«Jizzaxliklar» Telegram-kanalida «Daydi itlarga kim chora ko‘radi?» sarlavhasi ostida murojaat e’lon qilingan. Unda Jizzax shahridagi Olmazor MFYda daydi itlar ko‘payib ketgani, o‘ntalab itlar daydib yurgani aytilgan.

«Kechasi umuman tinchlik yo‘q, kechqurun ko‘chadan o‘tgan odamni talash xolatlari ham kuzatildi, mahalla raisi va o‘rinbosarlariga hamda Obodonlashtirishga qayta qayta murojaat qilindi, ammo muammoni xal qilish o‘rniga hamma joyga margumish tashlab chiqinglar degan javob berildi», deyiladi murojaatda.

Ecologuz Telegram-kanalida qayd etilishicha, ushbu holatdan keyin 8-avgust kuni tongi 05:00 da daydi itlar Obodonlashtirish boshqarmasi «it ovlov brigadasi» tomonidan mazkur hududdagi 7 ta uysiz, och, mehrga zor itlar vahshiylarcha otib o‘ldirilgan.

«Ular [Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari] itlarni urmasdan, qiynamasdan tutib, ularni 5 kun saqlashlari va veterinariya ko‘rigidan o‘tkazishlari lozim», — deyiladi xabarda.

«Jizzaxliklar» Telegram-kanalida qoldirilgan murojaatda shahardagi boshqa manzillarda (Gorod, Oqqo‘rg‘onlik, Hamid Olimjon va boshqalar) ham daydi itlarga chora ko‘rish so‘ralgan.

Eslatib o‘tamiz, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasiga ko‘ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish ularning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, xuddi shuningdek hayvonlarni qiynash, BHMning bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.