Afg‘onistonning harbiy va siyosiy arbobi, asl kelib chiqishi o‘zbek bo‘lgan marshal Abdul-Rashid Do‘stum 14 avgust kuni o‘zbek-afg‘on chegarasini kesib o‘tgan va hozirda O‘zbekiston hududida bo‘lib turibdi. Bu haqda Reuters va «RIA Novosti» xabar tarqatdi. TASS agentligi mahalliy jurnalistga tayanib, ayni vaqt Do‘stum Termizda ekanligini yozmoqda. Mazkur xabarni «Gazeta.uz»ga Surxondaryo viloyatidagi manbasi ham tasdiqladi.

Shanba kuni «Tolibon» harakati Afg‘onistonning shimoli-g‘arbida joylashgan Balx viloyatining ma’muriy markazi — Mozori-Sharif shahrini egalladi. Afg‘oniston hukumati qo‘shinlarining bir qismi O‘zbekiston bilan chegara hudud tomonga harakatlangan va Do‘stlik («Termiz-Hayraton») ko‘prigi ustida to‘planishgan.

Toliblar shimoldagi so‘nggi shaharni qo‘lga olgach, hukumat xavfsizlik kuchlari va mahalliy jangari guruhlar qochishni boshlagan. Ular orasida Afg‘oniston o‘zbeklarining norasmiy yetakchisi marshal Abdul-Rashid Do‘stum va tojiklar yetakchisi, Balx viloyatining sobiq gubernatori Atta Muhammad Nurning ham borligi aytilmoqda.


Marshal Do‘stum i Atta Muxammad Nur. Foto: Facebook.

Atta Muhammad Nur Twitter`da ular xavfsiz joyda ekanligini ma’lum qildi. Uning yozishicha, toliblar fitna natijasida hududni qo‘lga olgan: «Barcha hukumat inshootlari va kuchlari «Tolibon»ga topshirilgan edi. Bu fitnaning ko‘lami katta va keng edi, ular marshal Abdul-Rashid va meni tuzoqqa tushirmoqchi bo‘lishdi, biroq bu amalga oshmay qoldi».

Marshal Do‘stumning qayerda ekanligiga oid xabar yuzasidan «Gazeta.uz» so‘roviga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi izoh bermadi.

Do‘stlik ko‘prigida afg‘on askarlari to‘plangan kuni O‘zbekiston qo‘shni davlatning 84 nafar harbiy xizmatchisini vaqtincha qabul qildi va ularga tibbiy yordam ko‘rsatdi.

Marshal Do‘stum kim?

Abdul-Rashid Do‘stum 1980 yillar boshida SSSRda tahsil olgan, deb yozmoqda RBK, afg‘on urushi (1979−1989) yillarida asosan o‘zbeklardan tuzilgan hukumat qo‘shinlarining 53-diviziyasi qo‘mondoni bo‘lgan. Sovet qo‘shinlari olib chiqib ketilgandan so‘ng u hukumatni Afg‘onistonni federallashtirish sharti bilan qo‘llab-quvvatlagan. 1990 yillarda jangarilar bilan mamlakat shimolidagi Mozori-Sharif shahrida muxtoriyat tuzib oldi. Fuqarolik urushida «Tolibon» g‘alabasidan so‘ng, Do‘stum 1997 yili vaqtinchalik mamlakatni tark etdi. 2014 yilgi prezident saylovlaridan so‘ng u Afg‘oniston vitse-prezidenti lavozimi qo‘lga kiritdi, biroq, 2017 yilning mayida Turkiya jo‘nab ketishga majbur bo‘ladi.

Turkiyada uzoq davom etgan davolanishdan so‘ng, u 4 avgust kuni Afg‘onistonga qaytdi. 11 avgust kuni Afg‘onistondagi o‘zbeklar jamoatidan — Abdul-Rashid Do‘stum, tojiklar jamoatidan — Atta Muhammad Nur, hazora jamoatidan — Xoji-Mohammad Mohakik prezident Ashraf G‘ani bilan uchrashdi. Muloqotda hukumat mudofaa va xalq safarbarlik kuchlarini muvofiqlashtirish, Tolibon tomonidan qo‘lga kiritilgan hududlarni qaytarish bo‘yicha operatsiya muhokama qilindi.

2020 yilning sentabrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining yalpi majlisidagi onlayn nutqida Dohada (Qatar) bo‘lib o‘tayotgan Afg‘onistonning siyosiy kuchlar o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarini qo‘llab-quvvatlagan edi. Shundan so‘ng, O‘zA davlat axborot agentligi marshal Abdul-Rashid Do‘stumning «O‘zbek tilim, millatim, iftixorim mening» nomli maqolasini e’lon qilgan edi.

Maqolada u Shavkat Mirziyoyevning chiqishini «alohida tarixiy voqea» deb atagan. «Men bundan shaxsan o‘zim o‘zbek o‘g‘loni va afg‘onistonlik o‘zbeklarning rahbari sifatida faxrlanaman. Bu biz uchun yuksak iftixordir», — deya ta’kidlagan marshal.