AQSh Iroqdagi harbiy operatsiyalardagi ishtirokini 31 dekabrga qadar tugatadi, garchi u Iroq xavfsizlik kuchlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etsa ham, deya xabar bermoqda RIA Novosti ikki mamlakat bayonotlariga tayanib.

«Delegatsiyalar yaqinda bo‘lib o‘tgan texnik muzokaralar yakunlari bo‘yicha xavfsizlik munosabatlari butunlay o‘quv mashg‘ulotlari, maslahatlashuvlar, razvedka ma’lumotlari bo‘yicha yordam va almashishga o‘tishi to‘g‘risida qaror qabul qilishdi va 2021 yil 31 dekabrigacha AQSh kuchlari harbiy rol o‘ynamasligi to‘g‘risida qaror qabul qildilar», — deyiladi AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va Iroq tashqi ishlar vaziri Fuad Xuseyn o‘rtasidagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha bayonotda.

«AQSh Iroq xavfsizlik kuchlarini, shu jumladan peshmerga (Iroq Kurdistonidagi kurd harbiylari)ni kelajakdagi tahdidlarga qarshi kurashish salohiyatini oshirishda yordam berish uchun qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish niyatida», — deyiladi bayonotda.

Bayonotda amerika qo‘shinlarining mamlakatdan olib chiqilishi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q, hozirda 2,5 mingga yaqin AQSh harbiylari Iroq hududida bor.

Dushanba kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Oq uyda Iroq bosh vaziri bilan muzokaralar olib boradi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar AQShning ushbu mamlakatdagi harbiy missiyasi tugaganligini e’lon qilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, AQSh maydan boshlab Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini bosqichma-bosqich olib chiqishni boshlagani va bu jarayonni 11 sentyabr — Xalqaro savdo markazi va Pentagon binolariga uyushtirilgan teraktlarning 20 yilligiga qadar yakunlash rejalashtirilgani haqida xabar bergan edik.

«Biz 2001 yilda Afg‘onistonga Al-Qoidani yo‘q qilish va Afg‘onistonda AQShga qarshi rejalashtirilgan terroristik hujumlarning oldini olish maqsadida borgandik. Bizning maqsadimiz aniq edi. Sababi esa adolatli edi. NATOdagi ittifoqchilarimiz va sheriklarimiz biz bilan birlashishdi. Biz ushbu maqsadga erishdik», — degan edi AQSh rahbari.