Turkiyadagi o‘rmon yong‘inlarida «Olov bolalari» tashkiloti gumon qilinmoqda

Turkiyada terrorchi deb topilgan va taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) bilan aloqador «Olov bolalari» guruhi mamlakatdagi yong‘inlar munosabati bilan bayonot berdi. Mamlakat OAVning xabariga ko‘ra, tashkilot o‘z bayonotida «turk rejimi boshqa tilni tushunmaydi», deb aytgan, shuning uchun ular «olov bilan tiz cho‘ktirishga» qaror qilishgan. Shu bilan birga, «Yeni Safak» nashri «Olov bolalari» o‘t qo‘yish uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi, deb da’vo qilmoqda. «Daily Sabah» esa tashkilotning yong‘inlarga aloqasi borligini aniq ko‘rsatmasdan, «balki tarafdorlarini chora ko‘rishga chaqirmoqda», deya ta’kidlagan.

Ta’kidlanishicha, «Olov bolalari»ning Turkiyadagi o‘rmon yong‘inlari bilan bog‘liq gumon markaziga tushib qolgan birinchi holat emas. Daily Sabah’ning yozishicha, 2020 yil oktyabr oyida sodir bo‘lgan yong‘inlarda, o‘t qo‘yish hujumlarini qo‘llab-quvvatlagan tashkilot a’zolarining hibsga olinishi kuzatilgan.

Turkiya prezidenti Toyyip Erdog‘an 31 iyul kuni mamlakatdagi o‘rmonlarni yoqishda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan gumonlanuvchi shaxs hibsga olingani haqida e’lon qilgan edi. Bundan avval, mamlakat rasmiylari respublikada taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasi tomonidan o‘t qo‘yish va sabotaj qilish ehtimoli istisno qilinmayotgani haqida ta’kidlagan edilar.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiya favqulodda xizmatlari 107 ta o‘rmon yong‘inlari bilan bog‘liq vaziyatni nazoratga olishga muvaffaq bo‘lgan. Hammasi bo‘lib, 28 iyuldan buyon Turkiyaning 32 viloyatida olov o‘choqlari qayd etilgan. Yong‘inlar natijasida 6 kishi halok bo‘ldi, 400 dan ortiq kishi jarohatlandi.


Litva Belarus bilan chegaradagi postlar noqonuniy muhojirlar bilan to‘lib ketganini aytmoqda

Litvaning Belarus bilan chegara hududlarida joylashgan chegara postlari, qo‘shni Belursdan mamlakatga Osiyo va Afrikadan kirib kelgan noqonuniy muhojirlar bilan to‘lib ketgan. Bu haqda Litva IIV huzuridagi Davlat chegara xizmati boshlig‘i general Rustamas Lyubayevas ma’lum qildi. «Chegara postlarida muhojirlarni joylashtirish uchun boshqa joy qolmagan» — dedi u. Yil boshidan beri Litva-Belarus chegarasida 3832 nafar noqonuniy muhojir ushlangan. Bu butun 2020 yilga nisbatan deyarli 50 barobar ko‘pdir.

Ta’kidlanishicha, muhojirlar uchun 200 dona konteyner ijaraga olinishi rejalashtirilgan. «Uch yilga tuzilgan shartnomada 900 kishiga mo‘ljallangan 200 ta konteynerni ijaraga olish ko‘zda tutilgan», — dedi chegara xizmati vakili Gedryus Mishutis. Ijara agentlikka 5,4 mln yevroga tushadi.

May oyi oxirida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko «mamlakat noqonuniy muhojirlarni qo‘shni davlatga o‘tkazishda to‘siq bo‘lib xizmat qilgan, biroq G‘arbning siyosiy bosimini hisobga olgan holda, Minskda buni davom ettirishga arziydimi, degan savol tug‘ilishi mumkin», deya aytgan edi.


Ruhoniy prezidentlik davridagi xatolar uchun Eron xalqidan kechirim so‘radi

Eron prezidenti lavozimini tark etayotgan Hasan Ruhoniy rahbarlik qilgan yillardagi hukumatning xato harakatlari uchun mamlakat xalqidan kechirim so‘radi. Bu haqda TASS 1 avgust kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasining yig‘ilishiga tayanib xabar bermoqda.

«Biz [siyosatimizda] xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qildik. Ammo, agar ular bo‘lgan bo‘lsa, men buning uchun xalqdan kechirim so‘ramoqchiman», — dedi u.

Ruhoniyning so‘zlariga ko‘ra, «aholi turmush darajasidagi vaziyatdan norozi va bu o‘z haqiqatiga ega». «Ammo biz iqtisodiy urush holatida bo‘lganimizni tushunishimiz kerak (AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp davrida joriy etilgan sanksiyalar haqida) va shu nuqtai nazardan, nima qilishimiz mumkinligiga qarash kerak», deya qo‘shimcha qildi u.

Eronning yangi prezidenti Ibrohim Raisining inauguratsiyasi 5 avgustda bo‘lib o‘tadi.


Afg‘oniston mojarosi bo‘yicha so‘nggi yangiliklar

  • Germaniya hukumati vakillari 31 iyul kuni Dohada «Tolibon» harakati a’zolari bilan yashirin uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda manbalarga tayangan holda Bild nashri xabar berdi. Nashrning yozishicha, muzokaralarda Germaniyaning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili Yasper Vik qatnashgan. Ta’kidlanishicha, u yerda mamlakatdagi nemis gumanitar xodimlarining xavfsizlik kafolatlari va Afg‘onistondagi xalqaro operatsiyada qatnashish vaqtida Bundesver va Germaniya Federal politsiyasiga yordam bergan afg‘onlarning holati muhokama qilingan. Hozirda Afg‘onistonda Germaniya tomoni bilan hamkorlik qilgan 700 ga yaqin mahalliy aholi bor, ularning 500 ga yaqini Germaniyaga ketish istagini bildirgan. Bild’ning yozishicha, Germaniya TIV «Tolibon» bilan muzokaralarni tasdiqlagan.
  • Afg‘oniston milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlari bo‘linmalari 1−2 avgust kunlari 455 «Tolibon» jangarisini yo‘q qildi va 232 kishini yaraladi.
  • Toliblar Afg‘oniston g‘arbidagi BMT qarorgohiga qayta hujum qildi, deya yozmoqda TASS. Voqea tafsilotlari keltirilmagan. Avvalroq Hirot shahrida BMT missiyasiga hujum qilingani haqida xabar bergan edik.
  • «Tolibon» harakati Afg‘onistonda hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olgan taqdirda, Yevropa Ittifoqi yangi hukumatni tan olmaydi. Bu haqda hamjamiyatning mintaqadagi maxsus vakili Tomas Niklasson ma’lum qildi. «Agar toliblar [Afg‘onistondagi] hokimiyatni harbiy yo‘l bilan qo‘lga kirita olsa, uni na Yevropa Ittifoqi, na aksariyat mintaqa davlatlari tan olmaydi», — dedi u. Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, voqealarning bunday rivojlanishi bilan Yevropa Ittifoqi Afg‘onistonga yordam berishni to‘xtatadi, bu esa mamlakatning izolyatsiyasiga olib kelishi mumkin.
  • Rossiya Federatsiyasi Afg‘oniston bilan chegara yaqinida harbiy xizmatchilar sonini 1,8 ming kishiga yetkazdi.

Shuningdek:

  • «Kumtor» loyihasini amalga oshirishdagi korrupsiya faktlarini tergov qilish doirasida qidiruvga berilgan Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Askar Akayev Bishkekka olib kelindi.
  • Nikol Pashinyan Armaniston bosh vaziri etib tayinlandi.
  • BAA Sog‘liqni saqlash va profilaktika vazirligi Xitoyning Sinopharm kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan vaksinasidan 3 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan bolalarda kasallikning oldini olish uchun foydalanishni ma’qulladi.
  • G‘azo sektorini nazorat qilayotgan Islomiy qarshilik harakati (HAMAS) rahbariyati Ismoil Haniyani tashkilotning Siyosiy byurosi rahbari etib qayta sayladi. 58 yoshli Haniya 2025 yilgacha HAMAS siyosiy byurosiga rahbarlik qiladi. U bu lavozimga 2017 yilda saylangan edi.
  • Myanma Davlat ma’muriy kengashi mamlakat muvaqqat hukumati tuzilishini e’lon qildi. Myanma qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni, katta general Min Aun Xlayn bosh vazir lavozimini egalladi. 2023 yilning ikkinchi yarmida mamlakatda yangi saylovlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
  • Madagaskar hukumati amaldagi prezident Andri Radzuelinaga suiqasd uyushtirishda va hukumatni to‘ntarishda ayblab 21 kishini, shu jumladan 12 harbiy xizmatchini hibsga oldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hibsga olinganlar orasida armiya va jandarmning besh nafar generali, shuningdek, to‘rt nafar xorijlik, jumladan, Fransiya fuqarolari bor.
  • Avstraliyadagi huquq-tartibot idoralari mamlakat hukumatini to‘ntarib, amaldorlar va federal parlament a’zolarini hibsga olishni rejalashtirgan jinoiy guruh faoliyatini to‘xtatdi.