O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, prezident saylovida XDP nomidan nomzod Maqsuda Vorisova oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari natijalarini (mandat) e’lon qilish kechikayotgani haqida fikr bildirdi.

5 avgust kuni test imtihonlaridan o‘tgan abituriyentlar hanuz (oradan 28 kun o‘tdi) OTMga kirgan yoki kirmaganligini bila olmayapti. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, yakuniy test natijalari ham, talabalar o‘qishini bir universitetdan boshqasiga o‘tkazish bo‘yicha arizalar natijalari ham 30 avgustga qadar e’lon qilishini kerak. Bu Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi (393-sonli) qarorida ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, prezidentinng 2019 yil 14 maydagi (PF-4319) farmoniga ko‘ra, abituriyentning test sinovida to‘plagan ballari haqidagi ma’lumotni test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasiga, uning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani bo‘yicha belgilangan tartibda tasdiqlangan tanlov natijasini test sinovlarini o‘tkazish jarayoni to‘liq yakunlangandan keyin bir hafta muddat ichida Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilishi lozim.

Abituriyentlar uchun yakuniy test sinovlari 23 avgust kuni bo‘lib o‘tdi, ya’ni DMT 30 avgust kuni imtihon natijalarini e’lon qilishi shart edi.

Huquqshunos va O‘zA direktori o‘rinbosari Xushnudbek Xudayberdiyev aslida DTM ketma-ket uchinchi yil Hukumat qarori va prezident farmoni talabini buzayotganini ta’kidladi. 2019−2020 yillarda ham DMT yakuniy mandatni kechikib e’lon qilgan edi.

«Bir marta kechikish bu tasodif, ikki marta kechikish yana bor istisno. Ammo 3 marta ketma-ket aytilgan muddatda javoblarni e’lon qilishni eplolmaslik — tizimda nimadir xatoligini anglatadi. Ish va yuklama ko‘pligi haqidagi gaplar eskirdi, menimcha. Yaxshisi tizimni qayta ko‘rib chiqish kerak. Qaysidir bosqichda nimanidir hisobga olmayapsizlar, nimadir ishni faqat orqaga tortyapti. O‘sha „nimani“ topish uncha qiyin ish emas aslida. Faqat bunga sal xohish bo‘lsa kifoya», — dedi u.

Maqsuda Vorisova. Foto: XPD.

Maqsuda Vorisova aholi Mustaqillikning 30 yilligini katta tantanalar bilan nishonlayotgani, ko‘pchilik bayram kayfiyatidaligi, ammo abituriyentlar bundan yiroqligini ta’kidladi. «Ular mandat qachon chiqarkin, o‘qishga kirdimmi yoki yo‘q, degan o‘yda yuragini hovuchlab yuribdi. Ko‘ngliga chiroq yoqsa, yorishmaydi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aslida natijalar test tugagan kundan boshlab, bir hafta muddatda chiqishi shart.

«Hayotimizning har bir sohasiga raqamlashtirish kirib kelgan, imtihon savollarining javoblari to‘g‘riligini kompyuter tekshirayotgan vaqtda natijalarni cho‘zish kimga kerak bo‘lib qoldi? Ijtimoiy tarmoqlarda „adolatsizlik qachon barham topadi“, qabilidagi savollar bejiz ilgari surilayotgani yo‘q», — dedi XDP rahbari o‘rinbosari.

«To‘g‘ri, abituriyent qancha ball olganini qisqa muddatda bilib olayapti, ammo mandatni e’lon qilishga, nahotki, bir oyga yaqin vaqt ketsa? Bizningcha, hamma soha raqamlashtirilgan davrda „bahona izlash“ befoyda. Hech bo‘lmaganda Davlat test markazi mutasaddilari xalq oldida hisobdorligini anglab, o‘z harakatlariga vaqtida izoh berishlari kerak», — deya qayd etdi u.

Maqsuda Vorisovaning ta’kidlashicha, «aholi, ayniqsa umidvor yoshlarning talabiga javob bera olmaydigan Davlat test markazi faoliyatini butunlay qaytadan ko‘rib chiqish kerak».

DTM hozirgacha mandat kechikayotganiga rasman izoh bermadi.