60 dan ortiq mamlakatlar chet elliklar va Afg‘oniston fuqarolarini xavfsiz chiqib ketishini ta’minlashga chaqirdi. Bu haqda AQSh Davlat departamenti tomonidan tarqatilgan bayonotda aytilmoqda.

Murojaatni qo‘llab -quvvatlagan davlatlar orasida AQSh, Kanada, Yaponiya, Qatar, Fransiya, Germaniya, Ukraina, Italiya va Buyuk Britaniya bor.

«Xavfsizlik holatining yomonlashishini hisobga olib, biz barcha tomonlarni hurmat qilishni va mamlakatni tark etishni istagan chet elliklar va afg‘onlarning xavfsiz hamda tartibli chiqib ketishi uchun sharoit yaratishga chaqiramiz», — deyiladi murojaat matnida.

«Yo‘llar, aeroportlar va chegara o‘tish joylari ochiq qolishi va tinch vaziyat saqlanishi kerak», — deya ta’kidlandi bayonotda.

«Afg‘onlar xavfsiz va munosib ravishda hayot kechirishga haqli. Biz, xalqaro hamjamiyat, ularga yordam berishga tayyormiz», — deyiladi xabarda.

Bir kun oldin «Tolibon» Kobulga kirib, shu tariqa Afg‘onistonni to‘liq bosib oldi. Prezident Ashraf G‘ani mamlakatni tark etdi.