Prezident 30 iyul kuni «Oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Hujjat O‘zAda e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab respublikadagi barcha OTMlar bakalavriatining kunduzgi ta’lim shaklida va magistratura bosqichida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olish uchun ta’lim krediti ajratishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi:

  • Tijorat banklari ta’lim kreditlarini Markaziy bankning asosiy (14%) stavkasida ajratadi. Resurslar Moliya vazirligi tomonidan joylashtiriladi;
  • Ta’lim kreditining asosiy qismi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi;
  • Ta’lim kreditini rasmiylashtirishda va uning qaytarilishida talabaning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashishiga ruxsat etiladi;
  • «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kirgan oilalar farzandlaridan ta’lim krediti uchun garov va kafilliklar talab etilmaydi.

Ta’lim kreditlari bo‘yicha tijorat banklarini moliyaviy resurslar bilan ta’minlash uchun Moliya vazirligi huzurida Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi tashkil etiladi.

Jamg‘armaga Davlat byudjetidan 2021 yilda kamida 1 trln so‘m, keyingi yillarda haqiqiy talabdan kelib chiqib mablag‘lar ajratiladi.

Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga tijorat banklarining so‘rovlariga asosan ularga Markaziy bankning asosiy stavkasida ta’lim krediti ajratish uchun mazkur stavkadan 4 foiz bandga past bo‘lgan stavkada resurslar ajratiladi. MBning asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda, resurs mablag‘lari va ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkasi mutanosib ravishda pasaytiriladi, oshirilgan taqdirda esa o‘zgarishsiz qoladi.

Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi ta’lim kreditlarini ajratish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlaydi:

  • ta’lim kreditlari bo‘yicha yuzaga keladigan kredit tavakkalchiligini Moliya vazirligi va tijorat banklari o‘rtasida taqsimlash hamda jamg‘armadan ajratilgan mablag‘larning bir qismini tijorat banklari tomonidan garov depoziti sifatida qabul qilish;
  • respublikadagi davlat oliy ta’lim muassasalari, xususiy va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari hamda ularning filiallari talabalariga kontrakt to‘lovlari uchun kredit ajratish.

Shuningdek, nizom bilan jamg‘arma tomonidan ta’lim kreditlari uchun mablag‘lar ajratishda tijorat banklariga qo‘yiladigan muvofiqlik mezonlari o‘rnatiladi.