UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Spark avtomobili uchun shartnoma tuzish qayta boshlanganini e’lon qildi. Mazkur model uchun shartnomalarni UzAutoSavdo mobil ilovasi orqali tuzish mumkin.

«O‘zavtosanoat» matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, tizim mavjud komplektatsiyalar bo‘yicha barcha shartnomalar sotib bo‘linganidan so‘ng shartnoma tuzishni avtomat ravishda to‘xtatadi. Ya’ni tizim zavod yig‘a olishi mumkin bo‘lgan avtomobillar sonidan ko‘proq shartnoma taqdim etmaydi.

Avtoishlabchiqaruvchi avtomobillarni yetkazib berish muddatlari global miqyosda mikrochiplar taqchilligi kuzatilayotgani bois kechikishi mumkinligini qayd etdi. Shu munosabat bilan yangi shartnomalar bo‘yicha Spark avtomobilini yetkazib berish 2022 yilning fevralidan boshlanadi.

Avvalroq «Gazeta.uz» 2021 yilning olti oyi yakunlari bo‘yicha UzAuto Motors ishlab chiqarish hajmi 24 foizga kamayganiga qaramasdan, sof daromadini qariyb 70 foizga — 902,6 mlrd so‘mga (84,6 mln dollar) oshirishga muvaffaq bo‘lgani haqida xabar qilgan edi.Jumladan, Spark, Nexia, Gentra va Cobalt (Damas va Labodan tashqari) — ishlab chiqarishni 143 mingtadan 108,7 mingtaga (24 foizga) kamaytirgan.

Birinchi olti oy ichida O‘zbekiston 194 mln dollarlik avtomobil eksport qildi. Qozog‘iston asosiy bozor bo‘lib qolmoqda — yarim yilda ushbu mamlakatga 181,9 mln dollarlik mahsulot yetkazib berildi, bu eksportning 93,7 foizi demakdir. Keyingi o‘rinlarda Afg‘oniston ($5,7 mln), Ukraina ($2,3 mln) va Rossiya ($1,9 mln) bormoqda.

Global miqyosdagi mikrochiplar taqchilligi

RBKning yozishicha, maishiy eletkronika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari qariyb bir yildan buyon chiplar taqchilligidan aziyat chekmoqda. Pandemiya vaqtida smartfon, noutbuk, stol kompyuterlari, «aqlli» televizorlar, avtomobillar va internetga ulanadigan qurilmalarga talab oshib ketdi. Shu kabi har bir uskuna uning «miyasi» bo‘lgan chiplar asosida ishlaydi. Mikrochiplar ishlab chiqaruvchilari esa oshib ketgan talabni qanoatlantira olmay qoldi.

TrendForce tahlilchilari dunyoda mikrosxemalarga bo‘lgan talab mavjud takliflardan 10−30 foizga oshib ketganini aniqladi. Susquehanna Financial Group ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning birinchi to‘rt oyida yarim o‘tkazgichlar ishlab chiqaruvchilari buyurtmalarni bajarishda keskin ortda qolishni boshladi. Yirik kompaniyalar mikrosxemalarni 17 haftagacha, kichiklari esa bir yilgacha kutishga yoki loyihalardan butunlay voz kechishga majbur bo‘lmoqda.

Nashrning aniqlik kiritishicha, chiplar taqchilligi avtomobil ishlab chiqarishga ham ta’sir ko‘rsatdi. Dunyoning yirik avtokonsernlari 2021 yil boshidayoq mashinalar ishlab chiqarish rejalarini pasaytirishga to‘g‘ri kelayotganini ma’lum qilgan edi. Bu kabi muammolar Nissan, Honda, Ford, Fiat Chrysler, Volkswagen, Suzuki, Subaru va boshqalarda kuzatildi. «AvtoVAZ» hattoki Vesta, Xray va Largus kabi Lada avtomobillarini magnitolasiz chiqarishni boshladi. Avtoishlabchiqaruvchi 2021 yilda 110 mlrd dollardan ko‘proq zarar ko‘rmoqda.

Cisco rahbari Chak Robbins mikrosxemalar taqchilligi 2021 yil kuziga qadar kuchli sezilishda davom etishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya hozirda o‘liq quvvatda ishlamoqda va vaziyat kelgusi 12−18 oy ichida yaxshilanadi. TSMC esa yarimo‘tkazgichlar taqchilligi 2022 yilda ham saqlanib qoladi, deb hisoblamoqda.