Afg‘onistonning Hirot shahrida BMT missiyasiga hujum qilindi

Bir afg‘on politsiyachisi o‘ldirildi va bir necha kishi yaralandi. Bayonotda «BMTning biron bir xodimi jarohat olmaganligi» ta’kidlangan. 30 iyul kuni BMT missiyasiga olib boruvchi yo‘ldagi nazorat-o‘tkazish punkti o‘qqa tutildi, hujumchilar raketalardan ham foydalanishdi. BMTda ta’kidlanishicha, «hujum hukumatga qarshi elementlar tomonidan uyushtirilgan».

Tashkilot «xalqaro huquq normalariga muvofiq BMTning fuqarolik xodimlariga hujum qilish taqiqlanganligi, ularni harbiy jinoyatlar deb hisoblash mumkin» deb esladi. BMTning Afg‘onistondagi vakolatxonasiga ko‘ra, juma kuni erta tongda Hirot yaqinida Tolibon va hukumat qo‘shinlari o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lgan. — Interfaks.

Shuningdek: AQSh mamlakat harbiy kuchlari bilan ishlagan afg‘onlarni evakuatsiya qilishni boshladi.


Belarusda namoyishlardan so‘ng deyarli 4,7 ming jinoiy ish ochildi

Belarus Tergov qo‘mitasi 2020 yilgi prezidentlik saylovlaridan keyin norozilik namoyishlari bilan bog‘liq 4691 ta jinoiy ish ochgan. Ta’kidlanishicha, eng ko‘p jinoyatlar mamlakat JKning 341-moddasi (binolarni tahqirlash va mulkka zarar yetkazish) va 369-moddasi (hukumat vakilini haqorat qilish) bo‘yicha sodir etilgan. 857 ta shunday ish bo‘yicha tergov yakunlandi, shundan 1184 ta jinoyat bo‘yicha 825 ta jinoyat ishi sudga yuborish uchun prokurorga o‘tkazildi.

Tergov qo‘mitasi rahbari Dmitriy Goraning aytishicha, Tergov qo‘mitasi manfaatdor organlar bilan birgalikda «radikallarni, ekstremistlarni, mamlakat suvereniteti va jamoat xavfsizligiga tajovuz qilganlarni aniqlash va ta’qib qilishni davom ettiradi». «Bunday shaxslarning javobgarligi muqarrar. Bu Tergov qo‘mitasining prinsipial pozitsiyasi bo‘lgan va bo‘ladi», deya qo‘shimcha qildi u. — Interfaks.

Shuningdek: Belarus Davlat xavfsizligi qo‘mitasi mamlakatning to‘rtta hududida teraktlar tayyorlanishi haqida ma’lum qildi. «Qo‘mita hozirda chet elda Minsk shahri, Minsk, Grodno va Brest viloyatlarida bir qator (teraktlar — tahr.) uyushtirish rejalashtirilayotgani to‘g‘risida ishonchli ma’lumotga ega. Mijozlar va ijrochilar bizga ma’lum, ularning jinoiy harakatlarini hujjatlashtirish va oldini olish bo‘yicha ishlar faol davom etmoqda», — dedi qo‘mita rahbari Ivan Tertel. Shuningdek, rahbar «alohida G‘arb davlatlarining maxsus xizmatlari terrorchilarning rejalari to‘g‘risida xabardor, ammo ular o‘z hududlarida faoliyatini lokalizatsiya qilish choralarini ko‘rmayapti», deb ta’kidladi.


KXDR rahbari armiyani jangovar tayyorgarlikni oshirishga chaqirdi

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In «dushman kuchlarni» «tajovuz uchun qat’iyatli harbiy mashg‘ulotlar»ni kuchaytirganlikda ayblab, armiyani jangovar samaradorlikni oshirish uchun barcha sa’y-harakatlarni qilishga chaqirdi. «Hozirgi vaqtda dushman kuchlari muntazam ravishda KXDRga qarshi oldindan zarba berish uchun o‘z imkoniyatlarini oshirishda davom etmoqdalar, qurol-yarog‘ to‘plamoqdalar, shu bilan birga, tajovuzlik uchun har qanday qat’iyatli harbiy mashqlarni faollashtirmoqdalar», — dedi u. Kim Chen In barcha harbiy va siyosiy xodimlarni o‘z bo‘linmalarining jangovar samaradorligini oshirish uchun bor kuchini sarflashga chaqirdi. Shuningdek, KXDR rahbari askarlarni o‘z hayotlarini Shimoliy Koreya xalqi va mol-mulkini himoya qilishga bag‘ishlashga chaqirdi. — TASS.

Pxenyan an’anaviy ravishda Janubiy Koreya va AQSh qurolli kuchlarining birgalikdagi mashg‘ulotlarini qoralab, ularni KXDRga bostirib kirish mashqlari deb ataydi.


Tokio yaqinidagi uchta prefekturada favqulodda holat rejimi joriy etildi

Yaponiya hukumati COVID-19 bilan kasallanish holatlarining ko‘payishi tufayli Tokio yaqinida joylashgan uchta prefekturada favqulodda rejim joriy etilishini e’lon qildi. Gap Sayama, Chiba va Kanagava prefekturalari haqida ketmoqda. «Infeksiya Tokio va g‘arbiy shaharlarda biz ko‘rmagan tezlikda tarqalmoqda», — dedi Yaponiya bosh vaziri Yosixide Suga. Bundan tashqari, Osaka prefekturasi hududida ham favqulodda holat rejimi joriy qilingan. U 2 avgustdan 31 avgustgacha davom etadi. — VVS.

Shuningdek: Avgust oyi boshida Filippin poytaxti Manila va uning atrofidagi shaharlari koronavirusning «delta» shtammi ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun yopiladi. Cheklovlar kuchaytiriladi.


Saudiya Arabistoni 1 avgustdan boshlab koronavirusga qarshi emlangan sayyohlarga kirishga ruxsat beradi

«2021 yil 1 avgustdan boshlab [koronavirusga] qarshi emlangan sayyohlik vizalari egalari uchun qirollikka kirishga qo‘yilgan cheklov olib tashlanadi. Ularga emlash sertifikati taqdim etilganidan keyin majburiy karantindan o‘tish shart bo‘lmaydi», — deyiladi xabarda. Tashrif buyuruvchilar qirollikda ro‘yxatga olingan vaksinalar bilan to‘liq emlanishi kerak. Shuningdek, mamlakatga kelishdan 72 soat oldin sayyohlar PZR tekshiruvidan o‘tishlari kerakligi ta’kidlandi. — TASS.

Hozirda qirollikda foydalanish uchun koronavirusga qarshi to‘rtta preparat, ya’ni Moderna, Johnson & Johnson, AstraZeneca va Pfizer-BioNTech tomonidan ishlab chiqarilgan vaksinalar tasdiqlangan.


Shuningdek:

  • Isroilda 60 yoshdan oshganlarni COVID-19`ga qarshi Pfizer vaksinasining uchinchi dozasi bilan emlash ishlari boshlandi. Buning uchun fuqarolar kamida besh oy oldin ikki dozali kursni tamomlagan bo‘lishlari kerak. Hozircha Isroil revaksinatsiyani boshlagan birinchi mamlakat hisoblanadi.
  • AQSh prezidenti Jo Bayden shtatlar ma’muriyatlarini har bir emlanganga 100 dollar to‘lashga chaqirdi.