«Gazeta.uz» mutaxassislarga koronavirusga qarshi emlanish bo‘yicha asosiy savollarni berishda davom etmoqda.

Molekulyar genetik, biotexnolog, biologiya fanlari doktori va O‘zbekiston innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi ilg‘or texnologiyalar markazi direktori o‘rinbosari Alisher Abdullayev homilador ayollar koronavirusga qarshi vaksina olishi mumkinmi va koronavirusning homiladorlar uchun xavfi haqida gapirib berdi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Alisher Abdullayev koronavirusdan tuzalgan odam nega vaksina olishi kerakligi hamda vaksinalar dozasi orasidagi interval qancha bo‘lishi kerakligi haqida gapirgan edi.

— ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining homilador ayollar va homilaga ta’siri o‘rganilmoqdami?

— Bilishim bo‘yicha, biz hali homilador ayollarni emlamaganmiz.

— Nima deb o‘ylaysiz, ushbu vaksina bilan homilador ayollarni emlash mumkinmi?

— Mening shaxsiy fikrim shuki, tadqiqotlar olib borilayotgan paytda emlamay turish kerak. Dorini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotganlar homilador ayollarga vaksina olish mumkin deyishsa, o‘shanda mumkin. Menga hozircha zarari bo‘lmaydigandek tuyulyapti.

— Agar zarari bo‘lmasa, unda nima sababga ko‘ra mumkin emas?

— Biz birinchi navbatda homilador bo‘lmaganlarda ushbu vaksinaning samaradorligini baholashimiz kerak. Yetarlicha ma’lumot to‘planganidan so‘ng, vaksinani ishlab chiqaruvchilar homilador ayollarni emlash mumkinligi haqida qaror qabul qilishlari mumkin.

— Vaksina homilador hayvonlarda tekshiruvdan o‘tganmi?

— Albatta, o‘tgan. Ammo ularda holat umuman boshqacha. Siz hayvonlardan faqat biokimyoviy ko‘rsatkichlarni olishingiz mumkin, lekin siz ularning asl holatini o‘zlaridan so‘rab bila olmaysiz. Ko‘rsatkichlar yaxshi. Ammo homilador hayvonlar va homilador ayollardagi fiziologik jarayonlar homilador bo‘lmaganlarnikidan farq qiladi.

Ayol organizmi homilani begona organizm sifatida qabul qiladi. Onani homiladorlik davridan eson-omon o‘tishi va bolaning kerakli muddatgacha qorinda qolishi uchun homilador ayol tanasida homilaga nisbatan tolerantlik paydo bo‘ladi. Agar tolerantlik shakllanmasa, unda homila nobud bo‘lishi mumkin. Ko‘pincha bu salbiy hodisa hisoblanadi.

Shuning uchun homilador ayollarning organizmida sodir bo‘ladigan biokimyoviy o‘zgarishlar bolaning normal shakllanishiga va sog‘lom tug‘ilishiga yordam beradi. Shunga ko‘ra, biz hali ayol organizmida sodir bo‘ladigan o‘zgarishlar vaksina samaradorligiga qanday ta’sir qilishi mumkinligini bilmaymiz. Homilador ayolga vaksina qilinsa, u samarali bo‘lmasligi mumkin, yoki biror jiddiy reaksiyani yuzaga keltirishi mumkin.

— Koronavirus homilador ayollar uchun xavflimi? Homilador bo‘lmaganlarga nisbatan homilador ayollar uchun xavfliroqmi?

— Men shifokor emasman, shuning uchun aniq bir narsa deya olmayman. Lekin bilishimcha, ha. Homiladorlik paytida ayol organizmi zaiflashadi. Koronavirus bilan kasallanish ona va bola uchun jiddiy sinov. Ayniqsa, yuqori harorat homila uchun juda xavflidir.