29 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Olmaliq shahriga tashrifi chog‘ida «Jurabek Laboratories» MCHJ qo‘shma korxonasida «COVID-19»ga qarshi vaksina ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Uchrashuvda xabar qilinishicha, O‘zbekistonga yana 17,9 mln doza vaksina yetib kelishi kutilmoqda:

  • Moderna — 3 mln doza (COVAX dasturi doirasida (bepul) 30 iyul kuni yetkazilmoqda);
  • Pfizer/Bio N Tech — 1,2 mln doza;
  • ZF-UZ-VAC-2001 — 12 mln doza
  • Sputnik V — 1,7 mln doza.

Shuningdek, vaksinatsiya jarayonlari uchun mamlakatga 982 ta muzlatgich va sovutgichlar hamda 545 ta kompyuterlar yetkaziladi.

Ma’lumotga ko‘ra, 2021 yilda O‘zbekistonga yetkazilgan barcha vaksinalarga 44 mln 761,5 ming AQSh dollari sarflangan. Ulardan o‘zbek-xitoy vaksinasiga $ 39 mln 100 ming, Sputnik V vaksinasiga 8,5 mln doza uchun — $3 mln 681,5 ming va AstraZeneca vaksinasiga $1 mln 980 ming sarflangan.

Qayd etish joiz, AstraZeneca vaksinasining birinchi partiyasi global SOVAX dasturi orqali, ikkinchisi esa Ozarbayjon elchixonasi ko‘magi bilan Ozarbayjondan yetkazib berilgan edi.

Bundan tashqari, Emlash.uz dasturi orqali QR-kodli yagona sertifikatlar tizimini davlatlararo tan olinish tizimi joriy etish ko‘zda tutilgan. Vaksinatsiya jarayonlarini bilan bog‘liq bo‘lgan normativ-huquqiy bazani takomillashtirilishi rejalashtirilgan.