6 sentabr kuni Xalq demokratik partiyasining qurultoyida prezidentlik saylovlarida Maqsuda Vorisova partiya nomzodi sifatida qatnashishi tasdiqlandi.

Maqsuda Vorisova Xalq demokratik partiyasidan prezidentlik uchun birinchi ayol nomzod hisoblanadi. XDP nomzodi qurultoyda saylovoldi dasturini ham e’lon qildi.

Dastur loyihasining asosiy maqsadi — mamlakatda ijtimoiy tenglik va xalq demokratiyasi mezonlariga mos bo‘lgan davlat va jamiyat barpo etish.

«Ushbu vazifaning hal etilishi, birinchi navbatda, aholi keng qatlamlari farovonligi ta’minlanishini nazarda tutadi. Ikkinchidan, bunday davlatni shakllantirish barcha sohalarda ijtimoiy adolat va ijtimoiy tenglikni qaror toptirishni anglatadi. Uchinchidan, bu — fuqarolarning demokratik institutlar orqali aholining ijtimoiy kayfiyatiga, zarur hayotiy ehtiyojlarini amalga oshirishga ta’sir ko‘rsatadigan qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlash, jamoatchilik ekspertizasi va muhokamalarida keng ishtirok etishini ta’minlovchi demokratiyadir», — dedi Maqsuda Vorisova.

Partiya saylov jarayonlari uchun quyidagi shiorlarni e’lon qildi:

  1. «Barchaga g‘amxo‘rlik — davlatning burchi!»
  2. «Xalq demokratiyasi — taraqqiyot asosi!»
  3. «Ijtimoiy barqarorlik — farovonlik garovi!»
  4. «Ijtimoiy tenglik va adolat tarafdorimiz!»
  5. «Ishsizlarga — ish o‘rinlari!»
  6. «Bepul ta’lim, bepul sog‘liqni saqlash!»
  7. «Iqtisodiy resurslar — barcha uchun»
  8. «Kambag‘allikka barham beraylik!»

Partiya dasturi to‘qqizta yo‘nalishdan iborat. «Gazeta.uz» ushbu dasturning muhim joylarini keltiradi.

Birinchi yo‘nalish. Aholi manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan kuchli ijtimoiy siyosat yuritish

«Har bir O‘zbekistonlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar yaratish asosiy vazifam, deb bilaman. Oilalar farovonligining o‘sishini, bolalar uchun baxtli bolalikni, yosh avlodning ishonchli kelajagini va qariyalarga g‘amxo‘rlik qilishni ta’minlash borasidagi takliflarni ilgari suryapman», — dedi Maqsuda Vorisova.

Kuchli ijtimoiy siyosat yuritish maqsadida partiya quyidagilarni amalga oshirishni zarur deb hisoblamoqda:

  • aholining daromadiga qarab tabaqalashtirilgan soliq solish tizimini joriy etish;
  • har bir insonning minimal ijtimoiy xizmatlarni bepul olishini qonunchilik darajasida kafolatlash;
  • ijtimoiy nafaqalardan yuqoriroq mehnat haqi to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlari bilan ta’minlash, mehnatga layoqatli aholining shaxsiy tashabbuslari va uddaburonligini rag‘batlantirish;
  • olis va chekka hududlarda shifokorlar hamda o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash uchun «Qishloq shifokori» va «Qishloq o‘qituvchisi» dasturlarini amalga oshirish, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish tizimini qonunchilik asosida mustahkamlash;
  • aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari, kundalik ehtiyoji bilan bog‘liq hamyonbop tovar va xizmatlar, arzon uy-joy va kommunal xizmatlar bilan ta’minlash;
  • aholining kam ta’minlangan qatlamlariga bepul, sifatli va to‘laqonli birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish;
  • yoshlarning kasb-hunar tanlashi, bepul va sifatli ta’lim olishi, o‘quv muassasalarini tugatgandan so‘ng ishga joylashish kafolatini mustahkamlash;
  • pensiya va ijtimoiy nafaqa oluvchilarning hayotiy ehtiyojlarini to‘laqonli qondirishni kafolatlaydigan pensiya va ijtimoiy ta’minotning maqbul tizimini shakllantirish.

Maqsuda Vorisova ushbu yo‘nalishdagi ishlardan biri sifatida amaldagi pensiya tayinlash tizimini isloh qilish kerakligini ta’kidladi.

«Ishlayotgan xodimning pensiyaga chiqishida pensiya miqdorini tayinlash tartibi bugungi kun talablariga javob bermaydi. Xususan, pensiya miqdorini hisoblashda oxirgi o‘n yillik mehnat faoliyati davomidagi istalgan ketma-ket besh yil uchun (pensiya tayinlashni so‘rab murojaat etgan kishining tanlovi bo‘yicha) oylik ish haqi olinadi», — deydi u.

«Bizningcha, bu adolatdan emas. Yoshga doir pensiya miqdorini belgilashda fuqaro ishlagan davridagi istalgan besh yilni o‘zi tanlash imkoniga ega bo‘lishi kerak. Pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal chegarasi, ya’ni pensiyani hisoblash bazaviy miqdori chegarasini oshirish mavzusi ham bahsli masalalardan biri. Prezidentning tegishli farmoni bilan 2021 yilning 1 iyulidan pensiya va nafaqalarning eng kam miqdori oshirildi. Shuningdek, ijtimoiy nafaqalar uchun qo‘shimcha to‘lovlar joriy etildi. Inflyatsiya va koronavirus pandemiyasi davrida narxlarning oshib ketganini hisobga olsak, bu ko‘rsatkichlar pensionerning og‘irini yengillatmaydi», — deya qo‘shimcha qildi XDP nomzodi.

Shuningdek, ayollarga pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga bolasi 3 yoshga to‘lguncha uni parvarishlash ta’tillarida bo‘lish vaqti to‘liq qo‘shib hisoblanishi haqidagi me’yorni qonunchilikka kiritish kerakligi aytilmoqda.

Bundan tashqari, XDP nomzodi quyidagilarni amalga oshirish zarurligini ta’kidladi:

  • pensionerlarning hayot darajasini yaxshilash, ularning ijtimoiy faolligini kuchaytirish;
  • kam ta’minlangan, lekin, boqimandalik kayfiyatida yurgan fuqarolarni jamiyatning faol ishtirokchisiga aylantirish;
  • yolg‘iz keksalar, ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayotiy ehtiyojlariga e’tiborni kuchaytirish, shu maqsadda «Muruvvat», «Saxovat» va «Mehribonlik» uylari faoliyatini yanada yaxshilash;
  • «Mehribonlik» uylarini bitirib chiqqan yoshlarni uy-joy bilan ta’minlash, ishga joylashtirishning samarali mexanizmlarini joriy etish;
  • ilg‘or davlatlar tajribasidan kelib chiqib, davlat-xususiy hamda ijtimoiy sheriklik asosida aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish amaliyotini keng rivojlantirish.

Maqsuda Vorisova nogironligi bo‘lgan shaxslarning talab va ehtiyojlari, qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, maqsadida, «To‘siqsiz hayot» davlat dasturini va ularni ish bilan ta’minlash maqsadida «Nogiron shaxslar bandligiga ko‘maklashish» davlat dasturini qabul qilishni zarur deb hisoblashini ta’kidladi.

Shuningdek, Maqsuda Vorisovaning qayd etishicha, nogironligi bo‘lgan shaxslarning talab va ehtiyojlari, qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, bu boradagi tizimni tubdan yaxshilash maqsadida ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda, quyidagi choralarni ko‘rish zarur:

  • milliy qonunchilikni BMTning Nogironlar huquqlari bo‘yicha konvensiyaning tamoyillari va me’yorlariga muvofiqlashtirish;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarga oid xalqaro me’yorlar va standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish;
  • mamlakatda BMTning Nogironlarga nisbatan umumjahon harakatlar dasturini amalga oshirish bo‘yicha zaruriy choralar ko‘rish;
  • nogironlar jamiyatlariga davlat subsidiyalarini ajratish.

Ikkinchi yo‘nalish. Ijtimoiy yo‘naltirilgan iqtisodiy siyosat

«Iqtisodiy o‘sish barqaror bo‘lishi uchun qat’iy, lekin muvozanatli makroiqtisodiy siyosat yuritilishi kerak. Dasturda budjet xarajatlarini optimallashtirish, samarasiz imtiyozlar va subsidiyalarni bekor qilish, past inflyatsiya va so‘mning erkin kursini saqlab qolish belgilangan. Milliy boyliklar adolatli taqsimlanishini ta’minlash bo‘yicha qarorlar qabul qilinadi», — deydi Vorisova.

Partiya iqtisodiy siyosatning ijtimoiy samaradorligini ta’minlashda quyidagilarni ustuvor vazifalar deb hisoblaydi:

  • o‘rta muddatli istiqbolda kam ta’minlangan aholi qatlamlari ulushini kamida 2 baravar qisqartirish maqsadida kambag‘allikni bartaraf etish bo‘yicha samarali ishlarni amalga oshirish;
  • yuqori qo‘shimcha qiymatga ega sektorlar va mehnat talab qiladigan tarmoqlarga alohida e’tibor qaratgan holda, iqtisodiyotning innovatsion ilg‘or texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish tarmoqlarini jadal rivojlantirish maqsadida samarali moliyaviy va soliq imtiyozlarini qo‘llash;
  • o‘rta muddatli istiqbolda ish haqi darajasini yashash minimumidan kamida 1,5 baravar yuqori bo‘lgan (o‘zini-o‘zi band qilish va xususiy tadbirkorlikdan olinadigan daromadlar hisobiga) mehnatga layoqatli aholining barqaror ish o‘rinlarida bandligini ta’minlashga erishish.

«Kelgusi 5 yilda davlatning asosiy vazifasi aholi bandligi va real daromadlarini oshirishdan iborat bo‘lishi kerak deb hisoblayman. Yollanma ishchilar va tadbirkorlar o‘rtasidagi munosabatlarni muvofiqlashtirish maqsadida, ijtimoiy hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish, unda yangi ish joylari ham, yuqori ish haqi ham, jamiyatning ijtimoiy ehtiyojlari uchun undiriladigan soliqlar ham pirovardida bozor munosabatlarining samarali yo‘lga qo‘yilishi bilan bog‘liqligini to‘liq anglagan holda doimo yollanma ishchilar va tadbirkorlar manfaatlarini o‘zaro moslashtirish choralari ko‘riladi», — dedi XDP nomzodi.

Ta’kidlanishicha, buning uchun yollanma ishchilarning ish beruvchilar bilan o‘zaro munosabatlarida qonunlarga rioya qilinishini ta’minlaydigan va mehnat mojarolarining oldini oladigan «Yollanma ishchilar huquq va erkinliklari to‘g‘risida» qonunlarini qabul qilish lozim, deb hisoblaydi u.

Ijtimoiy yo‘naltirilgan iqtisodiyotda davlatning asosiy tartibga soluvchilik rolini yanada mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi. Bunda:

  • umumxalq ahamiyatiga ega iqtisodiyot tarmoqlarining boshqaruvida davlat ishtirokini mustahkamlash;
  • oziq-ovqat mahsulotlari va kundalik ehtiyojdagi boshqa tovarlarni ishlab chiqarish sohasida davlat tomonidan tartibga solish choralarini qonuniy jihatdan mustahkamlash;
  • hududlarning barqaror rivojlanishi uchun davlat daromadlarini teng va adolatli taqsimlash, hududiy dasturlarni amalga oshirish uchun davlat budjeti, boshqa ichki va tashqi manbalardan qo‘shimcha moliyaviy resurslarni safarbar etish;
  • muayyan hududlarga import tovarlarini olib kirganlik uchun bojxona to‘lovlaridan tushgan mablag‘larning bir qismini mahalliy budjetlarga yo‘naltirish, shu orqali import o‘rnini bosadigan ishlab chiqarishlarni rivojlantirish bo‘yicha maxsus tuman va shahar investitsiyaviy fondlarini yaratish;
  • «ishlab chiqarish ipotekasi»ni, ya’ni tijorat banklarining investitsiyaviy resurslari hisobiga tayyor korxonalar tashkil etish va kelgusida tadbirkorlik subyektlariga kredit yoki lizing asosida berish mexanizimlarini amaliyotga kiritish;
  • import o‘rnini bosadigan ijtimoiy ahamiyatga molik tovar va xizmatlarni ishlab chiqarish bo‘yicha asosli biznes-loyihalarni amalga oshirish uchun imtiyozli kreditlarni joriy etish lozim.

Vorisovaning fikricha, ichki bozorni O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tovarlar bilan to‘ldirish barqaror iqtisodiy rivojlanishning asosiy omillaridan biri bo‘ladi.

Shuningdek, prezidentlikka nomzod mahalliy hokimliklar darajasida hayot uchun muhim va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari hamda kundalik zarur tovarlarni ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rta muddatli hududiy dasturlarni shakllantirish va tasdiqlash lozimligi ta’kidlandi.

Hududiy rivojlantirish dasturlarida mahalliy sanoatning o‘sishi bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishning samaradorligini oshirish, bu borada yer va suv resurslaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi. Bunda:

  • qishloq xo‘jaligida natijadorlikni oshirish imkonini beradigan xo‘jalik yuritish shakllarini joriy qilish, shu asosda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishning barqaror va samarali tizimini yaratish;
  • qishloq infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va texnologiyalarini rivojlantirishga sarmoya kiritilishini ko‘paytirish;
  • qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari hamda qayta ishlash korxonalari o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirish kerak.

«Biz iqtisodiyotni liberallashtirish va erkin bozor munosabatlari jamiyatni ijtimoiy rivojlantirish maqsadlariga erishish kafolatini bermaydi, deb hisoblaymiz. Shu bois davlat va jamiyat tomonidan iqtisodiy rivojlanishni nazorat qilish hamda tartibga solish bo‘yicha demokratik tizimni shakllantirish lozim», — deydi Vorisova.

«Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida qo‘llanilayotgan „hashamat solig‘i“ ya’ni qimmatbaho tovarlarga, masalan, hashamatli ko‘chmas mulk, qimmatbaho mashinalarga soliq solish joriy etiladi. Mamlakatdagi iqtisodiy resurslar bir hovuch odamlar qo‘lida to‘planib qolishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bu resurslarda har bir fuqaroning haqqi, ulushi bor», — deya ta’kidladi u.

Bunda:

  • iqtisodiyotda tarkibiy islohotlarni amalga oshirish va yangi texnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha barcha jabhalarda ijtimoiy muloqot va jamoat nazorati mexanizmini joriy etish. Ushbu jarayonlarni aholining barqaror, yuqori haq to‘lanadigan ish o‘rinlarida bandligini oshirish, mehnat muhofazasi, xavfsizlik darajasi va ishlab chiqarishning ekologik tozaligini ta’minlash bilan uyg‘unlikda olib borish;
  • davlat tashqi qarzlari hamda investitsiyalar ustidan jamoatchilik nazoratining samarali tizimini yaratish, investitsiya siyosatida jamiyat manfaatlari himoyasini ta’minlash lozim.

Uchinchi yo‘nalish. Sifatli oziq-ovqat mahsulotlari, kundalik ehtiyojdagi tovar va xizmatlarning ijtimoiy maqbulligini ta’minlash

XDP nomzodi ijtimoiy ahamiyatga molik tovar va xizmatlar narxlari va tariflari normativ hujjatlarda belgilangan me’yorlardan oshib ketmasligi uchun ushbu narxlarni shakllantirish ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini qat’iy o‘rnatish lozimligini ta’kidlamoqda.

Shu maqsadda quyidagi choralarni ko‘rish zarurligi ta’kilandi:

  • ilg‘or xorijiy tajriba hamda universal xalqaro hujjatlarning tavsiyalari va me’yorlarini hisobga olgan holda, ishlab chiqarish sohasida davlat tomonidan tartibga solish chora-tadbirlarini qonuniy jihatdan mustahkamlash;
  • aholining kam daromadli qatlamlarini hayot uchun zarur arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha maqsadli davlat dasturlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish;
  • sanoat va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini ichki iste’mol bozorini mamlakatimizda ishlab chiqarilgan kundalik zarur oziq-ovqat mahsulotlari va tovarlar bilan to‘ldirishga yo‘naltirish;
  • mamlakatda ishlab chiqarish resursi va imkoniyati bo‘lmagan oziq-ovqat mahsulotlari, boshqa kundalik zarur tovarlarni import qilish bo‘yicha soliq va bojxona tizimida moslashuvchan choralarni amalga oshirish.

«Fermerlar uchun bank xizmatlarining rag‘batlantiruvchi usullarini joriy etish kerak deb hisoblayman. Ishchi kuchi ko‘p bo‘lgan hududlardan ishchi kuchi kam bo‘lgan hududlarga ko‘chib o‘tadigan oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq asoslangan rejalar ishlab chiqiladi», — dedi Vorisova.

To‘rtinchi yo‘nalish. Uy-joylar va kommunal xizmatlarning ijtimoiy maqbulligini ta’minlash

«Uy joy masalasi bir necha yillardan beri jamiyatimizning eng o‘tkir muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda. Amalga oshirilayotgan qurilishlar ko‘lami xalq extiyojini qondira olmayapti. Aholimiz yiliga 700 ming nafardan ortiqqa ko‘paymoqda. Har yili 300 ming yangi oila qurilmoqda. Bularni inobatga olib aholini uy-joy bilan ta’minlashni yaxshilash asosiy maqsadlarimdan biridir», — deya qayd etdi Maqsuda Vorisova.

XDP partiyasi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogiron farzandlarni tarbiyalayotgan ota-onalar, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushgan ayollar uchun arzon uy-joylar qurilishini yanada kengaytirishga erishishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

Mazkur masalani hal etishda quyidagilarni amalga oshirish lozimligi aytildi:

  • mamlakatda zamonaviy innovatsion texnologiyalar asosida qurilish materiallari va konstruksiyalar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish;
  • aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun arzon uy-joy qurishga imtiyozli ipoteka krediti berish amaliyotini takomillashtirish;
  • «Kommunal xizmatlar tariflarini tartibga solish asoslari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish;
  • o‘rta muddatli istiqbolda shaharlar va qishloq aholi punktlarida aholini arzon elektr-energiya, issiqlik va issiq suv tizimi bilan ta’minlash bo‘yicha hududiy investitsiya dasturlarini, jumladan, joylarda davlat xususiy sheriklik tartibidagi dasturlarni amalga oshirish;
  • kommunal xizmatlarni amalga oshiruvchi tashkilotlar tomonidan asossiz ravishda narx-navo va tariflar oshirilishi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, sohada ma’lumotlar ochiqligini ta’minlash hamda kommunal xizmatlar tariflari ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish;
  • o‘rta muddatli istiqbolda shaharlar va aholi yashash punktlarida yashil hududlar, istirohat bog‘lari, bolalar uchun o‘yin maydonchalarini kengaytirish, bunda nogironligi bo‘lgan shaxslarning dam olishi uchun zarur sharoitlarni yaratish.

XDP nomzodining ta’kidlashiga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda aholining 65 foizi markazlashgan ichimlik suvi, faqat 17 foizi oqova suv xizmatlari bilan ta’minlangan. Saylovoldi dasturida 2025 yilga qadar hududlarda ichimlik suvi ta’minoti tizimlarini kompleks rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishi ko‘zda tutilmoqda. «Buning natijasida ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 90 foizga ko‘tarish zarur», — ta’kidlab o‘tadi Vorisova.

Beshinchi yo‘nalish. Aholining barcha qatlamlariga yuqori sifatli va to‘laqonli tibbiy yordam ko‘rsatish

«Sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirishda „aholi jon boshiga“ va „davolangan holat uchun“ tamoyillarini joriy etish kerak. Sog‘liqni saqlashni moliyalashtirishning manzilli va samarali usullarini tatbiq etish, kadrlarni tayyorlash va tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, munosib ish haqi bilan ta’minlash choralarini ko‘rish asosiy vazifalarimdan deb bilaman», — deya qayd etdi Vorisova.

Olis va chekka hududlarda shifokorlarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash uchun «Qishloq shifokori» dasturi amalga oshirilishi aytilmoqda. Shuningdek, maktabgacha ta’lim, maktablar va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarida «Sog‘lom hayot» dasturi bo‘yicha fakultativ kurslar tashkil etilishi yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilmoqda.

Birlamchi tibbiy yordam sifati, ayniqsa, kam ta’minlangan aholiga malakali birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish tarmog‘ini rivojlantirishda quyidagilar ustuvor yo‘nalishlar sifatida e’lon qilindi:

  • mulkchilik shaklidan va moliyalashtirish manbalaridan qat’iy nazar, barcha tibbiyot muassasalarida bepul taqdim etiladigan, davlat tomonidan kafolatlangan majburiy tibbiy xizmatlar ro‘yxatini qonuniy jihatdan mustahkamlash;
  • aholini, jumladan, kam ta’minlangan oilalarni, nogironligi bo‘lgan shaxslarni, boshqa ijtimoiy-demografik zaif guruhlarni yuqori texnologiyalarga asoslangan tibbiy yordamdan foydalangan holda, har yili bepul ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etish;
  • aholining alohida toifalari, jumladan, pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga taqdim etiladigan dori vositalari, medikamentlar, protezlash vositalari va boshqa tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni bepul taqdim etish tizimini takomillashtirish;
  • «Dori-darmonlar va tibbiy vositalar narxlarini davlat tomonidan tartibga solish to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish.

«Bugungi kunda mamlakatda tibbiyot eng kam haq oluvchi sohalardan biriga aylanib qoldi. Shu boisdan shifokorlarning ish haqini 2023 yilga borib 3 barobarga oshirish, hamshiralar oyligini esa 2 barobarga oshirish choralari ko‘riladi», — ta’kidladi Maqsuda Vorisova.

Xususiy shifoxonalarda 25 foizgacha ijtimoiy qiyin holatdagi bemorlar uchun bepul yordam tashkil etish qonuniylashtirilishi rejalashtirilmoqda.

«Dorixonalar va xususiy tibbiy muassasalar tadbirkorlik maqomidan chiqarilib, ularga alohida ijtimoiy tadbirkorlik maqomi berish haqida qonun qabul qilinadi. O‘tgan yillar davomida respublikamizda tug‘ruqlar soni sezilarli oshdi, ammo tug‘ruqxonalardagi o‘rinlar soni qisqardi, natijada tumanlardagi tug‘ruq bo‘limlarida ayollar va chaqaloqlar uchun tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati pasayib bormoqda», — deydi Vorisova.

Oltinchi yo‘nalish. Yoshlarning sifatli ta’limdan teng foydalanishini ta’minlash

XDP nomzodi 6 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarni bepul 100 foiz maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishga erishish lozimligini ta’kidladi.

Dasturga asosan, maktabgacha, o‘rta, kasb-hunar va oliy ta’limda aholining barcha qatlamlariga teng imkoniyatlar yaratish uchun quyidagi choralarni ko‘rish belgilanmoqda:

  • 6 yoshga to‘lgan bolalarni boshlang‘ich ta’limga majburiy bir yillik tayyorlov bilan bepul to‘liq qamrab olish, har bir aholi punktida maktabgacha ta’lim muassasalarini ochish;
  • maktab va maktabgacha ta’lim muassasalaridagi o‘quvchilar va tarbiyalanuvchilarni sifatli va sog‘lom oziq-ovqat bilan kafolatli ta’minlash;
  • bepul oliy ta’lim berish tizimini tartibga solishning zamonaviy mexanizmlarini qonuniy jihatdan mustahkamlash va amaliyotga joriy etish. Shuningdek, talabalarning darsni o‘zlashtirishi va ularning innovatsion faoliyatda ishtirok etishiga qarab, stipendiyalar miqdorini belgilash, turar-joylarga muhtoj talabalarni qulay yashash sharoitlari bilan ta’minlash;
  • kam ta’minlangan oilalarning iqtidorli farzandlarini ta’lim olishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash;
  • olis qishloqlardagi bolalar uchun mo‘ljallangan madaniyat muassasalari, sport inshootlari, «Barkamol avlod» markazlari, musiqa va san’at maktablarining faoliyatini yanada rivojlantirish;
  • nogironligi bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish, ularga ma’naviy-ma’rifiy sohada teng imkoniyatlarni ta’minlash. Maxsus adabiyotlarni, jumladan, ovoz jo‘rligidagi Brayl alifbosi asosida ham chop etish va xarid qilish, inklyuziv ta’limni rivojlantirish, shu sohada faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qituvchilarga imtiyozlar taqdim etish.

Bundan tashqari, XDP dasturiga ko‘ra, maktabgacha ta’lim tizimida talaba, ishlash istagi bor onalarning farzandlari uchun bolani 2 yoshdan qabul qiluvchi maxsus guruhlar tashkil etiladi. Davlat, xususiy va uy bog‘chalarida yagona ta’lim dasturi asosida faoliyatini tashkil etish ta’minlanadi.

Bundan tashqari, olis va chekka hududlarda o‘qituvchilarga ehtiyojni qoplash uchun «Qishloq o‘qituvchisi» dasturi amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Yettinchi yo‘nalish. Xalq demokratiyasi va ijtimoiy tenglik

«Biz mamlakatda xalq demokratiyasi tizimini shakllantirish tarafdorimiz. Bu aholining barcha, jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining davlat va jamiyat hayoti, sud-huquq tizimida tenglik asosida ishtirok etishini ta’minlash demakdir», — deydi Vorisova.

Ushbu maqsadlarda quyidagilarga erishish zarurligi aytildi:

  • mamlakat ichida ijtimoiy tengsizlikning barcha ko‘rinishlariga barham berish;
  • aholining hayotiy ehtiyojlarini amalga oshirish bilan bog‘liq me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik muhokamasi va jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazish majburiyligini qonunchilikda mustahkamlash;
  • mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim jabhalari, aholining hayotiy ehtiyojlariga daxldor bo‘lgan va jamoatchilikda alohida qiziqish uyg‘otadigan masalalar bo‘yicha ijro hokimiyati tomonidan qarorlar qabul qilishda, parlamentdagi siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari bilan jamoatchilik maslahatshuvini o‘tkazish mexanizmini joriy etish;
  • aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari qonunlar va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarining muhokamasida erkin ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
  • davlat boshqaruvida fuqarolik jamiyati institutlarining bevosita ishtirokini kengaytirish.

Fuqarolarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha sud mexanizmlarining maqbulligini ta’minlash, qonun ustuvorligini yanada mustahkamlash, huquqlar, majburiyatlar va imkoniyatlar tengligiga qat’iy amal qilish sud-huquq sohasini isloh etishdagi ustuvor yo‘nalishlar hisoblanishi ta’kidlandi.

Shu maqsadda quyidagilar belgilanmoqda:

  • odil sudlovni amalga oshirishda fuqarolarning sudlarda Xalq maslahatchilari sifatida to‘laqonli ishtirok etishini ta’minlash;
  • fuqarolarning osoyishtaligi va jamiyat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishida ko‘ngilli Xalq posbonlari faoliyatini tiklash;
  • kamsitishlarga qarshi qonunchilikda belgilangan me’yor va qoidalarning amalda, ayniqsa, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga nisbatan to‘liq va so‘zsiz bajarilishini ta’minlash;
  • huquqi buzilgan kam daromadli fuqarolarning himoya qilishda advokatura va yuridik xizmatlarning ijtimoiy maqbulligini ta’minlash;
  • aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun huquqiy yordam va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ijtimoiy maqbul bo‘lgan tizim yaratish, ularga bepul maslahat beradigan «yuridik klinika"lar tarmog‘ini rivojlantirish;
  • aholining huquqiy madaniyatini oshirishga doir ishlar samaradorligini yanada yaxshilash, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari negizida xuquqiy maslahat berish tizimini yaratish. Jumladan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari ijtimoiy masalalar bo‘yicha davlat va vakillik organlariga yuborayotgan murojaatlari yuzasidan maslahatlar berib borish.

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun huquqiy yordam va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ijtimoiy maqbul bo‘lgan tizim yaratish, ularga bepul maslahat beradigan «yuridik klinika"lar tarmog‘i rivojlantiriladi, dedi Vorisova.

Sakkizinchi yo‘nalish. Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash

XDP mamlakatda erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish tarafdori ekanligini ta’kidlab, ushbu maqsadda quyidagilarni amalga oshirishni maqsad qilmoqda:

  • aholi muammolarini hal etishning eng samarali va adolatli shakli sifatida mahalla tizimini rivojlantirish, ma’muriy, ijtimoiy, ekologik, madaniy va boshqa muammolarni hal etishda uning to‘liq ishtirokini ta’minlash;
  • qabul qilinayotgan qonunlar va qonun hujjatlari, davlat boshqaruvi organlari faoliyati natijalarini oshkora va konstruktiv muhokama etishda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini kengaytirish;
  • dolzarb iqtisodiy va ijtimoiy vazifalarning hal etilishiga ta’sir ko‘rsatish masalalarida siyosiy partiyalar, ularning deputatlik birlashmalari huquq va vakolatlarini yanada oshirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish;
  • davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi ijtimoiy hamda davlat-xususiy sheriklik amaliyotini keng rivojlantirish;
  • jamoatchilik nazorati, davlat boshqaruvi va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolarning bevosita ishtiroki darajasini oshirish.

«Yoshlarga oid davlat siyosati yoshlarning mamlakat siyosiy hayotidagi faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qilishi lozim. Salohiyatli yoshlarga siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari tizimida ishlashini rag‘batlantirish zarur», — deydi Maqsuda Vorisova.

Davlat organlari faoliyatiga aholining ijtimoiy kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatadigan muammolarni oldindan aniqlash va ularni samarali hal qilishni ta’minlaydigan zamonaviy «ijtimoiy diagnostika» uslublarini joriy qilish kerakligi ta’kidlandi.

«Yana bir muhim masala, prokuror tomonidan hokim qaroriga nisbatan 3 marotaba asosli protest kiritilgan taqdirda hokimning ishda qolish-qolmasligi masalasi mahalliy Kengash kun tartibida ko‘rilishini nazarda tutuvchi normalar ishlab chiqiladi», — dedi Maqsuda Vorisova.

To‘qqizinchi yo‘nalish. Xalqaro siyosat

«Biz O‘zbekistonning xalqaro mavqeini mustahkamlash, boshqa mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatdorlik va teng huquqlilik asosida hamkorlik va sherikchilikni faol rivojlantirish, yaxshi qo‘shnichilik, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash tamoyillari asosida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bilan munosabatlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan tashabbuskor xalqaro siyosat yuritish tarafdorimiz», — deyiladi Maqsuda Vorisovaning dasturida.

Ushbu yo‘nalishda quyidagi vazifalar belgilanmoqda:

  • O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro hujjatlarga qo‘shilishi masalalarini ko‘rib chiqish. Inson huquqlari masalalari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, shu jumladan, inson huquqlari bo‘yicha muloqotlarni muntazam ravishda o‘tkazish;
  • BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari va inson huquqlari masalasi yuzasidan xalqaro hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni kuchaytirish;
  • mintaqaviy barqaror ijtimoiy rivojlanish, muqobil energetika va zamonaviy tibbiyot sohalarida innovatsion dasturlar hamda loyihalarni birgalikda amalga oshirish maqsadida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bilan hamkorlikni kuchaytirish;
  • chet elda mehnat qilayotgan fuqarolarimizning manfaatlari va huquqlarini himoya qilish maqsadida tashqi mehnat migratsiyasi sohasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish. Shu asosda tartibga solingan, xavfsiz, boshqariladigan mehnat migratsiyasi siyosatini amalga oshirish.

«Afg‘oniston bilan aloqalarda do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini qo‘llab qo‘vvatlash va ichki ishlarga aralashmaslik siyosatini ma’qullaymiz. Xukumat tranzitini milliy kelishuv asosida tinglik yyo‘li bilan hal etilishi tarafdorimiz», — deb aytdi XDP nomzodi.

Xalq demokratik partiyasi tashqi siyosat vazifalarini samarali amalga oshirishda gumanitar, madaniyat, san’at, ilm-fan, sport va turizm, nodavlat tashkilotlar hamda partiyalararo aloqalar sohalarida «xalq diplomatiyasi» usullarini qo‘llash hamda mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlashda xalqaro axborot resurslaridan faol foydalanish tarafdori ekanligini ta’kidladi.

«Taqdim etilayotgan dasturimizda mamlakatni har tomonlama taraqqiy ettirish, olib borilayotgan barcha yo‘nalishdagi islohotlarning ijtimoiy samaradorligini oshirish, aholi turmush darajasini yuksaltirish, demokratik o‘zgarishlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan eng muhim masalalar qamrab olingan», — deya qo‘shimcha qildi Maqsuda Vorisova.