Prezident farmoniga ko‘ra, 1 sentyabrdan byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdori 1,1 barobarga oshiriladi. Shuningdek, bazaviy hisoblash miqdori oyiga 270 ming so‘m, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori esa oyiga 822 ming so‘m etib belgilandi.

«Gazeta.uz» avvalroq, buning fonida O‘zbekistonda 1 sentyabrdan boshlab yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdori oshishi haqida xabar bergan edi. Jumladan, hujjatsiz yurish 270 ming so‘m, «qizil»dan o‘tish 540 ming so‘m, telefonda gaplashish 810 ming so‘m hamda mast holda haydash 6 mln 750 ming so‘m etib belgilanadi.

Xalq demokratik partiyasi mazkur vaziyatga munosabat bilrdirdi.

Partiyaning ta’kidlashicha, oylik oshirilishi bilan bir vaqtda bazaviy hisoblash miqdori va to‘lanadigan jarimalar hajmining oshishi jamoatchilik orasida ayrim fikrlarga sabab bo‘lyapti.

«Xususan, „oyliklar bilan bir paytda jarimalar ham, narx-navo ham oshsa, bu tarzda o‘zgarishdan nima foyda?“, degan mazmunda savollar ham berilmoqda. O‘ylab ko‘rsak, bu savol va fikrlarda asos yo‘q emas», — deyiladi bayonotda.

XDP munosabatida aytilishicha, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa 440 ming so‘m. Mashinada svetoforning qizil chirog‘idan o‘tib ketilsa, 540 ming so‘m, mashina belgilanmagan joyga qo‘yilsa ham 540 ming so‘m jarima to‘lanadi.

«To‘g‘ri, bazaviy hisoblash miqdori davlat mukofotlari, unvonlar, esdalik nishonlar uchun nazarda tutilgan mukofot miqdorlarini, oziq-ovqat, yo‘lkira uchun xarajatlar qiymatini qoplash, obodonlashtirish xodimlarining oziq-ovqati BHMning bir baravari miqdorida kompensatsiyalar miqdorini belgilashda ham qo‘llaniladi. Lekin fuqarolarning qancha qismi yoki necha foizi bundan foydalanadi? BHMning oshishi tor doiradagi qatlamga manfaatli bo‘lishi mumkin, ammo jarimalar va boshqa miqdorlarning oshishi barchaga birdek qiyinchilik tug‘dirishi mumkin», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, partiya tomonidan ish haqi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan, pensiya va nafaqalarning eng kam miqdori esa minimal iste’mol xarajatidan kelib chiqib belgilansa, unda bazaviy hisoblash miqdorini oshirish qanchalik darajada zarurligi haqida savol qo‘yildi.

«Koronavirus pandemiyasi sharoitida aholining daromadlari kamayib ketgan, kundalik ehtiyojlarini qoplashga yetmay turgan bir paytda jarimalar miqdorining oshirilishi jamiyatda nochor qatlamning ko‘payishiga olib kelishi mumkin. Fuqarolarning iqtisodiy holati, ijtimoiy kayfiyati jarimalar miqdori oshishiga tayyor emas. Shuning uchun oylik, nafaqa va pensiyalar miqdorini oshirganda, tegishli mutaxassis va mutasaddilar BHMni ko‘tarish masalasini har tomonlama tahlil qilib ko‘rishi maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb hisoblaymiz», — deyiladi partiya munosabatida.