9 avgust kuni kechqurun Toshkentdagi xalqaro aeroportda Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan sportchilarni kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan bosh vazir Abdulla Aripov musobaqalar davomida o‘zbekistonlik bokschilarga nisbatan adolatsizlik bo‘lganligini ta’kidladi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

«Aytmasam bo‘lmaydi, baribir ichimda qolib ketadi bo‘lmasa. Men shu yoshga kirib, hech qachon hakamlikda bunaqangi adolatsizlikni ko‘rmaganman lekin. Ming afsus, Miraziz Mirhalilov, Tursunoy Rahimovalar shunday yutgan joyida nomardlarcha g‘alabani boshqa raqibiga berib yuborish — men bilmayman bu qanaqa odamlar bo‘lishi mumkin. O‘sha odamlar butun xalqimizning g‘azabiga duch keldi», — dedi hukumat rahbari.

Abdulla Aripov shunga qaramasdan o‘zbekistonlik sportchilar g‘alaba bilan qaytishganini qayd etdi.

«Bokschilarimiz bunaqangi nomardlarcha bo‘lgan hakamlikka ham bardosh berib, o‘zining bor irodasini bir mushtga yig‘ib, shunday zo‘r g‘alabalarga erishib qaytib kelishdi. Rahmat sizlarga».

«Har xil nokas hakamlarning niyati shu ediki, Rioda (2016 yil yozgi Olimpiya o‘yinlarida — tahr.) o‘zini ko‘rsatgan bokschilarimizni shu bahslardan keyin „irodasi sinib ketadi“ deb o‘ylagandi. Maqsadi ham o‘zi shu edi. Lekin Ulug‘bek Rashitov, Akbar Jo‘rayev va nihoyat oxirgi kuni Bahodir Jalolovlar hurmatli prezidentimizga 2019 yil Mustaqillik kunida bergan va’dasini bajardi», — dedi bosh vazir.

Abdulla Aripov musobaqada g‘alaba qozonolmagan sportchilarga tushkunlikka tushmaslikni va 2024 yil Parijda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiada o‘yinlarida o‘zlarini ko‘rsatishlari mumkinligini uqtirdi.

«Barbir Miraziz [Mirhalilov] ham, Tursunoy [Rahimova] ham, boshqa sportchilarimiz ham xafa bo‘lishlari kerak emas, hali oldimizda Parij bor. Parijda hali bor kuchinglarni, imkoniyatinglarni, g‘ururinglarni, haqiqiy O‘zbekistonning vakili ekanliginglarni ko‘rsatishga oldimizda imkon bor», — dedi hukumat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi (MOQ) ikki boks jangidagi hakamlik va ular natijalari yuzasidan Tokiodagi Olimpiya o‘yinlari maxsus komissiyasiga murojaat qilgan edi. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari Mirazizbek Mirzaxalilov va Tursunoy Rahimova o‘tkazgan janglar natijalaridan norozilik bildirgan edi.