Al-Jazeera telekanali efirida «Tolibon» harakati vakili Muhammad Naim Afg‘onistondagi urush yakunlanganligi haqida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda RBK.

«Biz Afg‘onistonning barcha arboblari bilan muloqot olib borishga va ularga zarur himoyani kafolatlashga tayyormiz», — deya qo‘shimcha qildi Naim.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Tolibon» har bir qadamini «mas’uliyat bilan bosadi va barcha tomonlar bilan tinch munosabatlarni saqlash niyatida».

«Biz intilganimizga — mamlakatimiz ozodligi va xalqimizning mustaqilligiga erishdik», — deya qo‘shimcha qildi u. Unga ko‘ra, guruh Afg‘oniston hududidan boshqa davlatlarga hujum qilish uchun foydalanishga yo‘l qo‘ymaydi va boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaydi. Naim, shuningdek, xalqaro muammolarni muloqot orqali hal qilishga tayyorligini bildirdi.

Twitter`da «Tolibon» vakili Afg‘oniston poytaxti guruh nazoratiga o‘tishi chet el fuqarolari va diplomatik vakolatxonalar uchun xavf tug‘dirmasligi haqida ta’kidlab, xalqaro muammolarni muloqot orqali hal qilishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek u «Tolibon» vakillari alohida yashashni istamasligi, Afg‘onistonda yangi hukumatning turi va shakli tez orada aniq bo‘lishini aytib o‘tdi. «Xudoga shukur, mamlakatda urush tugadi», — dedi u.

«Kobulda bo‘lgan har bir kishi bizga ishonishi mumkin va Islom Amirligi („Tolibon“ davlatining nomi) kuchlariga Kobul va mamlakatning boshqa shaharlarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatma berilgan», — deyiladi xabarda.

15 avgust kuni ertalab toliblarning hujumi haqidagi xabarlar ortidan AQSh hukumati o‘z diplomatlarining Kobuldan zudlik bilan evakuatsiya qilinishi haqida e’lon qildi. The New York Times ma’lumotlariga ko‘ra, AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzad toliblarni Amerika fuqarolari evakuatsiyasi tugagunga qadar shaharga kirmaslikka chaqirdi. Ularning Kobuldagi soni taxminan 10 ming nafarni tashkil etadi.

Shanba kuni «Tolibon» harakati Afg‘oniston shimoli-g‘arbidagi Balx provinsiyasi ma’muriy markazi Mozori-Sharif shahri qo‘lga olingani haqida e’lon qildi. Keyinroq toliblar Jalolobodni nazoratiga olib, Kobul qamalini boshlagan edi.