Ertaga “Yangi O‘zbekiston” gazetasida Shavkat Mirziyoyevning intervyusi chop etiladi. Bu haqda dushanba kungi brifingda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Unga ko‘ra, ushbu haftada hududiy elektr tarmoqlari korxonalarini transformatsiya qilish, o‘quv-tarbiya jarayonlari sifatini oshirish, yer hisobini yuritish sohasidagi ishlar natijadorligi yuzasidan taqdimotlar o‘tkazilishi mo‘ljallangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining tadbirkorlar bilan “ochiq muloqoti"ga faol tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

“17 avgust kuni „Yangi O‘zbekiston“ gazetasida prezident Shavkat Mirziyoyevning intervyusi chop etiladi. Gazeta bosh muharriri Salim Doniyorov bilan bo‘lgan ushbu suhbatda O‘zbekistonning oxirgi 5 yillikdagi rivojlanish yo‘li, ichki va tashqi siyosati, hozirgi kundagi ustuvor vazifalar haqidagi so‘z boradi”, — deydi Sherzod Asadov.