyidagi obyektlarining loyiha hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish majburiy emas:

  • mavsumiy ishlar uchun vaqtincha va maishiy binolar;
  • 300 kub metrdan ortiq bo‘lmagan alohida qurilayotgan kichik hajmdagi obyektlar;
  • ikki qavatdan yuqori bo‘lmagan (sokolni hisobga olmagan holda), balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lmagan yakka tartibdagi uy-joylar;
  • joriy ta’mirlanadigan binolar, inshootlar.