O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning shimoliy viloyatlarida yuz bergan suv toshqinlari oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani, binolar va infratuzilma obyektlariga katta ziyon yetgani munosabati bilan Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anga hamdardlik bildirdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Davlat rahbari butun Turkiya xalqiga, shuningdek, halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamda jarohatlanganlarga hamdardlik va dalda so‘zlarini yetkazishni so‘radi.

Ma’lumot uchun, TRT Haberning xabar berishicha, ayni vaqtda mamlakat shimolida kuzatilayotgan sel falokati natijasida halok bo‘lganlar soni 71 nafarga yetdi. Jumladan, Kastamonuda 60, Sinopda 10 va Bartin viloyatida 1 kishi hayotdan ko‘z yumgan, Sinop va Kastamonuda 47 kishi bedarak yo‘qolgan. Tabiiy ofat hududlaridan 2300 dan ziyod fuqaro evakuatsiya qilingan.