26 avgust kuni, mahalliy vaqt bilan soat 19:00 atrofida, Qozog‘iston, Jambil viloyati, Bayzak tumani, Taraz shahri yaqinidagi Qaynar qishlog‘idagi harbiy qismda, muhandislik o‘q-dorilari saqlanadigan omborlardan birining yonida yong‘in yuzaga keldi, so‘ng portlashlar sodir bo‘ldi. Bu haqda Qozog‘iston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, portlatish uchun mo‘ljallangan muhandislik o‘q-dorilari uzoq masofali o‘qlarga ega emas, shuning uchun portlashlar natijasida o‘q-dorilar parchalari va bo‘laklari tarqalmagan. «Portlashlar asosan zarba to‘lqini, katta ovozli zarba va alangalanish xususiyatiga ega», — deyiladi xabarda.

Mudofaa vaziri Nurlan Yermekbayev portlashlar oqibatida to‘rt harbiy xizmatchi halok bo‘lganini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Tengrinews. Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha kishi aloqaga chiqayotgani yo‘q. Qidiruv ishlari olib borilmoqda.

Hozirda 66 kishi jabrlangan haqida xabar berilgan. Ayni paytda portlashlar to‘xtagan. Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi Tarazdagi maktablarga taxminan 1200 kishi evakuatsiya qilinganini ma’lum qilgan.

«Bayzoq viloyatidagi vaziyat to‘liq nazorat ostida», — deb yozdi Jambil viloyati hokimi Berdibek Saparbayev.