Armaniston Ozarbayjon ustidan BMT sudiga shikoyat qildi

Armaniston BMT Xalqaro sudida Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaga muvofiq sud ishlarini boshladi.

Armaniston tomonining da’vo arizasida «Ozarbayjon o‘n yillar davomida irqiy kamsitishga yo‘l qo‘ygani» qayd etilgan bo‘lib, jumladan, qirg‘inlar, qiynoqlar va boshqa qonunbuzarliklar bilan ifodalangan. Armaniston tomoniga ko‘ra, «bu qonunbuzarliklar 2020 yil sentabr oyidagi mojaro paytida» Ozarbayjon tomoni «yana konvensiyani qo‘pol ravishda buzgani» qayd etilgan. «Va hatto 2020 yil 10 noyabrda sulh tuzilganidan so‘ng», harbiy harakatlar tugaganidan keyin ham «Ozarbayjon arman harbiy asirlariga va boshqa mahbuslarga nisbatan qotillik, qiynoq va boshqa jinoyatlarni davom ettirdi», deyiladi da’voda.

Shu asosda Armaniston Ozarbayjonni Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani buzganlikda aybdor deb topishni, kelgusi ziyonning oldini olishni va yetkazilgan zararni qoplab berishni so‘radi. — TASS.


Italiyada barcha ishchilar uchun COVID-pasporti majburiy bo‘ldi

15 oktabrdan boshlab barcha italiyaliklarga faqat COVID-pasport mavjudligida ishlashga ruxsat beriladi. COVID-pasport yoki Green Pass («yashil pasport») ni uchta usulda olish mumkin: koronavirusga qarshi emlanish, koronavirusga chalinib undan davolanganlik to‘g‘risida sertifikat yoki PZR-tekshiruvining manfiy natijasi. Shunda, PRZ-tekshiruvi natijasi 72 soat davomida amal qiladi.

15 oktabrdan so‘ng COVID-pasportni taqdim etmagan xodimlar maoshsiz ishdan chetlatiladi. Ruxsatnomasiz ishlashni davom ettirganlar 600 dan 1500 yevrogacha jarimaga tortiladi. Ish beruvchi ruxsatnomaning mavjudligini nazorat qilishi kerak. Shu bilan birga, COVID-pasportsiz masofadan turib ishlash mumkin.

Ta’kidlanishicha, bu choralar 23 mln odamga taalluqlidir. 12 va undan katta yoshdagi italiyaliklarning qariyb 75 foizi koronavirusga qarshi to‘liq emlangan, deb yozmoqda Corriere della Sera.


Yaponiya bosh vaziri Taro Kononi «voris» sifatida qo‘llab-quvvatladi

Yaponiya bosh vaziri va hukmron Liberal-demokratik partiyasi (LDP) raisi Yosixide Suga «uning vorisi» koronavirusga qarshi emlashga mas’ul vazir Taro Kononing nomzodini qo‘llab-quvvatladi.

«Koronavirusga qarshi kurashni davom ettirish juda muhim. Shuni yodda tutgan holda, men vazir Kononi qo‘llab-quvvatlayman. Menimcha, u milliy inqiroz davrida katta yutuqlarga erishdi», — dedi u. Suganing ta’kidlashicha, Kono aholini COVID-19'ga qarshi emlash jarayonini tashkil etishga katta hissa qo‘shgan.

Juma kuni Yaponiya LDP raisi saylovi kampaniyasi boshlandi. O‘z navbatida, partiya raisi, shuningdek, bosh vazir lavozimini egallaydi. Konodan tashqari, sobiq tashqi ishlar vaziri Fumio Kisida, sobiq adliya vaziri Sanae Takaiti va sobiq ma’muriy ishlar va aloqa vaziri Seyko Noda o‘z nomzodlarini ilgari surishdi. — TASS.


Kuba ikki yoshdan katta bolalarni koronavirusga qarshi emlay boshlaydi

Kubada ikki yoshdan o‘n yoshgacha bo‘lgan bolalarni koronavirusga qarshi emlash kampaniyasi boshlanadi. Mamlakatda Abdala va Soberana kabi ikkita mahalliy vaksinadan foydalaniladi, ikkalasi ham uchta dozadan iborat.

Avvalroq, mamlakat hukumati 11 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lganlarni emlashni boshlagan edi. Bu choralar koronavirus «delta» variantining mamlakatda tarqalishining oldini olishga qaratilgan. — Interfaks.

Shuningdek: Shvetsiyada 12 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarni COVID-19'ga qarshi emlashga ruxsat berildi. Ta’kidlanishicha, mamlakatda 16 yoshdan katta aholining 80 foizi vaksinaning kamida bitta dozasi, deyarli 75 foizi esa ikki dozasi bilan emlangan.


Liviya milliy armiyasi Chaddan kelgan 200ga yaqin qo‘zg‘olonchini yo‘q qildi — OAV

Feldmarshal Xalifa Xaftarning Liviya milliy armiyasi Chaddan kelgan qo‘zg‘olonchilar bilan chegarada to‘qnashib, 200 ga yaqin dushman jangarisini yo‘q qildi. O‘ldirilganlar orasida hududda faoliyat yuritayotgan terrorchi guruhlar bilan bog‘liq yetti nafar jangari bo‘lgan. Chad muxolifati qurolli tuzilmalarining yana 35 a’zosi asirga olindi.

Liviya armiyasi axloqiy va psixologik tayyorgarlik bo‘limi boshlig‘i Xolid al-Mahjubning TASS’ga bergan intervyusida uning bo‘linmalari, shu jumladan maxsus kuchlar, hafta boshidan buyon Liviya va mamlakatning janubiy chegaralari yaqinida yollanma askarlar guruhlari va Chad muxolifati bo‘linmalariga qarshi keng ko‘lamli reydlar o‘tkazayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, quruqlikdagi operatsiyadan oldin harbiy samolyotlarning kuchli zarbalari amalga oshirilgan, natijada dushman askarlar va texnikasida katta yo‘qotishlarga uchragan. — TASS.


Shuningdek:

  • Dushanbedagi Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sammiti ishtirokchilari Eronni ushbu tashkilotga to‘liq a’zo sifatida qabul qilishdi. «Bu strategik a’zolik Eronning qo‘shnilari bilan har tomonlama hamkorlik jarayoniga va Osiyoga yo‘naltirilgan siyosatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi», — dedi mamlakat tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon.
  • Niderlandiya tashqi ishlar vaziri Sigrid Kaag 15 sentabr kuni parlament quyi palatasi Afg‘onistondan evakuatsiya ishlari yomon tashkil etilgani uchun unga ishonchsizlik bildirganidan so‘ng, iste’foga chiqishga qaror qildi. 15 sentabrda Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raab ham o‘z lavozimidan ketdi. Raab Kaag kabi Afg‘oniston inqiroziga munosabati uchun tanqid qilingan edi.
  • «Tolibon» Xotin-qizlar ishlari vazirligini tugatib, uning o‘rniga islomiy «axloq politsiyasi» vazifasini bajaruvchi organ tuzdi.