O‘zbekiston prezidentligiga saylovlarda birinchi marotaba ishtirok etayotgan Ekologik partiya sezdida Narzulla Oblomurodovni o‘z nomzodi sifatida tasdiqladi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar bermoqda.

Sezd davomida Narzulla Oblomurodov saylovoldi dasturini e’lon qildi. «Gazeta.uz» ushbu dasturning muhim joylarini keltiradi.

«Biz mamlakatda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, yuzaga kelayotgan ekologik muammolarni izchillik bilan hal etish hamda iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashda jamiyatning barcha kuchlarini birlashtirishga yo‘naltirilgan siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadini oldimizga qo‘ydik», — dedi Narzulla Oblomurodov.

Partiya saylovoldi dasturi «Biz kelajak uchun javobgarmiz» shiori ostida bo‘lib, uning bosh maqsadi — mamlakatda ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yashil taraqqiyot tamoyillarini keng joriy etish orqali xalqimiz va kelajak avlod uchun munosib turmush sharoitlari hamda farovon jamiyat barpo etishdan iborat bo‘ladi.

Partiya dasturi yettita yo‘nalishdan iborat.

Birinchi yo‘nalish. «Yashil taraqqiyot — farovonlik asosi!» shiori ostida yashil iqtisodiyotni rivojlantirish

«O‘zbekiston 2019 yilda «yashil iqtisodiyot»ga o‘tish strategiyasi»ni qabul qildi. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki mamlakatda uglerod sarfini keskin kamaytirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ekologik toza va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yetarli emas», — dedi Ekopartiya yetakchisi.

Ushbu g‘oyani amalga oshirishda partiya ustuvor vazifalar etib quyidagilarni belgilagan:

  • davlat budjeti, bank va moliya institutlari, xususiy sektor mablag‘larini ekologik toza, energiya tejamkor loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan «yashil» moliyalashtirish tizimini rivojlantirish;
  • davlat xaridlari tizimida «yashil» xaridlarga ustuvorlik berish;
  • «yashil» texnologiyalar sohasidagi ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni moliyalashtirish hajmlarini oshirish, sanoat korxonalarini «yashil» texnologiyalarga o‘tishini iqtisodiy va moliyaviy rag‘batlantirish tizimini joriy etish;
  • tarmoqlar va hududlarning «yashil iqtisodiyotga o‘tish indeksi»ni ishlab chiqish;
  • mamlakat iqtisodiyotida «yashil» iqtisodiyot ulushini 30 foizga yetkazish, shu asosda yillik iqtisodiy o‘sish sur’atini 7 foizdan yuqori bo‘lishini ta’minlash;
  • qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalaridan foydalanishga o‘tish, qayta tiklanuvchi va muqobil energiya ishlab chiqaruvchilarga keng iqtisodiy va moliyaviy rag‘batlantirish tizimini joriy etish;
  • davlat tomonidan «yashil» ish o‘rinlarini yaratishni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyot tarmoqlari uchun zamonaviy malakali kadrlarni tayyorlash;

«Biz «yashil» iqtisodiyot tamoyillari asosida mamlakatni jadal rivojlantirishga keng tadbiq etishning qayta tiklanuvchi va muqobil energiya huquqiy asoslarini ishlab chiqish hamda tejamkor sug‘orish texnologiyalarini keng joriy etish choralarini ko‘ramiz. Bu esa mamlakat miqyosida asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosildorligini o‘rtacha 25−30 foizgacha oshirish imkonini beradi.

Iqtisodiyotda ikki karra energiya samaradorligiga erishish, «yashil» tariflarni joriy etish, yangi quvvatlarni ishga tushirish orqali. qayta tiklanuvchi va muqobil qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini bugun mamlakatda amal qilayotgan umumiy energiya balansida 40 foizga yetkazish imkoniyatiga ega bo‘lamiz", — dedi Narzulla Oblomurodov.

Ikkinchi yo‘nalish. Ekologik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirish, ya’ni maishiy va sanoat chiqindilarini tartibga solish

Partiya rahbari O‘zbekistonda sanoat chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishni 10 yillik strategiyasini ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.

«Afsuski, keyingi yillarda atrof-muhitga chiqarilayotgan chiqindilar va ularni qayta ishlash masalasida kompleks yondashuv yetishmayapti. O‘zbekiston Respublikasining «Chiqindilar to‘g‘risida"gi qonuni allaqachon bugungi kun talablariga javob bermay qolgan», — deya ta’kidladi partiya rahbari.

«Mamlakatimizda hamon saqlanib qolayotgan chiqindi poligonlari masalasi juda muhim, yechimi kechiktirilmas muammoga aylangan. Hozir yurtimizdagi 235 poligondan yiliga atmosferaga 3,3 million tonna issiqxona gazlari tashlanmoqda. Ular yerosti suvlari va tuproqni ham ifloslamoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, sanitar tozalash korxonalarining qamrov ko‘rsatkichini 100 foizga yetkazish uchun 2022 yilda 300 ta maxsus texnika vositasi jalb qilish, 2025 yilgacha 95 ta chiqindini qayta yuklash ko‘chma stansiyasi tashkil etish, qayta yuklash stansiyalarini 420 ta maxsus texnika vositasi va 520 ta konteyner bilan ta’minlash, 2028 yilgacha 167 ta poligonni yopish va rekultivatsiya qilish zarur. Bunday keng ko‘lamli investitsiyalarni amalga oshirish uchun xususiy sektorni yanada keng jalb jalb etish choralarini ko‘rish lozim. Bunda DXSH ga alohida ahamiyat beriladi», — dedi Narzulla Oblomurodov.

Chiqindilardan ikkilamchi xom ashyo sifatida foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida «Chiqindilar to‘g‘risida"gi qonunini yangi tahrirda qabul qilish zarurligi aytildi.

«Rivojlangan davlatlarda 90 foizgacha qayta ishlashga jalb qilingan maishiy chiqindilarning bizda bor-yo‘g‘i 15−20 foizi qayta ishlanadi. Qolgan qismi esa, ekotizim uchun yana yangidan-yangi muammolarni yuzaga keltirmoqda. Mazkur muammoni samarali hal etish maqsadida maishiy chiqindilarni qayta ishlash hajmini 60 foizga, hosil bo‘layotgan sanoat chiqindilarini qayta ishlash miqdorini esa 30 foizga yetkazish buyicha dasturlarni kabul kilish maksadga muvofik. Bu bilan atrof-muhit ifloslanishining oldini olish, poligonlarni kamaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ikkilamchi mahsulotdan ishlab chiqarishda samarali foydalanish hamda mahsulot tannarxining arzonlashishi kabi manfaatlarga erishish mumkin bo‘ladi», — dedi Oblomurodov.

Uchinchi yo‘nalish. Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish

Ichimlik suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini yaxshilash bo‘yicha dasturiy vazifalarni amalga oshirish orqali aholining ichimlik suvi ta’minoti 90 foizga yetkazilishi qayd etildi.

Ushbu maqsadlarda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

  • suv resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy islohotlar olib boriladi;
  • ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish, yangilarini qurish, eskirganlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha manzilli dastur, loyihalar ishlab chiqilishi, ularni izchillik bilan ro‘yobga chiqarish orqali shahar va tumanlarning ichimlik suvi hamda kanalizatsiya tizimi ta’minoti yaxshilanadi;
  • qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda suvni chuchuklashtiruvchi lokal qurilmalar barpo etish orqali olis qishloq joylarda suv ta’minoti sezilarli darajada yaxshilanadi;
  • ichimlik suvi ta’minoti loyihalarida bozor mexanizmlarini joriy etishga, loyiha tashabbuskorining tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’iy nazar suv hisoblagichlarning o‘rnatilishi natijasida suv resurslaridan samarali foydalanishga erishiladi;
  • oqova suvlarni tozalash inshootlarining samaradorligi past bo‘lgan hududlarda, jumladan Angren, Guliston, Samarqand, Jizzax, Urganch, Nukus, Andijon, Chirchiq va Toshkent shaharlaridagi oqova suvlarni tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish hamda yangilarini qurish choralari ko‘riladi.

«Oldimizda turgan yana bir yirik masala atmosfera havosining musaffoligini asrash bilan bog‘liq. Insoniyat hayoti uchun eng muhim omil bo‘lgan atmosfera havosini muhofaza qilish, uning sifat ko‘rsatkichlarini ekologik normativlarga muvofiqligini ta’minlash strategik maqsadimiz bo‘lib qoladi», — dedi Ekopartiya nomzodi.

Atmosfera havosini muhofaza qilishni ta’minlovchi ekologik xavfsizlik talablari quyidagilardan iborat bo‘lishi lozimligi aytildi:

  • joylarda atrof-muhitni me’yoridan ortiq ifloslantiruvchi manbalarni aniqlash orqali ularning texnologik jarayonlarini modernizatsiya qilish, yangi innovatsion texnologiyalarni joriy etishning huquqiy asoslarini ishlab chiqish;
  • atmosfera havosiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi har qanday xo‘jalik faoliyati turlarini ifloslantiruvchi moddalarni tozalash uskunalari bilan jihozlanmasdan loyihalashtirishni ta’qiqlash.

Shaharlar va sanoat hududlarida havoning ifloslanishi aholi salomatligiga jiddiy xavf solayotganini nafas yo‘llari, allergiya kabi muayyan kasalliklarning avj olishi, yosharishi misolida ham yaqqol ko‘rish mumkinligi aytildi.

«Xalqaro qabul qilingan amaliyotga muvofiq ifloslantiruvchi moddalarning o‘rtacha konsentratsiyasi normativlari asosida havo sifatini baholashning mavjud tizimini isloh qilish maqsadga muvofiq. Shaharlar va yirik sanoat majmualari atrofida atmosfera havosi sifatini muntazam monitoring qilish stansiyalarini ko‘paytirish ularni zamonaviy jixozlar bilan ta’mirlash, PM 10 va PM 2,5 ko‘rsatkichlarini kuzatib borish zarur», — dedi Narzulla Oblomurodov.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi ilgari surayotgan dasturiy maqsadlar qatorida bioxilma-xillikni va ekotizimlarni saqlash hamda ulardan oqilona foydalanish masalasi ham o‘rin olgan. Shu maqsadda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonlarini mamlakat hududining 12 foiziga yetkazish, respublika hududining o‘rmon bilan qoplanganlik darajasini 7,6 foizdan 15 foizga yetkazishga alohida e’tibor qaratilishi qayd etildi.

To‘rtinchi yo‘nalish. Orolbo‘yi mintaqasida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni, aholining yashash sharoitlarini yaxshilash

Ushbu yo‘nalishda Orol dengizining ekologik falokati oqibatlarini yumshatishga qaratilgan innovatsion loyihalarni amalga oshirish maqsad qilingan. Buning uchun:

  • Orol muammosini hal etishga hamda bu muammoning Orolbo‘yi aholisi genofondiga va atrof-muhitiga salbiy ta’sirini yumshatishga jamiyatning barcha kuchlarini jalb etish hamda Orolbo‘yi mintaqasiga ekologik innovatsiya va texnologiyalarni tatbiq etish ishlarini kuchaytirish;
  • qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish orqali Orolbo‘yi hududiga Amudaryoning yuqori va o‘rta qismidan yiliga kamida 5−6 km3 hajmda suv yuborilishini ta’minlash;
  • Nukus, Buxoro, Urganch, Xiva, Navoiy, Mo‘ynoq kabi aholi yashash punktlari atrofida «yashil belbog‘lar» barpo etish hamda mazkur hududlardagi istirohat bog‘lari maydonlarini kengaytirish;
  • Orolbo‘yi hududining Qozog‘iston hamda Turkmaniston bilan tutash hududlarida transchegaraviy muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil etish;
  • Global iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij bitimi doirasida mamlakatda issiqxona gazlari ta’sirini qisqartirishni nazarda tutuvchi milliy strategiya va harakatlar rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish.

Beshinchi yo‘nalish. Davlat va jamiyat boshqaruvini yanada demokratlashtirish, inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash, odil sudlovning samaradorligini, xalqning sud organlariga nisbatan qat’iy ishonchi va hurmatini oshirish

Ekopartiya rahbarining ta’kidlashicha, partiya tabiatni asrab-avaylash, mamlakatdagi daraxtlar va suv havzalarini, tabiiy yodgorliklarni salbiy antropogen ta’sirdan himoya qilish uchun katta sa’y-harakatlarni amalga oshiradi. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni himoya qilish va ekologik huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonunchilik tashabbuslari ilgari suriladi. «Jismoniy va yuridik shaxslarning yer, suv va atmosfera havosiga salbiy ta’siri uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish, yetkazilgan zararni qoplashda „ifloslantiruvchi to‘laydi“ tamoyili tarafdorimiz», — dedi u.

Ushbu yo‘nalishda quyidagi vazifalar ustuvor bo‘ladi:

  • ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasida fuqaroviy, ma’muriy, jinoiy javobgarlik choralarini kuchaytirish;
  • atrof-muhitga yetkazilgan zararni o‘rnini qoplashning samarali mexanizmlarini joriy etish;
  • davlat boshqaruv tizimida ekologiya sohasidagi ma’muriy islohotlarni amalga oshirish;
  • «Elektron hukumat» tizimini yanada keng joriy etish orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi samaradorligini oshirish;
  • yuridik yordam va xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, sud jarayonlarida tenglik va tortishuv tamoyillarini to‘liq joriy qilish, advokaturani mustaqil, ishonchli huquqni himoya qiluvchi institutga aylantirish;
  • malakaviy yuridik yordam sifatini hamda advokat kasbining nufuzini oshirish, inson huquqlari sohasida ixtisoslashgan huquqshunoslar, xususan, ekolog-huquqshunoslarni tayyorlash tizimini takomillashtirish;
  • aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun beg‘araz huquqiy yordam ko‘rsatish tizimini joriy etish;
  • voyaga yetmagan bolalar bilan huquqiy munosabatlarda odil sudlov institutlarini joriy etish, ularning huquq va manfaatlarini birinchi navbatda ta’minlash prinsipini qonunchilik va amaliyotga yanada samarali joriy etish.

Shuningdek, fuqarolarga qulaylik yaratish, ortiqcha sarsongarchilikka yo‘l qo‘ymaslik hamda ularning vaqtini tejash maqsadida «Elektron hukumat» tizimini yanada keng joriy etish davlat xizmatlari ko‘rsatish samaradorligini oshirishga alohida urg‘u berilishi zarurligi aytildi.

Aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun beg‘araz huquqiy yordam ko‘rsatish tizimini joriy etish orqali aholining huquqiy madaniyatini oshirish hamda sud-huquq sohasidagi muammolarga osonlikcha yechim topish mexanizmi yaratiladi. «Barcha islohotlar inson manfaatlari uchun bunyod etilar ekan, avvalo, voyaga yetmaganlarga nisbatan alohida munosabatni nazarda tutadigan odil sudlov institutlarini joriy etish, bolaning manfaatlarini birinchi navbatda ta’minlash prinsipini qonunchilik va amaliyotga yanada samarali tatbiq etishga qaratish eng odilona yondashuv bo‘lishi shubhasiz», — dedi partiya rahbari.

Oltinchi yo‘nalish. Sog‘liqni saqlash, ta’lim, ilm-fan va madaniy-ma’rifiy sohalarni yanada rivojlantirish

Tibbiyot sohasida «Sog‘lom muhit — inson salomatligi!» shiori ostida:

  • aholi salomatligini saqlash, tibbiy xizmat sifatini oshirish, fuqarolarning o‘rtacha hayot davomiyligini oshirishga xizmat qiluvchi tibbiyot sohasidagi huquqiy baza takomillashtiriladi;
  • raqamli tibbiyotning asosiy infratuzilmasini yaratish, tibbiyot sohasining moddiy-texnik bazasini kuchaytirish, tibbiy texnika va dori-darmon ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi oshiriladi;
  • sanitariya-epidemiologiya sohasida potensial xavf-xatarlarni prognoz qilish, baholash, yuqumli kasalliklar tabiiy o‘choqlari ustidan epidemiologik monitoring va epidemiyaga qarshi profilaktik tadbirlar majmui amalga oshiriladi;
  • aholining kam ta’minlangan qatlamlari va ekologik nomaqbul hududlar aholisi uchun ijtimoiy tibbiy xizmat ko‘rsatishning huquqiy asoslari ishlab chiqiladi va joriy etiladi;
  • sog‘lom turmush tarzi hayotga keng tadbiq etiladi va ommaviy sport turlari yanada rivojlantiriladi, sog‘lom ovqatlanish madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha majmuaviy chora-tadbirlar amalga oshiriladi;
  • inson sog‘lig‘iga salbiy ekologik omillarning ta’sirini bartaraf etish, sifatli va to‘liq tibbiy xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan tibbiy sug‘urta mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha ishlar jadallashtiriladi;
  • aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtiriladi;
  • tibbiy sug‘urta, xususiy tibbiy yordam ko‘rsatish va farmatsevtika sanoati rivojlantiriladi, dori vositalari sifati va narxi barqarorligi ta’minlanadi.

«Aholi salomatligini mustahkamlash uchun sog‘lom turmush tarzini faol targ‘ib qilish, ommaviy sport va jismoniy tarbiya rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, harakatsiz turmush tarzi bilan bog‘liq kasalliklar tarqalishini kamaytirish ustuvor yo‘nalishimiz hisoblanadi», — deya ta’kidladi Narzulla Oblomurodov.

Orolbo‘yi va boshqa ekologik nomaqbul hududlarda ekologik holatni tubdan yaxshilash bo‘yicha sanitar-epidemiologik monitoring tizimi rivojlantiriladi.

Ta’lim sohasida «Tabiatni fidoiylar saqlab qoladi!» shiori ostida:

  • «yashil» taraqqiyot tamoyillarini ta’lim va fanga integratsiya qilish;
  • uzluksiz ta’limning barcha bosqichlarida ekologik ta’lim-tarbiya tamoyillarni keng joriy etish;
  • oliy ta’lim tizimida ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish yo‘nalishlari bo‘yicha malakali kadrlarni tayyorlashni ko‘paytirish;
  • maktabgacha ta’lim qamrovini 100 foizga, oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 40 foizga yetkazish;
  • uzluksiz ta’lim sifatini mustaqil baholash tizimini shakllantirish va qo‘shimcha pedagogik ta’lim xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirish;
  • ekologik tadqiqot va innovatsion faoliyat ko‘lamini kengaytirish, biznes-inkubator va texnoparklarni tashkil etgan holda innovatsion infratuzilmani rivojlantirish nazarda tutiladi.

Ilm-fan sohasida «Tabiatni avaylash — hayotni asrash!» shiori ostida:

  • ekologik toza, chiqindisiz va resurstejamkor texnologiyalarni ishlab chiqishga qaratilgan ilm-fan rivojini jadallashtirish hamda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish asosida ilmiy mahsulotlar hajmi va innovatsion mahsulotlar turlari kengaytiriladi;
  • atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ilmiy tashkilotlarning ilmiy-innovatsion faoliyatini iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ehtiyojlariga to‘liq moslashtirish, yuqori samarador ilmiy ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish ko‘lami oshiriladi;
  • hududlarda ekotexnoparklar tashkil etish va ular faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning ishlanmalarini hududlarda keng joriy etish choralari ko‘riladi;
  • ekologik ilmiy-tadqiqot izlanishlarida ayollar va yoshlarning ishtiroki yanada oshiriladi;
  • ilm-fan sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish, ilm-fanda o‘zini o‘zi boshqarish tizimini rivojlantirish orqali davlat va ilmiy tashkilotlar o‘rtasida ijtimoiy sheriklik rivojlantiriladi.

«Tabiat — kelajak avlodlardan olingan qarz!» shiori ostida madaniy-ma’rifiy sohada quyidagi vazifalar amalga oshiriladi:

  • jamiyatda yuksak ekologik madaniyatni shakllantirish, ona tabiatni, jumladan o‘simlik va hayvonot dunyosini asrab-avaylash, ularga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish hissini kuchaytirish;
  • jamiyatda ekologik madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha Milliy dasturni qabul qilish;
  • oila va mahalla tizimida insonning tabiatga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirishga qaratish;
  • aholining atrof-muhit holati bo‘yicha xabardorligini oshirish, muntazam ravishda atrof tabiiy muhit holati yuzasidan milliy ma’ruza va tahliliy hisobotlarni nashr etib borish;
  • har bir insonda atrof muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, atrof muhitga ta’sir darajasi yuqori bo‘lgan korxonalarning ekologik mas’uliyatini oshirish, yashil tashabbuslarni amalga oshirishga e’tiborni yanada kuchaytirish.

Yettinchi yo‘nalish. O‘zbekiston atrofida xavfsizlik, barqarorlik va do‘stona qo‘shnichilik munosabatlari mintaqasini yaratish

Partiya tashqi siyosat va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish sohasida quyidagi asosiy ustuvor vazifalarni belgilamoqda:

  • O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi siyosatini mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, mintaqaviy xavfsizlikning asosiy muammolarini, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyatni hal qilishga yordam berishga qaratish;
  • Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolarning suv va energetika resurslaridan oqilona foydalanish, transchegaraviy muhofaza etilayotgan hududlarni barpo etish va mintaqaning ekologik barqarorligini ta’minlashga qaratish;
  • mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaviy transport-tranzit infratuzilmasini rivojlantirish;
  • Afg‘oniston bilan aloqalarni mustahkamlash jarayonlarini davom ettirish;
  • Hamdo‘stlik davlatlari bilan o‘zaro, savdo-iktisodiy, investitsiyaviy hamkorlik munosabatlarini tenglik, bir-birining manfaatlarini hurmat qilish va hisobga olish asosida davom ettirish.

«BMT bilan hamkorlikni faol ravishda davom ettirgan holda xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, zamonaviy muammolarga va tahdidlarga qarshi birgalikda kurashamiz», — dedi Narzulla Oblomurodov.

Bu borada quyidagi vazifalarni amalga oshirishga e’tibor qaratiladi:

  • O‘zbekiston manfaatlariga mos keluvchi ekologiya va tibbiyot sohalarida BMT tomonidan qabul qilingan konvensiyalar va xalqaro bitimlarga qo‘shilish;
  • global va transchegaraviy ekologik muammolarni hal qilishda xorijiy davlatlar, avvalambor Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik va do‘stona munosabatlarni mustahkamlash;
  • dunyodagi ekologiya yo‘nalishidagi partiyalar va harakatlarining yadroviy, kimyoviy va biologik qurollarning tarqalishini oldini olish va kelgusida ularni butunlay yo‘q qilish siyosatida faol ishtirok etish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish;
  • ekologik xavfsizlikni ta’minlash, O‘zbekistonda «yashil» taraqqiyot tamoyillarini joriy etishda samarali xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;
  • mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish loyihalarini rivojlantirishda xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi BMT bilan hamkorlikni faol ravishda davom ettirgan holda xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, zamonaviy muammolarga va tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish tarafdori ekanligi ta’kidlandi.