O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Rost24.uz nashrining maqolasiga munosabat bildirar ekan, Tashkent City biznes majmuasiga kirish bepul bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Maqola muallifi Hulkar Murtazoyeva Tashkent City`ni O‘zbekistonda qabul qilingan ayrim qoidalar amal qilmaydigan shahar ichidagi «davlatcha»da deb atagan. Misol uchun, karantin munosabati bilan maxsus komissiyaning 20 iyuldan boshlab O‘zbekiston hududidagi barcha ovqatlanish maskanlari — kafe, choyxona, restoran va oshxonalarning faoliyati ertalabki soat 8 dan kechki soat 20 gacha etib belgilangan edi.Ular faqat ochiq havoda faoliyat yuritishi kerak bo‘lgan. Ammo majmuada bu qoida amal qilmagan.

Biroq huquqbuzarlarni javobgarlikka tortish o‘rniga 10 avgustdan boshlab xodimlari koronavirusga qarshi vaksinaning kamida 2 ta dozasini olgan umumiy ovqatlanish obyektlari 20:00 dan keyin va yopiq binolarda ishlashlariga ruxsat berildi. Jurnalist buni «kichkinagina 80 gektarlik maydondagi bir «davlatcha»ning katta bir respublika qonunlariga ta’siri» deb hisobladi.

Hulkar Murtazoyeva qayd etishiga ko‘ra, Tashkent City`ning ma’muriy va hududiy boshqaruv tizimi Rim shahridagi Vatikan davlatini eslatadi. Birgina farqli jihati — Vatikanga kirish va tasvirga olish tekin.

Maqolada Tashkent City loyihasiga prezident qarori asosida imkoniyat va imtiyozlar berilgan. Taqdim etilgan imtiyozlar uchun O‘zbekiston fuqarolariga majmuaga kirish tekin bo‘lishi kerak.

XDP qayd etishicha, ijtimoiy tarmoqdagi bu chiqish turli fikrlar, postlarga sabab bo‘lgan. «Ayrimlar o‘zbek jamiyati ijtimoiy tabaqalanishga yuz tutayotganligini, yana boshqalar puldorlarning o‘zboshimchaligini tanqid qilgan bo‘lsa, yana kimdir alohida qoidalar ishlaydigan loyihalar qurishga hojat yo‘qligini bayon qiladi», — deyiladi xabarda.

Partiya ta’kidlashiga ko‘ra, ko‘tarilgan mavzuda «jamiyatda sun’iy ravishda ijtimoiy va mulkiy tabaqalanishuv» ro‘y berayotganiga urg‘u berilgan. XDP fraksiyasi a’zolari jamiyatda keskin tabaqalanishuv sodir bo‘lishiga qarshi, partiya dasturiy maqsadlarida bu masalalarga urg‘u bergan.

XDP Konstitutsiyaning 18 moddasini keltiradi:

«O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.

Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qo‘yiladi hamda ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart".

Konstitutsiyaning 20 moddasida esa «Fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart», deb yozilgan.

«„Tashkent City“ hududiga kirish pulli ekani mana shu tamoyillarga zid, deb hisoblaymiz. Bunday tabaqalashuv fuqarolarning kayfiyatiga yomon ta’sir ko‘rsatadi», — deyiladi partiya xabarida.

XDP jamiyatda barqarorlikni saqlab turish uchun ijtimoiy keskinlikni yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy muammolarni tezkor hal etish zarur, deb hisoblaydi.

«O‘zbekistonda moliyaviy belgilarga, shuningdek, ayrim imtiyozlarga ko‘ra tabaqalanishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Shuning uchun Tashkent City`ga kirish bepul bo‘lishi shart», — deyiladi xabarda.

2020 yilning 17 dekabrdan Tashkent City bog‘iga kirish pullik qilingan edi. Kattalar uchun chipta narxi — 10 ming so‘m, bolalar uchun — 5 ming so‘m, yengil avtomobilda kirish — 20 ming so‘m etib belgilangan edi. Dastlab, to‘lov 2021 yil 10 yanvargacha yangi yil ta’tillarida joriy etilgani xabar qilingan, biroq ushbu tartib muddatdan keyin ham qolgan.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bog‘ni saqlash uchun oyiga 900 mln so‘m sarflanishini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uni saqlash uchun davlat byudjetidan mablag‘ ajratilmaydi. «Shuning uchun o‘zini-o‘zi boqqani hamma joyda eng dolzarb manimcha», — degan edi hokimi.

Bundan tashqari, Murod Nazarov Tashkent city ishbilarmonlik markazidagi qurilishlar tasdiqdan o‘tmagani, hattoki Hilton mehmonxonasi hujjatlari ham endi tayyorlanayotganini aytgan edi. Bunga «Tashkent city» direksiyasi munosabat bildirib, «Murod Nazarovning fikrlari xaqiqiy holatga to‘g‘ri kelmasligi va asossiz"ligini aytdi. Mazkur holatga Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ham izoh bergan.