Rossiyaning Forbes nashrida hech qanday tashqi sarmoyalarsiz biznes boshlagan, Space X va «Roskosmos» kompaniyalari bilan hamkorlikka erishgan, kelib chiqishi o‘zbekistonlik Dmitriy Bogdanov haqida maqola e’lon qilindi. «Gazeta.uz» maqolaning qisqartirilgan versiyasining tarjimasini taqdim qiladi.

O‘zbekistondan Germaniyaga

ExoLaunch kompaniyasining 42 yoshli bosh direktori Dmitriy Bogdanov O‘zbekistonda tug‘ilgan. 1995 yilda u Toshkent aviatsiya institutiga o‘qishga kiradi.

Tadbirkor ta’lim muassasasi borasidagi tanlovini quyidagicha izohlaydi: «Men uchun muhimi aviatsiya yo‘nalishida o‘qish emasdi: men texnikaga oid nima bilandir shug‘ullanishni xohlashimni bilardim. Lekin bu institut uyimning shundoqqina qarshisida edi, men esa erta turishni unchalik ham yoqtirmasdim».

Uchinchi kursda u Germaniyaga ketish maqsadida o‘qishni tashladi. 1995 yil Toshkentda «hammasi yaxshi edi», lekin Bogdanov ta’lim olish uchun «qiziqarliroq joylar bor"ligini tushunib yetdi.

2000 yilda u Berlin texnika universitetiga aviatsiya va kosmonavtika muhandisligi mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishga kirdi. 2006 yilda universitetni tamomlagach, kafedrada o‘qituvchi sifatida ishda qoldi va kosmik kemalar qurilishi sohasida amaliy tadqiqotlar olib bordi.

«Biz kichik sun’iy yo‘ldoshlar prototipini yasardik, ularni kosmosga uchirardik va u yerda o‘zini qanday tutishini kuzatardik», — deydi Bogdanov. Bir necha yillar o‘tib tadqiqotlarga bo‘lgan bu qiziqishi Bogdanovga yangi biznes ochish imkonini berdi.

Birinchi parvozdan Space X gacha

2009 yil sentyabrida Bogdanov faoliyat olib borgan kafedra hind raketa tashuvchilari PSLV yordamida og‘irligi bir yarim kilogrammdan bo‘lgan ikkita xususiy kichik BeeSat-1 sun’iy yo‘ldoshlarining kosmosga parvozini tashkil qilishdi.

Bu paytga kelib bozorda allaqachon kichik sun’iy yo‘ldoshlar paydo bo‘lgan edi, masalan, yerni masofadan zondlash yoki havo va suv kemalarini aniqlash uchun. Mazkur bozorning o‘sishi natijasida sun’iy yo‘ldoshlarni orbitaga chiqarishga bo‘lgan talab ham oshib borishi tadbirkorga kundek ravshan edi.

Shunday qilib Bogdanov boshlang‘ich kapitali 3 mln yevro bilan kichik sun’iy yo‘ldoshlarni kosmosga chiqarish bilan shug‘ullanuvchi ExoLaunch kompaniyasiga asos soldi. Ilk parvoz daromadli bo‘lib chiqdi — nemis universitetlariga bu 70 ming dollarga tushdi, shundan 7 foizi ExoLaunch`ning xizmat haqi hisoblanardi.

2020 yilda ExoLaunch Space X kompaniyasining hamkoriga aylandi. Kompaniyaning sotuv bo‘yicha menejeri bilan Bogdanov 2019 yilning o‘rtalarida Yuta shtatida o‘tkazilgan SmallSet Conference vaqtida tanishgan edi.

ExoLaunchning Space X bilan ilk loyihasi 2020 yil 13 iyunda amalga oshirildi — Bogdanov va uning xodimlari Falcon 9 raketa tashuvchisida Amerikaning sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va analitik ma’lumotlar yetkazib beruvchisi Planet`ga tegishli bo‘lgan uchta kichik SkySat sun’iy yo‘ldoshlarini uchirishni tashkillashtirdi.

Bundan bir oy o‘tib — 18 avgustda Falcon 9 xuddi shunday sun’iy yo‘ldoshlardan yana uchtasini Yer orbitasiga yetkazib qo‘ydi: ikkala parvoz ham AQSh Harbiy havo kuchlarining Floridadagi Kanaveral burnidan amalga oshirildi.

2020 yil oktyabr oyida kompaniya Space X bilan uzoq muddatli hamkorlik bitimini imzoladi: endi ExoLaunch Amerika kompaniyalarining kichik kosmik apparatlarini uchirish dasturi doirasidagi har bir parvozda ishtirok etadi.

Kosmosdagi «DHL»

2020 yil oxirida Latviyada tadbirkorlik aktivlari bo‘lgan tadbirkorlarning daromadlarini hisoblovchi VIP Lounge jurnali Bogdanovni «Top 50 daromad oluvchi xorijliklar» ro‘yxatiga kiritdi.

Ro‘yxatda ExoLaunch asoschisi 41 o‘rinni band etdi. Kompaniyaning foydasi 1,47 mln yevroni, aylanma mablag‘lari esa 2 mln yevroni tashkil etdi. ExoLaunch 2022 yilda o‘z aksiyalarini chiqarishni rejalashtirmoqda. Kompaniya 500 million dollardan 2 milliard dollargacha baholanmoqda.

Uzoq muddatda ExoLaunch har qanday zarur yuklarni orbitaga yoki sayyoraning o‘ziga orbital tortish moslamalari yordamida yetkazib berish orqali Mars va Oyni kolonizatsiya qilish loyihalariga yordam berishni rejalashtirmoqda.

«Bizning orzuimiz — kosmosda DHL bo‘lish», — deydi Bogdanov.