Toshkentning Mirobod tumanida ishchi guruh tomonidan markaziy ko‘chalar, tashkilot va korxonalar peshlavhalari, e’lonlar, reklamalar matnlarining davlat tilida yozilishiga, imlo qoidalariga rioya etilishiga, shuningdek, geografik obyektlar nomlari, yo‘l belgilari va boshqa ko‘rsatkichlardagi yozuvlar davlat tilida bo‘lishiga e’tibor qaratilmoqda. Bu haqda Toshkent hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.

Xususan, Shahrisabz, Nukus, Fitrat, Mirobod, Kichik xalqa avtomobil yo‘li ko‘chalarida joylashgan tashkilotlar binolarida va reklama bannerlaridagi yozuvlarning qonun talablari asosida bo‘lishi ta’minlandi.

Shuningdek, «Yangi Qo‘yliq», «Qorasuv», «Oltinko‘l», Abdulla Avloniy, «Lolazor», «Sariko‘l», «Tolariq», Oybek mahallalari va «Mirobod dehqon bozori» AJning ma’muriyati hamda bozorda faoliyat yuritayotgan 450 nafardan ortiq tadbirkorlik subyekti bilan tashqi yozuvlar, e’lonlar va peshlavhalarni qonun talablariga muvofiqlashtirish yuzasidan tushuntirish olib borildi.

O‘rganishlar natijasida xato yozilgan 637 ta tashqi yozuvlar aniqlanib, ularning 494 tasi xorijiy tilda, 143 tasi esa xato yozilganligi ma’lum bo‘ldi. Ishchi guruhning tavsiyasiga ko‘ra, 509 ta tashqi yozuv va axborot matnlari qonunga moslashtirildi.

Xususan, «ZARINA BEAUTY SALON» peshlavhasi «Zarina go’zallik saloni», «Sloyonnaya samsa» — «Somsa», bir necha «Apteka» peshlavhalari «Dorixona», «Vsyo dlya doma» — «Hamma narsa uy uchun», «Magazin domashnыx delikatesov» — «Tansiq uy taomlari», «Salon elitnoy keramikы i santexnikы» — «Yevropa keramika va santexnika buyumlari» deb o‘zgartirildi.

Bundan tashqari Magnit, Korzinka.uz savdo majmualaridagi tashqi yozuvlar, lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali axborot matnlari lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirildi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyi boshida hukumat lotin grafikasidagi o‘zbek alfavitiga o‘tishni tezlashtirishni topshirgan edi. 1 avgustga qadar davlat organlari 1 avgustga qadar davlat organlari barcha ko‘chalar, peshlavhalar va turli blaklarning lotin yozuvida bo‘lishini ta’minlashi kerak. Oldinroq ushbu vazifani 2022 yil dekabriga qadar bajarish ko‘zlangan edi.