Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda 2021 yilning dastlabki 6 oyida har 100 ming aholi soniga 132 ta jinoyat to‘g‘ri kelganligini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, dastlabki yanvar-iyun oylarida 2017 yilning birinchi yarim yilligiga nisbatan qariyb ikki baravar ko‘p (8592 — 15 321) jinoyatlar aniqlangan.

Xususan, 6 oy yakuniga ko‘ra, respublikadagi 9251 ta mahalladan 4559 tasida (49,3%) birorta ham jinoyat sodir etilmagan.

Jami qayd etilgan 45 ming 630 ta jinoyatning 15 881 tasi yoki 34,8 foizi avvalgi yillarda sodir etilib, joriy yilda hisobga qo‘yilgan.

Shuningdek, 15 434 ta jinoyat (jami 45 ming 630 tadan 33,8%) IIB xodimlarining tashabbusi bilan aniqlangan. Shunday jinoyatlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 71,4 foizga (9 004 tadan 15 434 taga) yaxshilangan.

IIB xodimlari tomonidan:

  • 548 ta korrupsiyaviy, 99 ta odam savdosi va 322 ta kiberjinoyatlar fosh etildi, 368 kg narkotik vositalari, 55 dona o‘qotar qurol va 212 dona o‘q-dorilarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan;
  • avvalgi yillardan ochilmasdan qolgan 3 833 ta jinoyat fosh etildi, qidiruvdagi 1 888 nafar shaxs ushlandi, bedarak yo‘qolgan 263 nafar shaxs topilgan.

«Gazeta.uz» avvalroq 2021 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda 45 mingdan ortiq jinoyatlar sodir etilib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 111,9 foizga oshganligi haqida xabar bergan edi.