O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 avgust kuni Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishiga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu mamlakatdagi harbiy-siyosiy keskinlikning kuchayishi mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik holatiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin ekani ta’kidlandi.

Afg‘on muammosining tinch yo‘l bilan hal etilishiga ko‘maklashish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni yaqindan muvofiqlashtirish hamda mintaqadagi vaziyat yuzasidan muntazam siyosiy maslahatlashuvlar olib borish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Afg‘onistondan Germaniya fuqarolarini evakuatsiya qilish masalalari bo‘yicha hamkorlik ham davom ettiriladi.

Fuqarolarning Kobuldan Toshkentga evakuatsiya qilinishi

17 avgust kuni Germaniya Qurolli kuchlarining (Bundesver) ikkinchi evakuatsiya samolyoti 125 nafar yo‘lovchi bilan Afg‘onistondan Toshkentga uchib keldi. Samolyot Kobuldan havoga ko‘tarilishi bilan GFR Mudofaa vazirligi Twitter sahifasiga Airbus A400M Kobuldan Toshkentga qaytayotgani haqida xabar qildi.

Foto: Verteidigungsministerium / Twitter.

Xabarda qayd etilishicha, bortda Germaniya fuqarolari, mahalliy afg‘on xodimlari hamda «himoyaga muhtoj boshqa shaxslar» borligi ta’kidlangan.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Mas (Heiko Maas) shunday deb yozdi: «Aviatashuvlar boshlandi va bu xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat taqozo etguniga qadar davom etadi».

GFR mudofaa vaziri Annegret Kramp-Karrenbauer esa Afg‘onistondan amalga oshirilayotgan evakuatsiyani xavfli missiya ekani, biroq Bundesverda malakali xodimlar borligini ma’lum qildi.

«Maqsad himoyaga muhtoj ko‘proq odamlarni tezkorlik bilan evakuatsiya qilish uchun Toshkent va Kobul o‘rtasida havo ko‘prigini qurishdan iborat», — dedi u.

DW ma’lumotlariga ko‘ra, Bundesverning ilk samolyoti 17 avgust kuni murakkab sharoit va xavfsizlik sababli bir necha urinishdan keyin Kobul aeroportiga qo‘ngan hamda bortga faqatgina 7 kishi — besh nafar germaniyalik, bir nafar Yevropaning boshqa davlati fuqarosi va kobullik bir afg‘onni ololgan.

Germaniya hukumati Afg‘onistondan odamlarni evakuatsiya qilish operatsiyasi uzluksiz davom etishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqchi. Bundesver 17 avgustda Kobuldan Toshkentga yana ikkita evakuatsiya reysini rejalashtirgan, dedi Xeyko Masv. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkita Airbus A400M samolyotidan tashqari, AQSh Harbiy havo kuchlarining mashinalari ham jalb qilinadi.

Nashrning aniqlik kiritishicha, Toshkentga qo‘ngan yo‘lovchilar keyinroq Lufthansa aviakompaniyasi samolyotlariga o‘tirib, Germaniyaga yetkaziladi. Birinchi samolyot Toshkentdan Frankfurt-Maynga chorshanba kuni kechqurun uchishi rejalashtirilgan. Germaniya hukumati bilan kelishuv asosida Lufthansa Kobuldan Qatar poytaxti Doxaga ham parvozlarni amalga oshiradi. Keyingi kunlarga ham bir nechta evakuatsiya reyslarini amalga oshirish belgilangan, biroq ularning aniq soni hozircha ma’lum emas.