Markaziy saylov komissiyasining 25 avgust kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida O‘zbekiston prezidenti saylovini o‘tkazishda koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishini oldini olish bo‘yicha Yo‘riqnomani qabul qilish masalasi ko‘rib chiqildi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

MSK a’zosi Bahodir Yunusov yo‘riqnoma yuzasidan ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘riqnoma saylov jarayonlarida COVID-19 tarqalishining oldini olish tartibini belgilaydi.

Yo‘riqnoma 6 bob 39 banddan iborat bo‘lib, saylov jarayonida profilaktik tadbirlarni amalga oshirish, ovoz berish jarayonini tashkil qilish, koronavirus infeksiyasidan uy sharoitida davolanayotgan saylovchining turgan (yashash) joyida ovoz berishini tashkil qilish, Saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish va saylov okrugida saylov natijalarini aniqlash hamda yakuniy qoidalardan iborat.

Foto: MSK matbuot xizmati.

Yo‘riqnomaga muvofiq saylov okruglari va uchastkalarida, ovoz berish xonalarida saylov komissiyasi a’zolari, saylovchilar, kuzatuvchilar va OAV vakillari: haroratni o‘lchash uchun termometr, pirometr; himoya niqobi; bir martalik tibbiy qo‘lqop (saylov komissiyasi a’zolari uchun); antiseptik suyuqlik (sanitayzer) kabi himoya va profilaktika vositalaridan foydalanishlari talab etilishi belgilanmoqda.

«Shuningdek, saylov jarayoni ishtirokchilari himoya niqoblaridan foydalanishi; qo‘l berib salomlashish yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri kontaktga kirishishning boshqa shakllaridan saqlanishi; ijtimoiy masofaga rioya qilishlari lozim», — dedi MSK a’zosi.

Qolaversa, okrug va uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarning kirish qismida va ovoz berish xonasida ijtimoiy masofani saqlash uchun 1,5−2 metr oraliq masofani belgilovchi hamda harakatlanish yo‘nalishini ko‘rsatuvchi chiziqlar bo‘lishi lozimligi aytildi.

«Ovoz berish binosining kirish qismida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha tavsiyalar aks etgan plakatlar joylashtiriladi. Plakat ekranda namoyish etiladi. Okrug va uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarga biriktirilgan tibbiyot xodimi saylov komissiyalari binolarining kirish qismida tashrif buyuruvchilarning tana haroratini o‘lchaydi, antiseptik vosita bilan qo‘llarini dezinfeksiya qiladi va himoya niqobida bo‘lishini nazorat qiladi, zaruratiga ko‘ra himoya niqobi beradi», — dedi Bahodir Yunusov.

Uchastka saylov komissiyalari a’zolari himoya vositalaridan foydalanishi shartligi ta’kidlandi.

«Uchastka saylov komissiyalari a’zolari ish faoliyatini amalga oshirishida shaxsiy himoya vositalari (himoya niqobi, antiseptik vositalar)dan foydalanishlari shart. Ovoz berish kuni uchastka saylov komissiyasi a’zolari yuzlarini himoya qilishlari uchun plastmassali niqoblardan foydalanishi tavsiya etiladi», — dedi MSK vakili.

Binolar va xonalarning dezinfeksiya qilinishi, shuningdek ularda epidemiyaga qarshi kurash tadbirlarini amalga oshirish esa SSV hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining hududiy boshqarmalari, tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan ta’minlanadi.

«Saylov kuni ovoz berish boshlanishidan kamida olti soat oldin barcha uchastka saylov komissiyalarining ovoz berish binolari va xonalari dezinfeksiya qilinishi lozim», — dedi u.

Yo‘riqnomaga asosan saylov uchastkasi «qizil» yoki «sariq» hududga to‘g‘ri kelgan taqdirda komissiya a’zolari ish faoliyati davomida majburiy foydalanishi uchun himoya vositalari bilan ta’minlanishi belgilanmoqda. Unga ko‘ra taalluqliligi bo‘yicha: maxsus kombinezonlar, xalatlar; nafas olish tizimini himoya qilish uchun — tibbiy niqob; ko‘rish a’zolarini himoya qilish uchun — yuz uchun plastmassali niqob; qo‘llarni himoya qilish uchun — tibbiy qo‘lqop; qo‘l va yuz terisini dezinfeksiyalovchi vositalar, eritmalar, tarkibida xlor va spirt bo‘lgan mahsulotlar.

«Shaxsiy himoya vositalari va boshqa zarur buyumlar okrug saylov komissiyalariga saylovga kamida 15 kun qolganida, uchastka saylov komissiyalariga saylovga kamida 13 kun qolganida yetkazib beriladi», — deya ishontirdi Bahodir Yunusov.

Okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolariga koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanishlari uchun zarur sharoit yaratiladi. «Tana harorati 37 gradus va undan yuqori bo‘lgan komissiya a’zolari (rais, rais o‘rinbosari, kotib va boshqa a’zolar) vaqtincha ish faoliyatidan chetlatiladi va koronavirus infeksiyasiga navbatsiz laboratoriya tekshiruvidan o‘tkaziladi. Bunda, komissiya a’zosiga bir ish kuni ichida PZR test tahlili natijasi taqdim etilishi kerak», — dedi u.

Foto: MSK matbuot xizmati.

Saylovchilar va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining tana harorati 37 gradus va undan yuqori bo‘lgan taqdirda ular ovoz berish xonasiga kiritilmaydi. Bunda, tana harorati 37 gradus va undan yuqori bo‘lgan saylovchilar uchun alohida ajratilgan joylarda (binoning kirish qismi va boshqalar) ikki nafar uchastka saylov komissiyasi a’zosi hozirligida ko‘chma saylov qutilari va kabinalaridan foydalangan holda yashirin ovoz berish huquqi ta’minlanadi.

«Ovoz berish binosiga kirgach saylovchi ijtimoiy masofani saqlagan holda o‘zining shaxsini tasdiqlovchi hujjatining tegishli varag‘ini ochadi va komissiya a’zosining ushbu hujjat bilan kontaktsiz tanishishiga imkon yaratadi. Zaruratga ko‘ra, saylovchining shaxsini aniqlash maqsadida uchastka saylov komissiyasi a’zosi saylovchiga qisqa muddatga himoya niqobini ochib yuzini ko‘rsatishini so‘rashi mumkin», — dedi MSK a’zosi.

Yashirin ovoz berish kabinalariga parda osilmaydi. Ovoz berishni tashkil qilish uchun ko‘chma ovoz berish kabinalaridan ham foydalaniladi.

Saylovchiga yashirin ovoz berish kabinasida bir daqiqadan ortiq bo‘lmasligi tavsiya etiladi.

Koronavirus infeksiyasidan uy sharoitida davolanayotgan saylovchining turgan (yashash) joyida ovoz berishini tashkil etishda uchastka saylov komissiyasi saylovchi uchun alohida himoya vositalari to‘plamini tayyorlanadi.

Sellofan paketga solingan to‘plamda quyidagilar bo‘lishi kerak:

  • tibbiy niqob;
  • tibbiy qo‘lqop;
  • uchastka saylov komissiyasining ikki a’zosi tomonidan imzolangan, muhr bilan tasdiqlangan saylov byulleteni.

Uchastka saylov komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi shaxsiy himoya vositalari bilan himoyalangan holda ko‘chma saylov qutisini dezinfeksiyalab, saylovchining turgan joyiga boradi.

«Saylovchi va komissiya a’zolari o‘rtasida ijtimoiy masofa saqlangan holda saylovchining shaxsi aniqlanadi, so‘ng komissiya a’zosi saylovchiga sellofan paketga solingan to‘plamni va imzo qo‘yishi uchun saylovchilar ro‘yxatidan ko‘chirmani beradi. Saylovchi niqob va qo‘lqopni taqqan holda saylov byulletenini olganligi haqida saylovchilar ro‘yxati ko‘chirmasiga imzo qo‘yadi. Saylovchiga yashirin ovoz berish huquqi ta’minlanadi. Shundan so‘ng, saylovchi saylov byulletenini ko‘chma saylov qutisiga tashlaydi», — dedi Bahodir Yunusov.

Ovoz berish amalga oshirilganidan so‘ng komissiya a’zosi ko‘chma saylov qutisining qismlarini (yuza, yon va dastak) dezinfeksiyalaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «bu vaqtda hozir bo‘lgan kuzatuvchilar va OAV vakillari shaxsiy himoya vositalari bilan himoyalangan bo‘lishi shart».

Koronavirus infeksiyasidan statsionar davolash muassasalarida davolanayotganlar va ushbu maskanlarning ishchi-xodimi bo‘lgan saylovchilarning ovoz berishini tashkil etish uchun ushbu muassasalarda saylov uchastkalari tuzilishi mumkin. Yashirin ovoz berishni tashkil qilish uchun ushbu toifadagi binolarda ko‘chma ovoz berish kabinalaridan foydalaniladi.
Ushbu muassasalarda tashkil etilgan saylov uchastkalarida ovoz berish mazkur muassasalarning ichki tartib-qoidalariga hamda O‘zbekiston Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan tasdiqlangan (0372−20-son) talablariga qat’iy amal qilgan holda o‘tkaziladi.

Barcha ovoz berish binolarida ovozlarni sanab chiqishda dastlab komissiya a’zolari qo‘llarini va ovoz berish qutilari dezinfeksiya qiladilar, so‘ngra sanash jarayonini ijtimoiy masofa saqlangan holda amalga oshiradi, bunda hozir bo‘lgan siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari ham tibbiy niqobdan foydalanishlari va ijtimoiy masofaga rioya qilishlari kerak.

Ovozlarni sanab chiqish natijalari bo‘yicha bayonnomani to‘ldirishda uchastka saylov komissiyasining a’zolariga alohida-alohida ruchkalardan foydalanish tavsiya etiladi.

Ovoz berish natijalari chiqarilgandan so‘ng saylov komissiyasi a’zolari shaxsiy himoya vositalarini yechadi va utilizatsiya qilish uchun maxsus idishga tashlaydi.

Yo‘riqnoma SSV bilan kelishilgan. MSK yig‘ilishi yakunida mazkur Yo‘riqnomani qabul qilindi.