Turkiston shahriga kiraverishda O‘zbekiston tomonidan masjid qurilmoqda, deya xabar berdi Turkiston viloyati hokimligi matbuot xizmati.

«Bunday diqqatga sazovor joyning qurilishi qo‘shni O‘zbekistonning Turkistonga sovg‘asi bo‘lib, uni kelasi yili yakunlash rejalashtirilgan. Arxitekturasi o‘ziga xos bo‘lgan Islom markazining ichki va tashqi bezaklari sharqona uslubda amalga oshirilgan», — deyiladi xabarda.

Yangi masjid 5 ming kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, umumiy maydoni 20000 kvadrat metrni tashkil qiladi.

Qayd etilishicha, masjid poydevorini mustahkamlash uchun uning o‘ziga xos texnologiyasi ishlab chiqilgan.

Aprel oyida O‘zbekiston Tog‘li Qorabog‘da maktab qurishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edik. Hududdagi tiklanishi lozim bo‘lgan obyektlar ro‘yxati belgilanib, ularni rekonstruksiya qilishga o‘zbekistonlik quruvchilar jalb qilinishi aytilgan edi.

Shuningdek, iyun oyida O‘zbekiston ko‘magi bilan Qirg‘izistonning Botken va Leylek tumanlarida 400 va 300 o‘rinli maktablar qurilishi haqida ma’lum qilingan edi. Ular 2021 yilda — yangi o‘quv yiliga qadar foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.