O‘tgan 6 oy davomida Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga jami 5 958 nafar fuqaro murojaat qilgan. Bu haqda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Gulnora Ma’rupova AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, murojaatlardan 5 348 nafari, ya’ni 89,7 foizi ayol, 393 nafari, ya’ni 6,6 foizi erkak va 217 nafari, ya’ni 3,6 foizi 18 yoshgacha bo‘lgan bolalardir.

Markaz xodimlari tomonidan murojaatchilarning 2383 nafariga psixologik, 2689 nafariga yuridik, 160 nafariga tibbiy va 723 nafariga boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatilgan.

Markazga eng ko‘p murojaat qilish holatlari 4 ta hududga to‘g‘ri keladi, ya’ni Toshkent shahridan 1 598 nafar, Jizzax viloyatidan 861 nafar, Namangan viloyatidan 540 nafar, Qashqadaryo viloyatidan 539 nafar fuqarolar murojaat qilgan.

Tahlillarga ko‘ra, murojaatchilarning 2 368 nafari huquqiy va psixologik maslahat olish uchun bog‘langan bo‘lib, ularning murojaatlarida zo‘ravonlikka uchrash alomatlari aniqlanmagan. 1 908 nafar murojaatchi ruhiy, 1 094 nafari jismoniy, 562 nafari iqtisodiy, 26 nafari jinsiy zo‘ravonlikka uchraganini ma’lum qilgan.

Ruhiy zo‘ravonlikka uchraganlarning 1 766 nafari, ya’ni 93 foizini ayollar tashkil etgan. Sodir etilayotgan ruhiy zo‘ravonlik asosan 1 841 ta holatda oilada, 1 353 ta holatda er-xotin o‘rtasidagi nizolar oqibatida kelib chiqqanligi aniqlangan.

Jismoniy zo‘ravonlikka uchraganlarning 1 071 nafari, ya’ni 98 foizi ayollardir. Jismoniy zo‘ravonlik 865 ta holatda er-xotin, 157 ta holatda qaynona-kelin (kuyov), 43 ta holatda ota-ona va farzand o‘rtasidagi mojarolar oqibatida sodir etilgan.