O‘zbekistonlik para-taekvondochi Guljanoy Naimova Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlarida oltin medal sohibasiga aylandi. Sportchi Braziliya vakiliga qarshi kechgan bahsda g‘alaba qozondi, deya xabar bermoqda MOQ matbuot xizmati.

Guljanoy Naimova Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi nomidan ishtirok etgan eng so‘nggi vakil bo‘ldi. Bir oz avval para-yengil atletikachi Muhammad Rexsimov F61 toifasida yadro uloqtirish bahslarida 6-natijani qayd etdi.

Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlarini O‘zbekiston delegatsiyasi 19 ta medal bilan (8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza) bilan yakunladi. Mamlakat hozirda 16 o‘rinni egallamoqda.