Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi Ijtimoiy tarmoqlarda «Bizni qul qilib sotib yuborganmisizlar?» sarlavha ostida e’lon qilingan videomurojaat bo‘yicha o‘rganish olib borishi haqida xabar berilgan edi. Qo‘mita tomonidan ushbu masala yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga so‘rov ham yuborilgan.

O‘rganish natijalarida aniqlanishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Rossiyaning Karachayevo-Cherkesiya Respublikasidagi «Yujnыy Agrokombinat» AJ o‘rtasida 2021 yil 14 iyun kuni kelishuv shartnomasi imzolangan.

Shartnoma shartlariga muvofiq, 400 nafar fuqaro qishloq xo‘jaligi sohasida ishlashi uchun ish beruvchi tomonidan tanlab olinishi, ishga jalb qilinishi va ularing oylik maoshlari 33 ming rubldan 50 ming rublgacha tashkil etishi belgilangan.

Fuqarolarning aviachipta va hujjatlarni rasmiylashtirish (patent) xarajatlari ish beruvchi hisobidan to‘langan, ushbu xarajatlar keyinchalik fuqarolarning oylik maoshlaridan qisman ushlab qolinishi kelishilgan. Agarda fuqarolar 1 yil ishlasa, ushlab qolingan xarajatlar ish beruvchi tomonidan to‘liq qoplab berilishi aytilgan.

Joriy yilning 16 iyun kuni ish beruvchi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Andijon viloyati filiali tomonidan 150 nafar fuqaro tanlab olingan. 23 iyun kuni ularning 63 nafari, 29 iyun kuni 22 nafari, 4 iyul kuni 16 nafari va 5 iyul kuni 42 nafari «Yujnыy Agrokombinat» AJga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yuborilgan.

Fuqarolar ish joyiga yetib borganidan so‘ng, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga telefon orqali mehnat va yashash sharoitlari noqulayligi hamda pasport hujjatlari ish beruvchi tomonidan olib ko‘yilgani to‘g‘risida bir qator murojaatlar kelib tushgan.

Shu sababli, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i o‘rinbosari boshchiligida Ishchi guruh tuzilib, 14 iyul kuni Rossiyadagi mazkur korxonaga borgan.

Ishchi guruh korxona rahbariyati va fuqarolar bilan uchrashib, ularning murojaatlarida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha muzokara olib borgan. «Ish beruvchi fuqarolarning pasportlari migratsion qaydga qo‘yish va ishlash uchun patent rasmiylashtirish maqsadida olinganлиги hamda fuqarolarning birinchi talabi bilan qaytarib berilishi ma’lum qilindi», deyiladi xabarda.

Korxona rahbari o‘zbekistonlik ishchilar bilan mehnat munosabatlarini qonunga muvofiq rasmiylashtirishi, barcha sharoitlarni yaratib berishi hamda bugungi kunda yana 500 nafar qo‘shimcha ishchi kuchi jalb qilish rejasi borligini ma’lum qilgan.

Hozirgi kunda mazkur korxonada 155 nafar O‘zbekiston fuqarosi mehnat faoliyatini amalga oshirayotgani, shundan 46 nafari 2019 yildan buyon Samarqand viloyatidan kelib ishlayotgani va 109 nafari Andijon viloyatidan shu yilning iyulida kelgani aniqlangan.

«Ishchi guruh korxona rahbariyati bilan O‘zbekiston fuqarolarining yashash va mehnat sharoitlarini yaxshilash, oylik maoshlarini o‘z vaqtida to‘lab berish hamda hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonini tezlashtirish bo‘yicha kelishuv dalolatnomasini rasmiylashtirgan», — deyiladi Senat xabarida.

Korxonada ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolariga ushbu kelishuvning mazmun-mohiyati, oylik maoshlarini to‘lash tartibi, ish vaqti va hujjatlar rasmiylashtirish jarayonlari tushuntirilgan. Jumladan, fuqarolar videomurojaatida aytib o‘tilgan 125−130 rubl maosh bir kunlik emas, balki bir soatlik ish haqi ekanligi ma’lum qilingan.

Videomurojaat fuqarolarning birinchi ish kunida olingani va bir soatga to‘lanadigan ish haqi bir kunga beriladi deb, noto‘g‘ri tushunilgani aytilmoqda.

Bugungi kunda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va uning Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi tomonidan ushbu korxonada faoliyat olib borayotgan fuqarolar bilan muntazam ravishda aloqa o‘rnatilib, ularning yashash va ishlash sharoitlari doimiy nazoratga olingan. Ishchi guruh 29 iyul kuni korxonaga takroran yuborilgan.

Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda yukoridagi videomurojaat joylashtirilganidan bir kun o‘tib uning muallifi N.Nazirov tomonidan murojaatdagi vajlar asossizligi va anglashilmovchiliklar bo‘lgani to‘g‘risidagi murojaat ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgani aytilmoqda.

Shu bilan birga, fuqarolarni tashkiliy ishga joylashtirish jarayonida kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi sababli Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Andijon filiali rahbari Ulug‘bek Yuldoshev bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan.