«Gazeta.uz» Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati bilan hamkorlikda saylov kampaniyasi jarayonlarining borishi haqida aholini muntazam xabardor etish maqsadida maxsus loyihaga qo‘l urdi.

Unda saylov davrida qonun hujjatlariga amal qilinishi, partiyalar va ular ko‘rsatgan nomzodlarning haq-huquqlari, saylovoldi targ‘ibotida qanday holatlarga ruxsat etilgani hamda nimalar taqiqlangani, saylovda ovoz berish jarayonlari va boshqalar haqida suhbatlar tashkil etiladi.

Intervyuning birinchi sonida MSK kotibi, Kotibiyat rahbari Xudoyor Mamatov «Gazeta.uz» muxbirining imzo varaqalarini tekshirish jarayonlariga oid savollariga javob berdi.

Eslatib o‘tamiz, ayni kunlarda O‘zbekistondagi beshta partiya tomonidan o‘z qurultoylarini o‘tkazib, nomzodga tegishli hujjatlar va ularni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalarini MSKga taqdim etish, bu orqali nomzodni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni ketmoqda.

MSK kotibi, Kotibiyat rahbari Xudoyor Mamatov. Foto: MSK matbuot xizmati.

Imzo varaqalarini qabul qilish va tekshirish qanday amalga oshiriladi?

Saylov kodeksiga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalardan O‘zbekiston prezidentligiga nomzodni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi murojaatni, shu jumladan imzo varaqalarini qabul qilishni saylovga 42 kun qolganida to‘xtatadi.

Siyosiy partiyalar prezidentlikka nomzodni ro‘yxatga olish uchun Markaziy saylov komissiyasiga mamlakat hududidagi saylovchilar umumiy sonining bir foizi miqdoridagi saylovchilar imzolarini taqdim etishlari lozim.

Demak, siyosiy partiyalarga saylovda ishtirok etishga ruxsat berilgan vaqtda Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidagi (SYAER) ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda saylovchilarning umumiy soni 21 266 011 нафарни tashkil etgan. Shu sababli, har bir siyosiy partiya 212 660 ta (1%) miqdorida imzo bilan to‘ldirilgan imzo varaqalarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha alohida-alohida taxlangan holda MSKga taqdim etishlari talab etildi.

Bunda, mamlakatning har bir ma’muriy-hududiy birligi, ya’ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan to‘plangan nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzolar soni jami imzolar sonining 8 foizigacha bo‘lgan qismini tashkil etishi kerak.


Imzolarni tekshiruvchi ekspert guruhi kimlardan tashkil topgan?

Saylov kodeksining 39-moddasida muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2021 yil 30 avgustda siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganini tekshiruvchi 3ta ekspert guruhi tuzildi.

Har bir ekspert guruhi tarkibiga MSKning doimiy asosda ishlovchi a’zolari, Kotibiyat xodimlari, Adliya, Ichki ishlar vazirliklari tizimidagi xatshunos, kriminalist ekspertlar, Oliy ta’lim muassasalarining mutaxassis olimlari, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari kiritildi.

Yuqoridagilarga asosan, har bir siyosiy partiya tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligi va qonuniyligi 17 yoki 18 nafargacha bo‘lgan ekspert guruhlari tomonidan tekshiriladi.

O‘zbekiston prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzolarni to‘plash va imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganini tekshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan:

  • Saylovchilar imzolari zarur sonining kamida 15 foizi va imzo varaqalariga imzolarini qo‘ygan saylovchilar to‘g‘risidagi tegishli ma’lumotlar tekshirilishi;
  • Tekshirish uchun saylovchilarning har bir nomzodni qo‘llab-quvvatlab berilgan imzolari bir xil miqdorda, har bir ma’muriy-hududiy tuzilmadan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahridan) teng nisbatda tanlab olinishi;
  • Imzo varaqalarini tekshirishda Ekspert guruhi a’zolari: kasbiy odob qoidalariga rioya qilishi va zimmasiga yuklatilgan vazifalarni qonun hujjatlarida va ichki hujjatlarda belgilangan o‘z lavozim vakolatlari doirasida xolisona, vijdonan, sifatli bajarishi kerak.

Imzo varaqalari qaysi holatlarda haqiqiy emas deb topiladi?

O‘zbekiston prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzolarni to‘plash va imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganini tekshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan, ekspert guruhi a’zolari imzo varaqasining to‘g‘ri to‘ldirilgani, tuzatishlarga yo‘l qo‘yilgani, o‘chirib yozilgan tuzatishlar borligi, turli shaxslar tomonidan to‘ldirilgani, o‘xshash imzolar va tasdiqlangan tuzatishlar mavjudligiga e’tibor bergan holda har bir imzo varaqasini ko‘zdan kechiradi.

Vizual tekshiruvda nuqsonlar yoki shubhali holatlar aniqlangan imzo varaqalari puxtaroq, shu jumladan maxsus asboblar yordamida tekshirish uchun saralab olinadi.

Quyidagi imzolar haqiqiy emas deb topiladi:

  • siyosiy partiya vakolatli vakiliga MSK tomonidan ro‘yxatga olinganlik to‘g‘risida guvohnoma berilgunga qadar to‘plangan imzolar;
  • imzo varaqasidagi saylovchi to‘g‘risidagi ma’lumotlar saylovchining o‘zi yoki saylovchilar imzolarini to‘plagan mas’ul shaxs tomonidan kiritilmasdan qo‘yilgan imzolar;
  • saylash huquqiga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan qo‘yilgan imzolar;
  • imzo varaqasida ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlardan birortasi ko‘rsatilmasdan qo‘yilgan, shu jumladan sanasi ko‘rsatilmasdan qo‘yilgan imzolar;
  • boshqa shaxsning nomidan qo‘yilgan imzolar;
  • MSK tomonidan berilgan imzo varaqalaridan boshqa imzo varaqalarida qo‘yilgan imzolar;
  • saylovchining imzosi va u haqda ma’lumotlar qalam yoki yozuv quroli hisoblanmaydigan boshqa vositalar bilan kiritilgan imzolar;
  • imzo varaqasida ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarga tuzatishlar kiritilgan holda qo‘yilgan imzolar, basharti ushbu tuzatishlar saylovchi yoki imzo varaqasini tasdiqlovchi shaxslar tomonidan qo‘shimcha imzo bilan tasdiqlanmagan bo‘lsa.


Foto: MSK matbuot xizmati.

Agar nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzolar yetarli bo‘lmasa, unga saylovda ishtirok etishiga rad javobi beriladimi?

Saylov kodeksining 64-moddasiga binoan, Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni, shu jumladan imzo varaqalarini 5 kunlik muddat ichida tekshirib chiqadi va ularning Saylov Kodeksi talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi.

MSK tomonidan tanlab olingan imzo varaqalarining chorak qismidan ko‘prog‘ini tekshirish natijasida imzo varaqalari qonun buzilgan holda tuzilganligi aniqlansa, mazkur imzo varaqalari siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga qaytariladi va unga kamchiliklarni bartaraf etish uchun ikki kunlik muddat beriladi.

Agar qo‘llab-quvvatlovchi shaxslarning (saylovchilarning) imzolari soni belgilangan eng kam miqdordan yana oz bo‘lib chiqsa, mazkur imzo varaqalari to‘lig‘icha haqiqiy emas deb topiladi.

Mazkur holda Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaga O‘zbekiston prezidentligiga nomzodni ro‘yxatga olishni rad etadi.

Imzolar qabul qilingandan keyin qanday jarayon boshlanadi?

MSKga siyosiy partiya taqdim etgan hujjatlar, shu jumladan, saylovchilarning nomzodni qo‘llab-quvvatlab berilgan imzolari Saylov kodeksi talablariga mos kelsa, MSK navbatdagi yig‘ilishlarida siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan O‘zbekiston prezidentligiga nomzodni ro‘yxatga olish masalasini ko‘rib chiqadi.

Saylov kodeksining 40-moddasiga asosan, MSK prezidentlikka nomzodlarni ro‘yxatga olishni saylovga 35 kun qolganida (19 sentabr kuni) to‘xtatadi. Saylov kodeksining 44-moddasiga muvofiq, nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan e’tiboran, ya’ni saylovga 34 kun qolganidan, joriy yilda 20 sentabrdan e’tiboran saylovoldi tashviqoti boshlanadi. Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida tashviqotga yo‘l qo‘yilmaydi.

Saylovoldi tashviqoti — saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni nomzod yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyat bo‘lib, ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘i orqali, bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini chiqarish hamda tarqatish orqali hamda saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

«Gazeta.uz» muxbiri Abdullo Yodgorov suhbatlashdi.