«Tolibon» harakati Afg‘oniston poytaxtiga barcha yo‘nalishlardan hujum qilmoqda. Bu haqda Reuters agentligi Afg‘oniston IIV vakiliga tayanib xabar qildi.

Keyinroq Afg‘oniston ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Abdul Sattar Mirzakval Tolo News telekanali efirida Kobulga hujum qilinmayotgani, hokimiyat tinch yo‘l bilan o‘tishini ma’lum qildi.

«Tolibon» Afg‘oniston poytaxti Kobulni tark etishni xohlagan barchaga chiqish huquqini ta’minlaydi, deya xabar qildi Al Arabiya telekanali toliblar bayonotiga tayangan holda. Harakat aholini o‘z uylarini tark etmaslikka, hukumat amaldorlarini esa oilasi bilan mamlakatni tark etmaslikka chaqirmoqda. «Tolibon» hukumat armiyasi harbiy xizmatchilariga amnistiya, xususiy shaxslar va davlat mol-mulklari daxlsizligini va’da qildi.

Kobulda bo‘lgan chet elliklarga shaharni tark etish yoki «Tolibon» vakillari huzurida ro‘yxatdan o‘tish taklif etildi.

Bundan tashqari, toliblar Afg‘onistonning yana ikki provinsiyasi — Bamian va Kapisa markazlari, shuningdek, avvalroq AQSh afg‘on harbiylariga topshirgan yirik Bagram aviabazasi ham qo‘lga kiritilganini ma’lum qildi, deya qayd etdi BBC.

Al Arabiya telekanali manbalariga ko‘ra, Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani yaqin bir necha soatda vakolatini topshiradi. Reuters diplomatik manbalariga tayanib yozishicha, Afg‘onistonning sobiq ichki ishlar vaziri Ali Ahmad Jilali hokimiyatni topshirish organi rahbari etib tayinlangan.

Kobuldagi Amerika elchixonasi ustidagi vertolyot. Yakshanba, 2021 yil 15 avgust. AP saytidan skrinshot.

Meduza bir oy muqaddam AQSh prezidenti Jo Bayden toliblar Kobul ustidan nazoratni qo‘lga ololmasligini ma’lum qilganini yozdi. Besh kun muqaddam Amerika razvedkasi harakat jangarilari Afg‘oniston poytaxtini qurshovga olish uchun bir oy, uni to‘liq qo‘lga olish uchun esa uch oy kerak, deb hisoblashi xabar qilingan edi. O‘shanda Jo Bayden Afg‘onistondagi vaziyatni 1975 yildagi hodisalar bilan taqqoslab bo‘lmasligini aytgandi. O‘shanda Amerika fuqarolari Saygondan havo orqali evakuatsiya qilingan edi.

«„Tolibon“ — bu Shimoliy Vetnam armiyasi emas. Ular bunday imkoniyatlarga yaqinlasholmaydilar ham. Siz Afg‘onistondagi AQSh elchixonasi tomidan odamlarni olayotganlarini ko‘rmaysiz. Bu taqqoslanadigan vaziyat emas», — degan edi u.

15 avgust kuni ertalab toliblarning hujumi haqidagi xabarlar ortidan AQSh hukumati o‘z diplomatlari Kobuldan zudlik bilan evakuatsiya qilinishi haqida e’lon qildi. The New York Times ma’lumotlariga ko‘ra, AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzad toliblarni Amerika fuqarolari evakuatsiyasi tugagunga qadar shaharga kirmaslikka chaqirdi. Ularning Kobuldagi soni taxminan 10 ming nafarni tashkil etadi.

Shanba kuni «Tolibon» harakati Afg‘oniston shimoli-g‘arbidagi Balx provinsiyasi ma’muriy markazi Mozori Sharif shahri qo‘lga olingani haqida e’lon qildi. Keyinroq toliblar Jalolobodni nazoratiga olib, Kobul qurshovini boshladi.