Salvador bitkoinni rasmiy to‘lov vositasi sifatida tan oldi

Salvador bitkoinni rasmiy to‘lov vositasi sifatida tan olgan dunyodagi birinchi mamlakat bo‘ldi. «7 sentabrdan boshlab Salvador aholisi kriptovalyutadan foydalanib bir chashka qahva sotib olish yoki xizmatlarni to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, ular bitkoinlarda soliq to‘lashlari va ipoteka kreditlarini to‘lash uchun kriptovalyutadan foydalanishlari mumkin bo‘ladi», deb yozmoqda The Wall Street Journal.

Salvador prezidenti Nayyib Bukele ma’muriyati bitkoinlardan foydalanishni rag‘batlantirish uchun 225 mln dollardan ko‘proq mablag‘ sarflashni rejalashtirmoqda. Xususan, rasmiylar mamlakat aholisiga bitkoin va AQSh dollarida to‘lovlar uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan rasmiy Chivo kriptovalyuta hamyonini o‘rnatish uchun 30 dollarlik bitkoinlarni o‘tkazishni va’da qilmoqdalar. Bundan tashqari, hukumat kriptovalyutani sotib olish mumkin bo‘lgan 200 bitkoinli bankomatlar tarmog‘ini joylashtirmoqchi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bitkoinning rasmiy to‘lov vositasi sifatida tan olinishi Salvador uchun xavf tug‘dirmoqda. Kriptovalyuta soliq tushumlari va mamlakatning valyuta zaxiralarining kamayishiga olib kelishi mumkin. «Hukumat virtual kazinoda 200 mln dollardan ortiq qur qo‘ymoqda va bu soliq to‘lovchilarning pulidir», — deydi Markaziy Amerika fiskal tadqiqotlar instituti bosh iqtisodchisi Rikardo Kastaneda.


Tojikiston rahbari harbiylarni mintaqadagi beqarorlik fonida jangovar tayyorgarlikni oshirishga chaqirdi

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon seshanba kuni respublika mustaqilligining 30 yilligi sharafiga o‘tkazilgan harbiy paradda mintaqadagi beqaror vaziyatda jangovar tayyorgarlikni oshirishga chaqiriq bilan harbiylarga murojaat qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tojikiston rahbari so‘nggi paytlarda mintaqadagi va dunyodagi vaziyat terroristik, ekstremistik va radikal tashkilotlar faoliyatining kengayishi, dinlararo to‘qnashuvlar, giyohvandlik vositalari va qurol-yarog‘ning noqonuniy aylanishi, kiberjinoyatchilik va boshqa transmilliy uyushgan jinoyatlar jiddiy tashvish tug‘dirayotganini ta’kidladi. «Bunday sharoitda qurolli kuchlar, huquqni muhofaza qilish organlari va ayniqsa, chegara qo‘shinlari rahbariyati davlat chegarasini, jamoat va davlat xavfsizligini, xalqning tinch hayotini muhofaza qilish va yuqori darajada saqlash hamda harbiy qismlar va bo‘linmalarning jangovar tayyorgarligini oshirish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishi kerak», — dedi Rahmon. Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqada va ba’zi mamlakatlarda vaziyat bundan ham o‘tkir va keskin bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Foto: Tojikiston prezidenti matbuot xizmati

7 sentabr kuni Dushanbening Do‘stlik maydonida Tojikiston davlat mustaqilligining 30 yilligi sharafiga harbiy parad bo‘lib o‘tdi. 30 mingdan ortiq askar va ofitserlar davlat rahbari oldida yurish qildilar.


Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha so‘nggi xabarlar

Mamlakatdagi o‘zgarishlar:

  • «Tolibon» Afg‘oniston muvaqqat hukumati tarkibini e’lon qildi. Muhammad Hasan Oxund bosh vazir vazifasini bajaruvchi, Abdul G‘ani Baradar esa bosh vazir o‘rinbosari bo‘ldi.

The News’ning o‘zining manbalariga tayanib xabar berishicha, bu qaror toliblarning oliy rahbari mulla Xibatulloh Oxundzod tomonidan qabul qilingan. «Amir-ul-Mo‘minin (dindorlar hukmdori) Shayx Xibatulloh Oxundzodaning o‘zi bu lavozimni mulla Muhammad Hasan Oxundga taklif qilgan. Mulla Barodar Oxund va mulla Abdus Salam uning o‘rinbosari bo‘lib ishlaydilar», deya keltiradi nashr ismi oshkor etilmagan «Tolibon» yuqori martabali rahbarining so‘zlarini. Ta’kidlanishicha, Muhammad Hasan Oxund hozirda harakatning nufuzli organi Shura (harakat rahbariyati kengashi) rahbaridir.

  • «Tolibon» Kobul devorlarini bezab turgan ko‘plab ko‘cha rasmlari va grafitilarini bo‘yab, ularni harakat bayrog‘i yoki diniy shiorlarlaga o‘zgartirishga qaror qildi. Kobul ko‘cha rassomlari yetakchilaridan biri Omaid Sharifining aytishicha, Afg‘oniston rassomlari ArtLords badiiy guruhiga birlashib, taxminan yetti yil davomida Afg‘oniston poytaxtidagi devorlarni yorqin graffiti va devor rasmlari bilan bezatgan. Ta’kidlanishicha, rassomlar jamoasi 2014 yildan buyon butun mamlakat bo‘ylab 2,2 mingdan ortiq freskalar yaratgan. «Xayolimga bir tasavvur kelmoqda, go‘yo shahar kafan bilan o‘ralgandek», — deya Sharifining so‘zlarini keltiradi NDTV.
  • Yuzga yaqin afg‘onistonliklar Kobulda Pokistonni tanqid qilgan shiorlar ostida namoyish o‘tkazdilar. Namoyishchilar Islomobodni Afg‘oniston ichki ishlariga aralashishda ayblamoqdalar. «Tolibon» jangarilari miting ishtirokchilarini hibsga olgani aytilmoqda. Shuningdek, harakat kuchlari namoyishchilarni tarqatish maqsadida o‘t ochishgan. Jurnalistlarga aksiyani tasvirga olish taqiqlandi. Bundan tashqari, dushanba kuni kechki payt mamlakatning bir qancha shaharlarida Panjshir viloyatidagi qarshilik kuchlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha namoyishlar bo‘lib o‘tdi.

Afg‘oniston va dunyo hamjamiyati:

  • AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning ma’lum qilishicha, Vashington amerikaliklar uchun Kobuldan qo‘shimcha olib chiqish reyslarini tashkil qilish ustida ishlamoqda. Bu haqda TASS «Al Jazeera»ga tayanib xabar bermoqda. «Biz o‘z fuqarolarimizni va biz bilan hamkorlik qilgan odamlarni Afg‘onistondan olib chiqish bo‘yicha katta ish qildik. Hozir Afg‘onistonda qolgan fuqarolarimiz uchun yangi charter reyslarini tashkil qilmoqdamiz. Biz nodavlat tashkilotlar, Kongress va boshqa idoralar bilan ishlayapmiz», — dedi Blinken. U, shuningdek, «Tolibon» «AQSh fuqarolariga tegishli sayohat hujjatlari bilan, shuningdek amerikaliklarga yordam bergan afg‘onlarga erkin harakatlanishini» ta’minlaganini qo‘shimcha qildi.
  • Afg‘onistonda oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar zaxirasi tugayapti, deya ma’lum qilmoqda BMTning gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish idorasi. «Oziq-ovqat va boshqa hayotiy zarur mahsulotlar tez orada tugaydi. Biz xalqaro donorlarni tez va saxovatli yordam ko‘rsatishga chaqiramiz», — deya idora vakili Yens Layerk. Tashkilot ochlik xavfiga duch kelgan afg‘on xalqiga yordam berish uchun 600 mln dollar yig‘ish zarurligiga ishora qilgan.
  • Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li dunyo davlatlariga «Tolibon»ni tan olishga shoshilmaslikni maslahat berganini aytdi. «Shoshilishning hojati yo‘q. Bu bizning butun dunyoga maslahatimiz. Biz xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda harakat qilishimiz kerak», — deya Chavushog‘lu so‘zlaridan iqtibos keltiradi Interfaks. Vazirning qo‘shimcha qilishicha, Afg‘onistonning yangi hukumati inklyuziv bo‘lishi kerak — ayollar, shuningdek, etnik ozchilik vakillari hukumatda vazirlik lavozimlarini egallashi kerak.

Braziliyada ijtimoiy tarmoqlarga foydalanuvchilar tomonidan yaratilgan kontentni asossiz ravishda o‘chirib tashlash taqiqladi

Braziliya prezidenti Jair Bolsonaro «akkauntlar, profil va kontentni o‘zboshimchalik bilan va asossiz o‘chirishga» qarshi qaratilgan farmonni imzoladi. «Bu chora ijtimoiy tarmoqlarga kontentni o‘chirishni taqiqlamaydi, ammo braziliyalik foydalanuvchilarga nisbatan huquqbuzarliklarning oldini olish va so‘z erkinligi huquqini kafolatlash maqsadida bunday xatti-harakatlarga asos bo‘lishi shart», — deyiladi matbuot xizmati bayonotida. Hujjatda, shuningdek, nashrlar va akkauntlarni tiklash mexanizmi ham ko‘zda tutilgan. — TASS.


Shuningdek:

  • Yaponiyada do‘konlarga kirishda «emlash pasporti» talab qilinishi mumkin. Hozirda ushbu masala ko‘rib chiqilmoqda. Bundan tashqari, sertifikatga ega bo‘lganlarga chegirmalar va qo‘shimcha xizmatlar taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.
  • Hindistonning Kerala shtatida «Nipax» virusi bilan qasallanish holatlari qayd etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, kasallikdan 12 yoshli bola vafot etdi. Mahalliy sog‘liqni saqlash idoralari bola bilan bevosita aloqada bo‘lgan sakkiz kishi undan virus yuqtirmaganini aytishdi. Hammasi bo‘lib, bola bilan aloqada bo‘lgan 48 kishi hozir kasalxonada nazorat ostida olingan, ularning sakkiz nafarida manfiy natija qayd etilgan. Yana yuzdan ortiq odam izolyatsiya qilingan. «Nipax» virusi kuchli isitma, tomir tortishish va qusishlarni keltirib chiqarishi mumkin. Ta’kidlanishicha kasallika qarshi emlash yoki davo yo‘q.
  • Vetnam fuqarosi COVID-19 koronavirusini tarqatishda ayblanib, besh yilga ozodlikdan mahrum qilindi, deya xabar bermoqda Interfaks. Kamu shahri sudi 28 yoshli Le Van Trini sakkiz kishiga «xavfli yuqumli kasallik» yuqtirishda aybdor deb topdi. Ta’kidlanishicha, ulardan biri keyinchalik vafot etgan. Bundan tashqari, fuqaro 880 dollar miqdorida jarima to‘lashi kerak.